Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha joylar “yashil”, “sariq” va “qizil” hududlarga ajratiladi

2020 yil 7 oktyabrda Vazirlar Mahkamasining “Samarqand viloyati iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’yektlari va ko‘p kvartirali turar joy fondini 2020/2021 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash haqida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov 2020 yil 10 oktyabrda qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, viloyat iqtisodiyoti tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’yektlari va ko‘p kvartirali turar joy fondini 2020/2021 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi hamda uni muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat komissiyasi tasdiqlandi.

Endi viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi viloyatdagi xalq qabulxonasi bilan birgalikda joylardagi uy-joy kommunal xo‘jaligi infratuzilmasi va muhandislik-kommunikatsiya ob’yektlarining holati va xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha joylarni “yashil”, “sariq” va “qizil” hududlarga ajratadi.

Shuningdek:

✅ Muhandislik-kommunikatsiya ob’yektlari va texnologik uskunalarni mavsumga tayyorlash hamda ijtimoiy soha ob’yektlari, jumladan, maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari, madaniyat va sport ob’yektlarini kuz-qish davridan betalafot o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun joriy yilda mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan kamida 23,6 milliard so‘m mablag‘ ajratadi.

✅ Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda ko‘p kvartirali turar joy fondini ta’mirlash jamg‘armasi tashkil etiladi.

✅ Joylardagi “temir daftar”larga kiritilgan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar bilan alohida ishlash tizimi yaratilib, har bir sektor rahbari tomonidan sektor va mahallalar kesimida kuz-qish bo‘yicha “temir daftar” shakllantiriladi.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini amalga oshirishda birinchi navbatda kuz-qish “temir daftar”iga kiritilgan oilalarga ko‘mir, suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berish, oziq-ovqat zaxirasi va bolalarini issiq kiyim-kechak bilan ta’minlash e’tiborga olinadi.

✅ “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oilalarni kuz-qish mavsumi uchun zarur oziq-ovqat va dori-darmon zaxiralari bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.

✅ Olis va borish qiyin bo‘lgan hamda tog‘li hududlarda joylashgan va sel kelishi oqibatida yo‘llari talafot ko‘rishi ehtimoli mavjud qishloq (ovul)larda ko‘mir va suyultirilgan gaz hamda kamida 15-20 kunga yetadigan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi yaratiladi.