Maktab – eng halol maskan bo‘lishi kerak

Ta’lim-tarbiya, bilim berish-ku mayli, ammo boshqa masalalar, bolalarni hunarga qiziqtirish deysizmi, yo ularning sog‘lom ovqatlanishimi, ishqilib, o‘quvchi bilishi lozim bo‘lgan ko‘plab narsalarni o‘rgatish haqida gap ketganda bu o‘qituvchining vazifasi, deb aytishga o‘rganib qoldik. Hatto bolaning maktabdan keyingi vaqtida sodir etgan xatti-harakatlariga-da, ba’zida o‘qituvchi aybdor bo‘lib qolgan holatlarni kuzatamiz. Aytmoqchimanki, o‘qituvchiga nisbatan talab ko‘p, ammo sharoit, muhitchi?

Sharoit haqida, umumta’lim maktablarida kamchiliklar haqida juda ko‘p maqolalar e’lon qilingan, fikrlar bildirilmoqda. Ammo qizig‘i, ta’lim muassasalarida bo‘lganimizda sharoiti unchalik zo‘r bo‘lmasa-da, ammo shijoat bilan ishlayotgan, o‘quvchilari muvaffaqiyatga erishayotgan ta’lim muassasalari borligini kuzatganmiz. Bu bilan sharoitni yaxshilash shart emas, demoqchimasmiz, aslo.

Biz tilga olmoqchi bo‘lgan mavzu sharoit zo‘r bo‘lsa-da, ammo o‘qituvchilarning ish faoliyatiga, shijoatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, hatto ularda loqaydlikni shakllantiradigan maktabdagi ma’naviy muhit haqida.

Inson shunday yaralganki, ehtimol moddiylik, shart-sharoit qaysidir ma’noda uning ish faoliyatiga ko‘pam ta’sir qilmas, ammo atrofidagi muhit, jamoadagi kayfiyat shijoat bilan ishlovchi har qanday xodimning ishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Darvoqe, quyidagi fikrlarning hammasi bir guruh o‘qituvchilar bilan muloqotdan olingan, uydirma emas.

- Misol uchun bizning maktabda oshxonamiz faqat tushlik paytidagina ishlaydi, - deydi Bulung‘ur tumanidagi o‘qituvchilardan biri. – Sababi, oshpaz ham, oshxona egasi ham direktorning qarindoshlari. Qolaversa, ular maktabda o‘qituvchi. Ayni tushlik paytidagina oshxonaga tushib, tayyor mahsulotlarni sotishadi, tamom-vasalom. Oshxonada issiq ovqat va boshqa qulayliklar haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Lekin bular haqida hech kim yurak yutib, direktorga gapira olmaydi. Chunki unga yomon ko‘rinishni istamaydi.

- Bizning maktabda esa o‘qituvchilar mukofot pullari kim olishini oldindan biladi, - deydi yana bir o‘qituvchi. – Chunki direktor atrofidagi o‘qituvchilargina mukofot puli olishini bilmaydigan odam yo‘q, hisobi. Bunga hech kim e’tiroz bildirmaydi, chunki boshqa maktabdagi hamkasblarimiz bilan gaplashganimizda ularda ham ahvol shundayligini eshitganmiz.

- Siz-ku, mukofot pulini aytasiz, yaqinda bir direktor maktabda ishlamaydigan qanchadan-qancha ayollarga tug‘ruq puli chiqartirib bergani oshkor bo‘lib qoldi, - deya kuyunib gapiradi yana bir o‘qituvchi. – Rahbarning ishi sudda ko‘rildi, jarimasini to‘lab, yana maktabga qaytdi ishga, direktor bo‘lib emas, direktor o‘rinbosari bo‘lib. Xo‘sh, bunday holatda kishida adolatga nisbatan ishonch qoladimi?

Ma’naviy muhit haqida gapirilganda ko‘proq adolatli munosabat nazarda tutilayotganini mushtariy  his qilgan bo‘lsa kerak. Afsuski, yuqoridagi kabi misollar sanoqli emasligi uchun ham qog‘ozga tushayotir. Muammoni bartaraf etishda birgalikda kurashishimiz kerak, degan siyqasi chiqqan fikrni ham aytish nojoiz. Tegishli mutasaddilar bu holat bo‘yicha jiddiy choralarni ko‘rishi lozimligi ayonlashib borayapti.  Ayniqsa, qishloq hududlarida maktablar yagona ma’rifat, madaniyat, qolaversa, ijtimoiy muassasa, odamlar ishongan, hamma yig‘iladigan, jamiyatdagi barcha jarayonlar muhokama etiladigan, asosiy tadbirlar o‘tkaziladigan joy. Bunday joyda halollik, adolat hukm surmas ekan, jamiyatning keyingi bosqichlarida buni talab qilish bekor. Ayni shu maskanlarda haqiqat birlamchi ziyo bo‘lmas ekan, biz kutgan rivojlanish ham o‘z o‘zanida aylanib yuraveradi.

Gulruh MO‘MINOVA.