Madrasai oliya an’anasi ta’lim-tarbiya talabidir
Viloyat jamoatchiligining Samarqand davlat universiteti yoshini Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyasiga bog‘lash haqida taklifi juda o‘rinli.
Mirzo Ulug‘bek mamlakatimizda ilk bor o‘rta va oliy ta’lim dargohlarining ko‘paytirishga va ularni boshqaruvchi, yuqori, oliy darajadagi malakali kadrlar bilan ta’minlash ishiga ahamiyat berishga kirishgan davlat arboblaridan, ilm-fan fidoyilaridan edi. U Buxoro, G‘ijduvon, Samarqand kabi ko‘pgina yerlarda madrasa va masjidlar soldirib, ilm-fan markazlarini tashkil etishga kirishganligi hamda ilm-fanning rivojlanishiga o‘z davrining yetuk olimlari va iste’dodli talabalarni bu markazlarga jalb etgan. Uning bevosita homiyligida vujudga kelgan bilim dargohlari peshtoqiga “Talab ul-ilma farizatun alo kulli muslimin va muslimatun”, ya’ni “Ilm olish har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir” degan shior yozdirganligi hammaga ma’lum.
Madrasai oliyada ta’lim oluvchi har bir talaba o‘z bilimi, iste’dodini namoyish etish uchun o‘sha davrning o‘ziga xos sinovlardan ham o‘tishgan. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Mirzo Ulug‘bek har bir madrasaga kelib, iste’dodli talabalarga in’omlar ulashgan, yotoqxonalar bilan ta’minlagan, yosh olimlarga g‘amxo‘rlik, alohida homiylik qilgan.
Demak, o‘sha davrdagi o‘qishga qabul qilish usullari va ularga homiylik an’anasi bizgacha yetib kelgan. Masalan, o‘qishga kirganlarga davlat stipendiyasi berilishi va talabalar yotoqxonalari bilan ta’minlanishi.
Samarqand madrasai oliyasi o‘lka xalqlariga ilm-fan markazi, balki o‘sha davr ulamolari uchun o‘ziga xos oliy o‘quv yurti, ya’ni hozirgi universitet vazifasini o‘tagan. Bu yerga Turonu eronlik 200 dan ortiq olimlar jalb etilib, bevosita Ulug‘bek homiyligida faoliyat ko‘rsatishgan.
Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyalarga bosh mudarris tayinlashda ham ibratli yo‘l tutgan. Masalan, u kishidan «Madrasaga kimni bosh mudarris qilib tayinlaysiz?» deganlarida, “Bu madrasa mudarrisi jami ilmlarga mohir, barcha fanlardan bahramand va komil kishi bo‘lg‘ayki, u tanlov asosida tayinlanadi» deb javob beradi. Zayniddin Vosifiyning “Badoye’ul vaqoye’” kitobida yozilishicha, Ulug‘bekning bu shartiga Eronning Havof viloyatidan Samarqandga kelib, jiddu jahd bilan tahsil ko‘rgan va ushbu madrasa qurilishida faol ishtirok etib, ko‘pdan beri ustozlardan ta’lim olishga erishgan Mavlono Muhammad Havofiy Mirzo shunday javob bergan ekan: “Bu madrasaga men bosh mudarris tayin etilurman”. Shunda Mirzo Ulug‘bek uni yoniga chaqirib, tanishadi va imtihon aylaydi. Mirzo Ulug‘bek undan nimaniki so‘ramasin, u ma’qul va maqbul javob beradi. So‘ng uni o‘z ustozi Qozizoda Rumiy huzuriga olib boradi va unga hamsaboq qiladi...
Madrasa ochilgan kuni sakkiz nafar turli olimlar yig‘ilishib, Mavlono Havofiydan “ochiq dars” o‘tkazishni so‘raydilar. Havofiyning ochiq darsiga Mirzo Ulug‘bek va Qozizoda Rumiy ham tashrif buyurishadi. (Chunki Mirzo Ulug‘bek ustozi Qozizoda Rumiyni “rais ul-muallimin”, ya’ni hozirgi Ilmiy-uslubiy kengashning raisi nasabiga tayinlagan va aksariyat hollarda uning uyushtirgan darslarida o‘zi ham ishtirok etardi). Mavlono Havofiy o‘sha ochiq darsida Majastiy haqida ma’ruza o‘qiydi. U darsni har jihatdan juda ilmiy bayon qiladiki, ma’ruzadagi chuqur ilmiy ma’noni Mirzo Ulug‘bek va Qozizoda Rumiydan bo‘lak olimlar mukammal fahmlab ololmaydi...
Bobomiz Ulug‘bekning XV asrdayoq olim va fozillar ichida adolatli ish tutib, o‘sha kuni Mavlono Muhammad Havofiy bosh mudarris qilib tayinlanadi. Mashhur adib Zayniddin Vosifiyning xabar berishicha, Mirzo Ulug‘bek madrasasi va xonaqosiga o‘n nafar mudarris tayin qilingan ekanki, ularni tanlash ham yuqorida qo‘llanilgan tartib asosida, “ochiq dars” o‘tkazish orqali oshkoralik, adolat yo‘li bilan bo‘lgan ekan. Bunday ta’limiy usullar mamlakatdagi barcha madrasai oliyalarda ham qo‘llanilgan.
Demak, hozirgi paytdagi pedagoglarni tanlov asosida ishga qabul qilishdan avval Ilmiy-uslubiy kengashning raisi boshqaruvidagi a’zolar ishtirokida ochiq dars uyushtirish tartibi Mirzo Ulug‘bek tomonidan joriy etilgan ekan. Bu usul an’anaviy tarzda hozir ham davom etmoqda.
Usmon Sanaqulov,
SamDU professori.