Koronavirusga qarshi vaksina sinovi aprel oyi oxirida o‘tkaziladi
Xitoyning Fan texnologiyalari vaziri o‘rinbosari Syuy Nanpin yangi turdagi koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovi aprel oyining oxirlarida boshlanishini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda RIA Novosti.
XXR Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda vaksinaning ayrim turlari hayvonlarda sinovdan o‘tkazilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, vaksina vositasi ustida olib borilayotgan tadqiqotlar ayrim qiyinchiliklarga uchramoqda. Sababi, COVID-19 mutlaqo yangi turdagi virus bo‘lib, to‘liq o‘rganilmagan. Virus xususiyatlarini o‘rganish, ishlab chiqarish texnologiyasini joriy etish va sifatni nazorat qilish, bir qator sinovlar va xavfsizlik ekspertizasini o‘tkazish ma’lum muddat talab etadi.
JSST bergan ma’lumotga ko‘ra, uch haftadan so‘ng yangi turdagi koronavirusga qarshi dori vositasi yaratish uchun o‘tkazilgan ikki nafar klinik tadqiqotlarning natijasi ma’lum bo‘ladi. Koronavirusga qarshi kurashish dori vositasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan vosita sifatida OIV (VICh)ga qarshi vosita – lopinavir va ritonavir aralashmasi sinovdan o‘tkazilmoqda.