Koronavirusdan tuzalganlar soni 621 nafar, 9 bemorning ahvoli og‘ir
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi :
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 1836 bemor ro‘yxatga olingan. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 103 bemorning 30 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 2 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 66 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir. Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 145 bemordan 47 nafarida pnevmoniya klinik belgilari bor, 3 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, deb baholanyapti.
Karantin tadbirlari davom etyapti. Hozirgi vaqtga kelib, 85 mingdan ko‘proq fuqaro tibbiy kuzatuv ostiga olingan. Kasallikdan to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiya markazlariga o‘tkazilganlar soni 621 nafarni, umumiy kasallanganlar soniga nisbatan 34,4 foizni tashkil etyapti. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich bo‘lib, dunyo hamjamiyatida eng samarali davolash usullari tatbiq etilayotgan davlatlar qatorida turibmiz.
Karantin tadbirlari amalga oshirilayotgan davrni boshimizdan kechiryapmiz. Atrofda kasallikka chalinganlar yo‘qligiga hech kim kafolat berolmaydi. Shunday ekan, ko‘chaga chiqishga, muloqotga kirishishga, har xil bahona va sabablarni o‘ylab topishga urinmang. Barchamiz birgalikda tartib-intizom, sabr-qanoat bilan karantin tadbirlarini o‘taydigan bo‘lsak, kasallikni yenga olamiz.