Maktabda devoriy gazeta tashkil qiling: Ishingizni ko‘rsatadi, ijodkor o‘quvchilarga rag‘bat bo‘ladi
Maktabda ishlayotganimga 20 yil bo‘lgach, o‘quvchilar o‘rtasida adabiy muhitni yaratish, ularni adabiyotga yanayam yaqinlashtirish haqida o‘ylay boshladim. Sinflarga kirib, o‘zbek adabiyoti, keyinchalik jahon adabiyoti asarlari haqida suhbatlar o‘tkazdim. Har bir suhbat oxirida Quddus Muhammadiy, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf she’rlaridan parchalarni yoddan aytib berardim. Shunda ayrim o‘quvchilarning ko‘zlarida uchqunlar paydo bo‘lganini ko‘rdim, bunday suhbatlar ular uchun juda zarurligini angladim.
Maktabda adabiyot to‘garagi tashkil qildim. Bu to‘garakka haftalab, oylab sinflarga kirib, suhbat o‘tkazib, har sinfdan 2-3 ta adabiyotga moyilligi bor o‘quvchini aniqlab, saralab olib, jami 15-20 o‘quvchini yig‘dim. Oldiniga ularni respublika o‘quvchilar nashri “Gulxan” jurnalida chop etilgan tengdoshlarining ijodi bilan tanishtirdim. O‘z tengdoshlarining she’rlari, ertaklari o‘z fotosurati bilan chiqarilganini ko‘rib, ularda qiziqish, havas uyg‘ondi. Oldiniga tortinib turgan o‘quvchilar, o‘zlari ham she’r, ertak qoralaganini aytishdi.
Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlab o‘tish kerak, o‘quvchilarda tortinish, ikkilanish degan narsa bor. Ularning yuragiga jur’atni olib kirish kerak. “Sen hech kimdan kam emassan, “Gulxan” jurnalida, “Tong yulduzi” gazetasida ijodi berilgan o‘quvchilar ham sen tenggi bolalar” deb, ularga yuragiga dalda beraverdim, umid uyg‘otishga harakat qildim.
Nihoyat 2013 yil mart oyida adabiyot to‘garagimizning “Boychechak” devoriy gazetasi ilk sonini chiqardik. Gazetaga epigraf qilib, Navoiy hazratlarining “Haq yo‘linda kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila, Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin yuz ganj ila” so‘zlarini oldim. Gazeta uch ustundan iborat bo‘ldi. Birinchi ustunga ijodkor o‘quvchining kattagina surati, tagiga “Tanishing” rukni bilan u haqida ma’lumotlar, ikkinchi, uchinchi ustunlarga uning ijodi namunalari berildi. Har bir she’rning tepa qismiga shu she’r mavzusiga mos rasm yopishtirildi. Devoriy gazeta ayrim sho‘xroq bolalar chizib tashlamasligi uchun shisha oynali ramkaga joylashtirilib, maktab koridorining keng foyesiga ilindi.
Endi tanaffusda o‘quvchilarning yugurishini ko‘rsangiz, devoriy gazeta atrofi g‘ujg‘on bahs, kimdir baland ovozda undagi she’rlarni o‘qiydi, kim suratini tomosha qiladi. Tabiiyki, bu narsa maktab o‘quvchilarining 80-90 foizini qiziqtirib qo‘ydi. Surati va ijodi gazetada yoritilgan o‘quvchi bo‘lsa, maqtovlardan osmonda! Hamma unga havas bilan qaragan...
Bu o‘quvchiga yanada dalda, rag‘bat berish uchun unga maktab ma’muriyati tomonidan faxriy yorliq yozdirdim, sinf rahbarini bitta bidiiy kitob olishga ko‘ndirdim. Sinfga kirib, rahbari ishtirokida unga muvaffaqiyatlar tilab, o‘quvchilar huzurida mukofotlarni topshirdik. Albatta, bu narsalar ozgina bo‘lsa-da, uni ijod sari, adabiyot sari undashiga ishonardim. Devoriy gazeta haqidagi yaxshi xabarlar o‘quvchilar orqali ota-onalarga yetdi va ayrim ota-onalar maktabga kelib, minnatdorlik bildirishdi.
Asta-sekin adabiy to‘garagimizga keluvchi o‘quvchilar soni oshdi. Har ikki-uch oyda gazetamizning yangi soni chiqar va maktabimiz yangi ijodkorining kattagina surati devoriy gazetani bezab turardi. Tabiiyki, ayrim qiziquvchi o‘qituvchilar ham gazetani o‘qib ko‘rib, “mening sinfimda ham bir o‘quvchi bor, ajoyib she’rlar yozadi, bir ko‘rib chiqsangiz”, deyishardi. Albatta, o‘sha o‘quvchining she’rlarini tahlil qilib, kerakli maslahatlar berardim.
Nihoyat yil oxirida to‘garakning eng yaxshi qatnashchilaridan ikki-uch nafarining ijod namunalarini tuman hokimligining “Nurobod” gazetasiga, viloyat o‘qituvchilarining “Ma’rifat nuri” gazetasiga, “Gulxan” jurnaliga yubordim. Ushbu matbuot sahifalarida o‘quvchilarimiz ijodi yoritilishi maktabimiz uchun quvonchli voqea bo‘ldi. Doimiy ravishda ijodiy muloqotlar bizni “Gulxan” jurnali bilan yaqinlashtirdi. O‘zim rahbarlik qilgan 6-sinf o‘quvchilarini “Gulxan” jurnaliga obuna qildirishga erishdim. Bu targ‘ibot ishlarini qo‘shni 57, 64, 71- maktablarga ham yoydik. Shuning uchun bo‘lsa kerak, “Gulxan” jurnali meni Samarqand viloyati bo‘yicha jurnal targ‘ibotchisi deb e’tirof qildi.
Maktabni ancha yillar oldin bitirgan bir shogirdim qo‘ng‘iroq qilib, “Ustoz, o‘g‘lim do‘ppa-durust ertaklar yozyapti, bir ko‘rib bersangiz”, deb qoldi. O‘g‘li qo‘shni 64-maktabda o‘qir ekan. Yozgan ertaklarini o‘qib ko‘rdim. Ikkitasi ma’nili, tarbiyaviy ahamiyati bor. Imlo xato, bo‘g‘in ko‘chirishdagi nuqsonlarini ko‘rsatdim. Muallifning gapi va ko‘chirma gap yozilayotganda tirening ishlatilishini o‘rgatdim. Harfning yozilishida husnixatga e’tibor berish lozimligini tushuntirdim. Xullas, ertagini 4-5 marta o‘ziga qayta ishlattirib, tuman gazetasiga yubordik. Gazetada surati va ertagi chiqqan kun o‘quvchi ham, ota-onasi ham xursand bo‘lishdi. Ozgina harakat bilan, o‘quvchi qalbida ishonch uchqunini uyg‘ota olganimdan o‘zim ham mamnun bo‘ldim.
Maktablarda targ‘ibotchi lavozimida ishlayotganlarga maslahatim, maktabingizda devoriy gazeta tashkil qiling. Bu birinchidan, sizning ishingizni ko‘rsatadi, ikkinchidan, ijodkor o‘quvchilarga yaxshi rag‘bat bo‘ladi...
2013 yildan hozirgacha “Boychechak” devoriy gazetamiz faoliyati to‘xtagani yo‘q. 2021 yil pensiyaga chiqdim, lekin maktab direktori va Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi bilan meni maktabning ijodiy-madaniy masalalar targ‘ibotchiligiga ishga olishdi. Ijodkor o‘quvchilar bilan ishlayapman, ular ijodini matbuotda yorityapman. Maktabga taniqli shoir va yozuvchilarni taklif qilib, ijodiy uchrashuvlar tashkil qilyapman. Asosiysi, devoriy gazetaning har sonida bir o‘quvchining ijodi berib borilyapti. Bu men uchun ham ma’suliyat, ham kelajak oldida sharafli ishimdir.
Boborahmat MUHAMMADIYeV,
Nurobod tumanidagi 56-umumta’lim maktabining ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi.