Mahalla va qishloqlarimiz qachon obod bo‘ladi?
2019 yilda Samarqand viloyatida “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari asosida 6 mahalla va 42 qishloqda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Obod qishloq” dasturi asosida hududlardagi 21 mingga yaqin xonadonda yashovchi qariyb 119 ming aholiga qulay sharoit yaratilyapti.
Dasturga muvofiq 15 mingga yaqin xonadon va 34 ta ko‘p qavatli uyning tom qismi ta’mirlanib, kirish yo‘laklariga temir eshiklar o‘rnatilmoqda. Shuningdek, 65 kilometr uzunlikdagi piyodalar yo‘lagi tashkil etilmoqda, 437 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari joriy ta’mirlanmoqda. 305 kilometr masofadagi elektr tarmoqlari ta’mirlanib, 145 dona transformator almashtirilmoqda. 5 ming donadan ortiq tayanch ustunlari, 1964 dona tungi ko‘cha chiroqlari o‘rnatilyapti.
“Obod mahalla” dasturi doirasida esa Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlaridagi mahallalarda 40 ta ko‘p qavatli uy-joy, 9,2 kilometr elektr va 50,3 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanmoqda. 24 ta ijtimoiy soha ob’yekti, jumladan, 4 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 9 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 2 ta sog‘liqni saqlash muassasasi va 9 ta boshqa ob’yektda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotir.
Xo‘sh, davlat dasturlarida rejalashtirilgan ishlar joylarda qay darajada amalga oshirilmoqda? Bu savolga javob topish maqsadida Payariq tumani hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘ldik.
Turkibola obod bo‘lmoqda, ammo...
Payariq tumanida “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha Turkibola, Yangi hayot va Birlashuv mahallalari ko‘rkam qiyofaga keltirilyapti.
Turkibola mahallasida yo‘llarni ta’mirlash, aholini gaz, elektr energiyasi, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, asosiy ko‘chada piyodalar yo‘laklari barpo etish va tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish, aholi tomorqalari, uy-joylarni tartibga keltirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Ammo rejadagi 13,8 kilometr ichki yo‘llarga shag‘al yotqizish ishlari yakuniga yetkazilmagan. Mahalla markazida joylashgan 34-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida rekonstruksiya ishlari ham sust olib borilmoqda.
- Mahallamizda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi, - deydi mehnat faxriysi Oqbo‘ta Abduboqiyev. – Mahallamizning bir qismida har biri 24 xonadondan iborat 3 ta ko‘p qavatli uy, 24 ta 2 sotixli turar-joylar barpo etilib, go‘zal shaharcha paydo bo‘lyapti. Ammo ayrim kamchiliklardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Dastur asosida mahallamizda ishlar boshlanishidan oldin 3,2 kilometr yo‘lga asfalt yotqizilishi, 3 ta transformator mukammal ta’mirlanishi rejalashtirilgan, deyilgandi. Biz, mahalla aholisi ana shu ishlarda biroz ko‘zbo‘yamachilik borligini sezib qoldik. Asfalt yotqizildi, biroq aytilgan masofagacha emas. Transformatorlarning ham ustki qismini ranglab qo‘yishdi, xolos.
Buni yuqori tashkilotlardan mutaxassislar kelib tekshirsa, yaxshi bo‘lardi.
Yo‘lak piyodalar uchunmi yoki?..
Yangi hayot mahallasida bo‘lganimizda ko‘pgina xayrli ishlarning guvohi bo‘ldik.
Mahalla asosiy ko‘chasining 700 metriga asfalt yotqizilgan. Qo‘limizdagi ma’lumotga ko‘ra, dastur asosida 2,4 kilometr yo‘lga asfalt qoplanishi kerak. Tuman hokimligi mutaxassislarining ta’kidlashicha, rejadagi qolgan 1,7 kilometrlik asfalt yotqizish ishlari mahallaning boshqa tomondan kirish ko‘chasida amalga oshirilgan.
Shuningdek, asosiy ko‘chaga piyodalar yo‘lagi yotqizilgan. Ammo ichimlik suvi uchun o‘rnatilgan kranlar mazkur yo‘lakning ustida saf tortib turibdi. Suv quvurlari va yo‘lak yotqizilishida nahotki, mutaxassislar piyodalar yurishi uchun noqulaylik tug‘ilishi mumkinligini o‘ylamagan bo‘lsa. Yo‘l yoqasidagi beton ustunlarga yoritkich chiroqlari o‘rnatilgan, ammo aholi turar-joy binolari tartibga keltirilishi uchun hali anchagina ishlar qilinishi kerak.
Qishloqning boshqa bir ko‘chasida yangi transformator va beton ustunlar o‘rnatilgan. Ularga tortiladigan simlar esa hali yetib kelmagan.
Birlashuv mahallasida ham piyodalar yo‘lagi did bilan yotqizilmagan. Achinarlisi, bu yo‘lakdan yursangiz ko‘p yillik eski simyog‘ochlar qarshingizdan chiqaveradi.
Ko‘rinishidan bir paytlar telefon aloqa simlari uchun o‘rnatilgan bu tarixiy simyog‘ochlarni mutasaddi tashkilotlar nima uchun saqlab turibdi, tushunish qiyin.
- Obod bo‘layotgan qishloqlarda tashkilotimiz tomonidan piyodalar yo‘laklarini yotqizish va tungi yoritgich chiroqlarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilishi belgilangan edi, - deydi tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Komil Ergashev. - Shu paytga qadar uch mahallaga tungi yoritgich chiroqlari o‘rnatildi. Piyodalar yo‘laklarini yotqizish masalasida esa biroz kechikish bo‘ldi. Bunga sabab – yozning issiq kelganligi uchun daryo suvi ko‘paydi va oqibatda bir oyga yaqin muddat shag‘al olish imkoni bo‘lmadi. Hozirgi paytda zarur miqdorda shag‘al joylarga yetkazilgan. Tez fursatda ishlarni yakunlaymiz. Birlashuv mahallasida esa shaxsan mening e’tiborsizligim sabab, yo‘lak yotqizish ishlari sifatsiz bajarilgan. Yo‘lakning talabga javob bermaydigan qismlarini buzib, qaytadan qilamiz.
Ingichkada nima gaplar?
Kattaqo‘rg‘on shahrining Go‘zalkent, G‘arb Masjid hamda Kattaqo‘rg‘on mahallalarida “Obod mahalla” dasturi bo‘yicha qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur mahallalardagi barcha aholi xonadonlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, yo‘l qurilishi, elektr, tabiiy gaz ta’minoti, toza ichimlik suvi va infratuzilma ob’yektlari qurilishidagi mavjud muammolar aniqlangan. Bu yerda dastur asosida 13,1 kilometr yo‘l asfalt qilinib, 2 kilometr tabiiy gaz, 12 kilometr ichimlik suvi, 4 kilometr irrigatsiya hamda 8 kilometr elektr tarmoqlari ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan.
Shaharga qarashli Ingichka qo‘rg‘onidagi Kattaqo‘rg‘on mahallasida bo‘lib, qurilish-ta’mirlash ishlari qay darajada davom etayotganiga e’tibor qaratdik.
Mahallada 616 ta xonadonda 2935 nafar aholi istiqomat qiladi. Qurilish-obodonlashtirish ishlari tasdiqlangan loyiha hujjatlari asosida olib borilayotgan ekan.
Doimiy ishlovchi shtabdan olingan ma’lumotga qaraganda, mahallada joylashgan barcha ko‘p qavatli uylarning tom qismi mukammal ta’mirlangan. Yangi bolalar maydonchalari qurilgan, yo‘l yoqalariga 600 pagonometr irrigatsiya tizimlari o‘rnatilgan. Hovli-joylarga beton qoplama to‘shalgan. Biroq foydalanishga topshirish muddatiga 20 kun vaqt qolganiga qaramasdan ayrim yumushlar yakuniga yetkazilmagan.
Ta’mirlash rejalashtirilgan 30 ta xonadonda ishlar chala qolgan. O‘zboshimchalik bilan qurilgan 58 ta uy-joy buzdirilgan bo‘lsa-da, haligacha qurilish chiqindilari olib chiqib ketilmagan. 4,2 kilometr ichki yo‘llardan bugungacha 3,2 kilometri ta’mirlangan, xolos. 68 ta tungi yoritish uskunasining 40 tasi yangilangan. 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabini ta’mirlash ishlari rejadan orqada qolmoqda. Shuningdek, 20-sonli MTTda ham qurilish ishlari hamon sust.
Yangidan qurilayotgan «Ingichka dehqon bozori» haqida ham shunday fikr bildirish mumkin. Mahalliy tadbirkorlar tomonidan qurilish ishlari olib borilayotganiga qaramasdan, hamon buzuq rastalar, yarmi buzilgan do‘konchalar «qad rostlab» turibdi.
Ma’lumotlarda mahallaga 2,2 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, aholining bu muammosi bartaraf etildi, deb yozilgan bo‘lsa-da, toza suv hamon asosiy muammoga aylangan.
Chunki mahallaning 60 foiz aholisi mashinalarda olib kelingan suvni sotib olib ichadi. – Ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari biz uchun bir umr yechilmaydigan masala bo‘lib kelgan, - deydiO‘zbekiston ko‘chasi 2-uyda istiqomat qiluvchi Maxfirat Shukurova. – Har zamonda tadbirkorlar tomonidan mashinalarda olib kelinadigan suvning har tonnasini 10 ming so‘mdan sotib olib, ro‘zg‘orimizga ishlatamiz. Ba’zida quduqda saqlab qo‘ygan suvlardan foydalanib ham bo‘lmaydi. Shuning uchun aholi, ayniqsa, yosh bolalar orasida oshqozon-ichak va turli yuqumli kasalliklar bilan og‘riganlar ko‘p.
- Ichimlik suvi nafaqat Kattaqo‘rg‘on mahallasida, balki Ingichka qo‘rg‘oni aholisi uchun ham katta muammo hisoblanadi, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassisi Akram Ahmedov. – Qo‘rg‘oncha hududida qazilgan artezian quduqlarining suvini ichib bo‘lmaydi. Aholini toza suv bilan ta’minlash uchun bizga eng yaqin bo‘lgan, 9 kilometr uzoqda joylashgan Sepki qishlog‘idagi quduqdan ichimlik suvi tarmog‘i tortib kelish kerak. Buning uchun, avvalo, u tomonga elektr tarmog‘i tortib borish lozim. Bu ishlar uchun qariyb 5 milliard so‘m kerak.
Yana bir gap. Ingichkada hojatxonalar muammosi ham dolzarb hisoblanadi. Chunki shu paytgacha ko‘p qavatli uylardagi kanalizatsiya tarmog‘i eskirib, ishdan chiqqanligi sababli xonadon egalari uy oldida noqonuniy ravishda qo‘shimcha binolar, oshxona, tandirxona va hojatxona qurib foydalanib kelishgan. Qurilish va obodonlashtirish ishlari boshlangach, o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolar qatori oshxona va hojatxonalar ham buzib tashlanib, bir nechta ko‘p qavatli uylarda yashovchilar uchun bittadan jamoat hojatxonasi va tandirxona qurib berilyapti.
Mahalladagi Amir Temur ko‘chasida joylashgan 7 ta ko‘p qavatli uy aholisi bitta tandirxona va hojatxonadan foydalanishmoqda. Bu holat ularda norozilik uyg‘otmoqda.
Viloyatimizda “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari doirasida ibratli ishlar amalga oshirilayotgani bor gap. Ammo ayrim joylardagi ko‘zbo‘yamachilik va o‘zibo‘larchilik xalqning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Xalqimizda, “Jo‘jani kuzda sanaymiz”, degan naql bor. Kuz kelib, yarmi o‘tib ham bo‘ldi. Jo‘jani sanaydigan pallada mas’ullar uyalib qolmasmikin?
Dilmurod TO‘XTAYeV,
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto),
«Zarafshon» muxbirlari.