Mahalla raislari hokimlarning "zug‘umidan" qachon qutuladi?
Tizim faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarma mutasaddisining bu haqdagi fikrlari
Yaqin yaqinlargacha mahalla raisi yoki boshqa xodim asosan pensiya yoshidagi kishilar bo‘lardi. Negaki, bu lavozim egasi arzimagan maosh evaziga faoliyat yuritardi. Qolaversa, pensiyadagi odam mahalliy hokimlik uni vazifasidan ozod qilsa hech narsa yo‘qotmasligini yaxshi bilardi.
Bugun esa vaziyat o‘zgardi. Mahalla raisi hududning tom ma’nodagi boshqaruvchisiga aylandi. Xo‘sh, buning uchun joylarda yetarli sharoit yaratildimi?
Shu va boshqa savollar yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Asqar Umarov bilan suhbatlashdik.
- Asqar Narziyevich, ayrim vaqtlarda mahalla faollari oqsoqol tuman yoki shahar hokimi tomonidan ishdan olinganidan nolib qoladi. Vaholanki, mahalliy hokimlar jamoat tashkiloti hisoblangan mahalla fuqarolar yig‘ini raisini vazifasidan ozod qilish huquqiga ega emas.
Mahalla fuqarolar yig‘ini raislari hokimliklar bosimidan qachon ozod bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?
- Mahalla fuqarolar yig‘ini – bu o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi. U yerda faoliyat olib borayotgan mahalla raislarini ishdan bo‘shatishga na tuman (shahar) hokimlari, na bizning vakolatimiz bor. Yuqorida aytganimday, ularni xalq saylaydi. Mahalliy hokimliklardagi bo‘limlarimiz mahalla fuqarolari yig‘inlarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Siz aytgan masala, butun respublika uchun og‘riqli masalalardan biri. Shu bois, hukumat, hatto davlat rahbari darajasida ko‘rib chiqilmoqda. Jumladan, shu paytgacha mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlariga oylik maosh hokimliklar tomonidan berilardi. Bu qaysidir ma’noda fuqarolar yig‘iniga xo‘jayinlik tuyg‘usini uyg‘otardi. Endi, hokimliklardan bu vakolat olib tashlandi. Ya’ni, Prezident tomonidan imzolangan farmon bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish, ularga buxgalteriya xizmatini ko‘rsatish vazifasi tuman (shahar) hokimliklaridan mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga o‘tkazildi.
Shu o‘rinda yana bir gap. Joriy yil 18 oktyabr kuni Prezidentimizning “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.
Farmonga ko‘ra, joriy yil 1 noyabridan hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshlari 35 foizga oshirildi. Aytish mumkinki, viloyatimizda bunday mahallalar soni 299 tani tashkil qiladi. Shu paytgacha, shuncha mahalla raisi va xodimlari boshqa hamkasblaridan ko‘proq yuklamaga ega bo‘lgani holda ular bilan teng miqdorda haq olishgan. Bu o‘zgartish tabiiyki, ularga qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib, o‘z ishga mas’uliyat bilan yondoshishiga xizmat qiladi.
- Umuman, keyingi yillarda ko‘rsatilayotgan e’tiborga qaramasdan hamon ayrim mahalla raisi yoki faollarining hududdagi obro‘-e’tibori va o‘rni deyarli yo‘q. Bunga sabab nima?
- Bugun viloyatdagi 1117 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida profilaktika inspektorlari bilan qo‘shib hisoblasak qariyb 4500 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Ular orasida obro‘-e’tiborga ega, mahalla raisi degan yuksak nomni oqlab kelayotgan, mahallasiga katta xizmati singgan, hudud ravnaqi uchun jon kuydirib xizmat qilayotgan ko‘plab rais va xodimlar bor.
Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, mahallada obro‘-e’tibori ham, o‘rni ham yo‘q rais yoki fuqarolar yig‘ini xodimlari bor. Buning birinchi va asl sababi o‘sha hududda muhit yaxshi emasligidir. Chunki, mahalla raisini ham, uning xodimlarini ham mahalla ahli saylaydi. Aholining birligi yo‘q, guruhbozlik, qarindosh-og‘aynigarchilik va “yozuv-chizuv” avj olgan mahallada o‘z o‘zidan ko‘pchilikning hurmatini qozongan kishi emas, qaysidir guruhlar manfaatiga xizmat qiluvchi shaxs rais bo‘ladi.
Albatta, qonunchiligimizda bu masalada ham oqilona yechim ko‘rsatilgan. Jumladan, mahalla raislari va xodimlari har chorak yakuni bilan fuqarolar yig‘iniga hisobot berib borishi, xalq ularning faoliyatiga baho berishi, agar faoliyati qoniqarsiz bo‘lsa, vakillar yig‘ilishi qarori bilan vazifasidan ozod etilishi belgilab qo‘yilgan.
Aytmoqchi bo‘lganim, bugun xalqimiz mahalla raisi yoki xodimi qanday bo‘lishi kerakligini yaxshi biladi. Ya’ni, siyosatni tushunmaydigan, o‘z hududida obro‘yi yo‘q, ishni to‘g‘ri tashkillashtira bilmaydigan, eng asosiysi, odamlarni birlashtira olmaydigan raislar vakillar yig‘ilishining qarori bilan o‘z o‘rnini boshqa nomzodga bo‘shatadi.
- Yillar davomida turli dasturlar qabul qilinishiga qaramasdan hamon viloyatdagi ayrim mahalla fuqarolar yig‘inlarining xizmat xonalari yo‘q. Borlarida ham moddiy-texnik baza nochor ahvolda.
Bu borada ahvol eng qiyin bo‘lgan tuman sifatida qaysilarni misol keltirish mumkin? Yaxshi hududlar qaysilar?
- Mahalla fuqarolar yig‘inlarida ishlayotgan xodimlarga qulayliklar yaratish maqsadida 2021 yil dasturiga 165 ta mahalla uchun bino qurilishi kiritilgan bo‘lib, shundan 159 tasi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturida belgilangan 21 ta mahalla binolaridan 13 tasida ta’mirlash ishlari yakunlandi. Bundan tashqari, 166 ta mahalla binolari rekonstruksiya qilinib, 259 tasi joriy ta’mirlandi. 600 ga yaqin mahallalarimiz kompyuter texnikasi va mebel jihozlari bilan ta’minlandi. Eng muhimi, 1000 dan ortiq mahalla internet tarmog‘iga ulandi.
Shunga qaramasdan, eng ko‘p mahalla fuqarolar yig‘inlari bo‘lgan Samarqand shahri (215 ta) va Past Darg‘om tumanida (107) mahallalarning binolari va moddiy texnik bazasi yetarli darajada emas. Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish borasida mahalliy hokimliklar bilan rejali ishlar amalga oshirilmoqda.
Eng yaxshi hudud sifatida Kattaqo‘rg‘on shahri va Ishtixon tumanini misol keltirish mumkin. Chunki ulardagi mahalla fuqarolar yig‘inlari to‘liq o‘z binosiga ega bo‘lgan va moddiy-texnik baza bilan yetarli darajada ta’minlangan.
Bugungi kunda viloyatdagi o‘zini o‘zi boshqarish organlarining 1082 tasi, ya’ni 97 foizi o‘z binosiga ega. Qolgan 35 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari joriy yilning yakuniga qadar bino bilan to‘liq ta’minlanishi rejalashtirilgandi. Ammo shahar, tuman hokimliklari tomonidan yer ajratish qarori bekor qilinganligi sababli bu ish biroz kechikyapti.
- Umuman, mahalla raisi va boshqa xodimlar faoliyatini jonlantirish uchun normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish yo qo‘shimcha kiritish bo‘yicha viloyatdan qandaydir aniq takliflar berilganmi? Agar bo‘lsa, ular tegishli hujjatda o‘z aksini topgach qanday samara beradi, deb o‘ylaysiz?
- “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonun 2013 yil 22 aprelda qabul qilingan. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 18 fevraldagi farmoni bilan yangi - Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va bo‘limlari tashkil etildi. Natijada qonunning aksar moddalari eskirdi. Xohlaymizmi, yo‘qmi, yangi tahrirdagi qonun qabul qilinishi shart. Bu bo‘yicha ishlar olib borilmoqda va viloyat boshqarmasi yangi qonun loyihasiga bir qator takliflar berdi. Xususan, “fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish uchun Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi qarori bilan ishchi guruh tuziladi”, degan norma kiritish taklifi berilgan.
Sababi, aksariyat fuqarolar yig‘inlarida mahalla raisi yangi muddatga saylanish uchun ishchi guruh tarkibiga o‘ziga tanish insonlarni kiritish hollari uchramoqda. Ishchi guruhlar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi qarori bilan shakllantirilishi ushbu holatning oldini oladi.
Bundan tashqari, fuqarolar yig‘ini kengashi tarkibiga yig‘in raisi (oqsoqoli), uning o‘rinbosarlari (fuqarolar yig‘ini raisining huquq-tartibot masalalari, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar, obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari o‘rinbosarlari) va maslahatchilari (fuqarolar yig‘ini raisining yoshlar masalalari hamda keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchilari), oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis, ko‘chaboshi, uyboshi, shuningdek, hududdagi maktabgacha ta’lim va ta’lim muassasalari, qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarning rahbarlari, mahalla raisining taklifiga binoan boshqa faol fuqarolar yoki hududda faoliyat yuritayotgan boshqa tashkilot, korxona rahbarlari kiradi, deb qo‘shimcha kiritish zarur.
Bu yangilik mahalla raisi saylovini birinchidan, demokraktiya tamoyillariga mos o‘tishini ta’minlasa, boshqa tomondan hududdagi barcha davlat va jamoat tashkilotlariga mahalla ravnaqi uchun mas’ul bo‘lish vazifasini yuklaydi.
Shuningdek, “Fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarining vakolatlari”ga “Ayollar daftari” monitoringini yuritadi, degan jumlani kiritish taklif qilinmoqda.
Albatta, bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Asosiysi, maqsadimiz mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatni davr ruhi, islohotlar shiddatiga mos bo‘lishiga ko‘maklashishdan iborat.
Yo.Marqayev suhbatlashdi.