Maktablar qishga tayyormi?

Ayrim muassasalarda isitish qozonlari va tarmoqlar mavsumoldi sinovdan o‘tkazilmagan.

O‘tgan yil qishda kuzatilgan anomal sovuqdagi holatdan kelib chiqib, bu yil ta’lim va tibbiyot muassasalarini isitishda muqobil energiya manbalaridan foydalanish, tizimga davlat-xususiy sheriklik tamoyilini joriy etishga e’tibor qaratilyapti.

Samarqand tumanidagi 54 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi binolari bu yilgi kuz-qish mavsumida shu tizim asosida isitilishi mo‘ljallangan. Bu vazifani bajarishni o‘z zimmasiga olgan «Badal qurilish mahsulotlari savdo» xususiy korxonasi rahbari Zarshid Adashevning aytishicha, hozirda yetarli miqdorda ko‘mir zaxirasi yaratilgan. Ayni paytda maktablardagi mavjud isitish qozonlarini almashtirish choralari ko‘rilmoqda.

– Shu paytgacha maktablardagi isitish tarmoqlarini ko‘zdan kechirib, zarur yumushlarni bajardik, – deydi Z.Adashev. – Ko‘mir saqlash uchun omborlar tashkil qildik, qozonxonalarni ko‘rib chiqdik. Endi ko‘mirga moslashgan qozonlarni o‘rnatishimiz kerak. Bu uskunalarni xorijdan keltirdik va bir hafta ichida o‘rnatib bo‘lamiz.

Tumanning O‘zbekkent mahallasida joylashgan, ming nafarga yaqin o‘quvchi ta’lim olayotgan 20-maktab direktori Shahnoza Zohidovaning ma’lum qilishicha, ta’lim muassasasi shu paytgacha tabiiy gaz bilan isitilgan va bu borada hech qanday muammo bo‘lmagan.

– Bu yilgi mavsumdan maktab tadbirkor tomonidan ko‘mir bilan isitilar ekan, – deydi Sh.Zohidova. – Shu paytgacha ishchilar ichki tarmoqlarni ko‘zdan kechirdi, endi ko‘mirga moslashgan qozonlar o‘rnatilishi aytilmoqda. Lekin hozir hech narsa bilmaymiz, bu o‘zini oqlaydimi-yo‘qmi, vaqt ko‘rsatadi. O‘tgan yilgi anomal sovuq paytlarida ham bizda muammo kuzatilmagandi. Issiqlik tizimi barqaror ishlab turgandi. Nima bo‘lganda ham biz uchun maktab issiq bo‘lsa, o‘quvchilarimiz sovqotmay o‘qisa bo‘ldi.

Samarqand shahridagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabini isitish tizimi shu paytgacha talab darajasida ishlamagani oqibatida qish kelishi bilan muassasani isitish asosiy muammoga aylanardi.

– Binomiz katta emas, bor-yo‘g‘i 320 o‘rinli, – deydi maktab direktori Abduqodir Allanazarov. – Ammo isitish qozonlari eskiligi sababli sinfxonalar kerakli haroratda isitilmasdi. Turli idoralarga murojaatlarimizdan so‘ng va nihoyat bu yil 230 million so‘m mablag‘ evaziga isitish tizimi to‘liq yangilanmoqda. Hozirda xonalarga tarmoq tortish va zamonaviy batareyalar o‘rnatish ishlari yakuniga yetib qoldi. Qurilish tashkiloti bir-ikki kunda ikkita yangi qozon keltirib o‘rnatilishini aytmoqda. Nasib etsa, bu yil qishda o‘quvchilarimiz maktabda sovqotmay o‘qiydi.

Samarqandning Farhod shaharchasida joylashgan 57-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 1117 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Bino katta bo‘lsa-da, isitishda deyarli muammo yo‘q. O‘tgan yilgi sovuqda ham tabiiy gaz bosimi pasayib ketmagan. Faqatgina 6 ta qozondan ikkitasini yangilashga to‘g‘ri kelgan va ayni paytda bu ish yakuniga yetkazilgan.

Aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’yektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rganish, mavjud muammolarni hal etishga davlat organlari bilan birga nodavlat notijorat va jamoat tashkilotlari ham e’tibor qaratmoqda.

Jumladan, O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi va «Yuksalish» umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi mahalliy kengashlar deputatlari bilan birgalikda Jomboy tumanidagi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlarini o‘rgandi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha ma’lumotda qayd etilishicha, tumandagi 800 nafar o‘quvchi ta’lim oladigan 56-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi ko‘mir bilan isitiladi. Joriy kuz-qish mavsumi uchun maktabda 48 tonna ko‘mir zaxira qilingan. Ammo ko‘mir saqlash uchun omborxona mavjud emas. Olti dona isitish qozonxonasida ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

21-, 24-, 26-umumiy o‘rta ta’lim maktablari, 15-, 28- va 31-maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham zarur miqdorda ko‘mir keltirilib, zaxira qilingan. Ayrim muassasalarda isitish qozonlari va tarmoqlar mavsumoldi sinovdan o‘tkazilmagan.

– O‘rganish yakunlarini Jomboy tuman mas’ullari bilan muhokama qilib, ishchi guruh tomonidan aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan o‘z tavsiyalarimizni berdik, – deydi «Yuksalish» umummilliy harakati Samarqand viloyati bo‘linmasi rahbari Elyor Hamroyev. – Mutasaddilar tomonidan chora-tadbirlar belgilanib, kamchiliklarni qisqa fursatlarda hal etish belgilandi. Bu kabi jamoatchilik nazorati tadbirlari boshqa tumanlarda ham o‘tkazilmoqda.

G‘.Hasanov,

A.Isroilov (surat).