Koronavirus sabab futzal bo‘yicha Osiyo chempionati ham qoldirildi
Joriy yilning 26 fevral – 8 mart kunlari Turkmaniston davlatida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan futzal bo‘yicha Osiyo chempionati noma’lum muddatga qoldirildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bunga sabab Xitoyda keng tarqalgan koronavirus xavfi ortib borayotganidadir. Hozirda ushbu musobaqaning qaysi sanada o‘tkazilishi ma’lum emas. Tez kunlarda OFK tomonidan bunga aniqlik kiritilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, futzal bo‘yicha ushbu Osiyo chempionatida joriy yilning 12 sentyabr va 4 oktyabr kunlari Litva davlatida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati uchun yo‘llanmalar ham o‘ynaladi.
Osiyo chempionatida kuchli beshlikka kira olgan terma jamoalar Jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Bundan oldingi Jahon chempionati Kolumbiya davlatida o‘tkazilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston futzalchilari ishtirok etishgan edi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston futzal terma jamoasi mazkur musobaqaning S guruhida Bahrayn, Indoneziya va Xitoy termalariga qarshi kurash olib borishadi.