Majburiy ijro byurosi direktori viloyatda sayyor qabul o‘tkazmoqda
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori Botir Baxromovich Qudratxodjayev Samarqand viloyatida sayyor qabullar o‘tkazmoqda, deb xabar bermoqda Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.
Bugun Samarqand shahrida Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasining majlislar zalida viloyatning Samarqand shahri, Samarqand, Tayloq, Urgut, Jomboy, Bulung‘ur, Payariq va Oqdaryo tumanlari aholisi uchun sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Sayyor qabulda, Byuroning Samarqand viloyat boshqarmasi rahbariyati ishtirok etdi.
Sayyor qabul davomida 22 nafar fuqaro va yuridik shaxslarning murojaati eshitildi.
Fuqarolarning muammolari, taklif va mulohazalari tinglanib, joyida hal etish choralari ko‘rildi
Byuro direktori B.B.Qudratxodjayevning Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘idagi keyingi sayyor qabul ertaga – 18 aprel kuni Kattaqo‘rg‘on shahrida davom etadi.
Ma’lumot o‘rnida, fuqaro A.Usmonov Samarqand shahar elektr ta’minoti korxonasi Siyob filiali tomonidan unga nisbatan hisoblangan asossiz qarzdorlik masalasi ijobiy hal etilganini bildirib, Byuro direktoriga shaxsan minnatdorchilik bildirdi.
Shuningdek, fuqaro S.Faxriyevaning ham aliment to‘lovchi qarzdor J.Shakarovga nisbatan chet elga chiqish huquqiga vaqtinchalik bo‘lgan cheklovni yana tiklab berish haqidagi murojaati ham ijobiy hal etildi.