Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik Xalq qabulxonalari nazoratida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi topshirig‘iga asosan, Samarqand viloyatida 2019-2020 yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha shahar-tuman Xalq qabulxonalari tomonidan joylardagi ijtimoiy soha ob’yektlarida elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi ta’minoti, binolarning isitish tizimi, yoqilg‘i resurslari (ko‘mir, suyultirilgan gaz) bilan ta’minlanganligi hamda ularda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilinishi holatlari monitoring qilib borilmoqda.

Monitoring natijalariga ko‘ra, o‘tgan yilning 20 dekabr holatiga 4108 ta ob’yektlarning 2094 tasi kuz-qish mavsumiga tayyor emasligi aniqlandi. Bundan tashqari, viloyat bo‘yicha 343 ta aholi punktlariga ko‘mir va ko‘mir briketi yetkazib berishda muammolar mavjudligi aniqlandi.

Shuningdek, 789 ta tabiiy gazdan uzilgan va gaz ballon yetkazib berilishi lozim bo‘lgan aholi punktlari mavjud bo‘lib, ularda jami 651 400 ta oila istiqomat qiladi. O‘rganishlarga qaraganda, viloyat bo‘yicha 9 911 085 tonna suyultirilgan gaz ballonga ehtiyoj mavjud. 2019 yil 20 dekabr holatiga 6 172 126 tonna gaz yetkazib berilgan. Gaz ballonlarni yetkazib berish davomiyligi viloyat bo‘yicha o‘rtacha 45-50 kunni tashkil etmoqda.

Aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida uzatilishi lozim bo‘lgan soatiga 24 203 437 kVt o‘rniga amalda 15 269 871 kVt elektr energiyasi uzatilmoqda.

O‘rganishlarda viloyat bo‘yicha mavjud 1803 ta ko‘p qavatli uylarning 1405 tasi markaziy issiqlik tizimiga ulanmagani, 467 tadan 280 tasining tom qismi, 196 tasining yerto‘lalari va ulardagi muhandislik tarmoqlari ta’mirtalab, 72 tasining tashqi fasadlari va 182 tasining kirish yo‘lagi, kirish eshiklari, framugalari ta’mirtalab ekanligi aniqlandi.

Shahar va tuman Xalq qabulxonalari tomonidan uyma-uy yurish, ijtimoiy ob’yektlar, og‘ir hududlar hamda 2019-2020 yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hududlardagi hokimliklar va mutasaddi tashkilot hamda idoralarga sohalar yuzasidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bo‘yicha 394 ta taqdimnoma va axborotlar kiritilgan.

Viloyat miqyosida amalga oshirib kelinayotgan uyma-uy yurib, aholi muammolarini aniqlash, ijtimoiy ob’yektlarni o‘rganish, muammolarni hal etish borasida olib borilayotgan ishlar viloyat sektorlari rahbarlari hamda viloyat Xalq qabulxonalari tomonidan to‘liq nazoratga olingan va mazkur yo‘nalishdagi tadbirlar davom ettirilmoqda.

Yoqubjon GADOYeV tayyorladi.