Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Mahmudxo‘ja Behbudiy” – Samarqandda

Samarqand shahridagi “Sharq yulduzi” kinoteatrida “Mahmudxo‘ja Behbudiy” badiiy filmi jamoatchilikka namoyish etildi.

“O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga ko‘ra suratga olingan mazkur filmda buyuk ma’rifatparvar ajdodimiz, jadidchilik harakati namoyondasi Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti, imliy-ijodiy faoliyati haqida hikoya qilingan. Film davrning haqiqiy voqealariga asoslangan bo‘lib, XIX asr oxiridan XX asrning 20-yillarigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.

  – Bu yil yurtimizda ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligi keng nishonlanmoqda – deydi respublika kinoprokat markazi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari F.Roziqov. – Mazkur film yurtimiz kinoijodkorlarining ushbu sanaga tuhfasi bo‘ldi. Bugun ushbu kinoni samarqandlik ijodkorlar, jamoatchilik vakillari uchun namoyish etdik. Tomoshabinlar orasida Mahmudxo‘ja Behbudiyning avlodlari ham borligi barchamizga faxr-iftixor bag‘ishladi. Bugundan boshlab ushbu film viloyatimizdagi kinoteatrlarda namoyish etilmoqda. 

Rejissyor Baqo Sodiqov tomonidan suratga olingan filmda Mahmudxo‘ja Behbudiy rolini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Faxriddin Shamsimatov ijro etgan. Shuningdek, yurtimizning taniqli teatr va kino aktyorlari tomonidan turli qahramonlar obrazlari talqin etilgan.

G‘olib HASANOV.