Maktab tug‘ilgan kun o‘tkazadigan maskan emas. Uni qachon chinakam ta’lim muassasasiga aylantiramiz?

Ota hovlimizga kelsam, ukamning 2-sinfda, tushdan keyin o‘qiydigan qizchasi odatdagidan 2 soat oldin maktabga ketyapti.

- Tinchlikmi?

- Tinchlik, bugun bir sinfdoshining tug‘ilgan kuni ekan. Sinfdoshining onasi tort va salqin ichimliklar olib kelarmish. Bular sinfida o‘tirib, dars vaqti boshlanguncha tug‘ilgan kun nishonlasharmish, - dedi ukamning xotini.

Bu gapni eshitib, tepa sochim tikka bo‘ldi. Qachon maktab chinakam ta’lim muassasasiga aylanadi?

Shu paytgacha o‘qituvchiga metallom, makalatura yig‘dirishdi, ularni namunali uy-joy qurilishiga hasharga olib borishdi, paxta yig‘im-terimiga jalb qilishdi – xullas tinchlik berishmadi. Keyingi ikki-uch yilda barchasi o‘rniga tushdi, o‘qituvchilar hammasidan qutuldi. Bugun ulardan talab qilinadigani faqat sifatli dars berish. Endi ota-onalarning turli qiliqlari boshlanyapti.

Ukamning xotinidan eshitishimcha, bir hafta oldin ham shu qizchasi o‘qiydigan sinfda qaysidir o‘quvchining tug‘ilgan kuni bo‘lgan, uning ham onasi tort va muzday salqin ichimliklar olib kelgan. Muzday salqin ichimlikni ichib, qizchasining 2-3 kun tomog‘i shishib, og‘rib yurgan.

Ayrim ota-onalarga tushunmayman, sal bo‘sh ketilsa, yangicha urflarni o‘ylab chiqarishadi. Tug‘ilgan kun o‘tkazishiga qarshi emasmiz. Axir maktab maktabligini qilishi kerak. Uning ta’lim muassasasi degan nomi bor.

Ajablanganim, nega o‘quvchilarning sinf rahbari, maktab ma’muriyati bu ishga yo‘l qo‘yib beryapti? Nega farzandining tug‘ilgan kunini maktabda, sinfda o‘tkazish uchun tort va salqin ichimlik ko‘tarib kelayotgan ota-onalarni qaytarishmaydi?

"O‘quvchilar tug‘ilgan kunini sinfida, sinfdoshlari davrasida o‘tkazsa, nima bo‘pti?", deyishingiz mumkin. Ammo o‘ylab ko‘ring, bugun har bir sinfda 35-40 nafardan o‘quvchi bor. Deylik, o‘rtacha maktablarda 800-1000 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Ularning har biri tug‘ilgan kunini maktabda nishonlayversa, maktabning maktabligi qoladimi?

Bugunnung gapi Uz.