Maktablar reytingi. Uni ta’limga yangicha yondashuv ko‘taradi
Viloyat hokimining xalq ta’limi masalalari bo‘yicha maslahatchisi Saidahmad Usmonov Samarqandda ta’lim sifatini oshirish borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
- Keyingi yillarda mamlakatimizda xalq ta’limi sohasini rivojlantirish uchun samarali ishlar qilinyapti, - dedi S.Usmonov. - Masalan, maktablar reytingini ko‘tarish borasida boshqa tuman va viloyatlardan oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar qoloq maktablarga ishga taklif qilinyapti. Fan olimpiadalarida faxrli o‘rinni egallagan o‘quvchi va uning o‘qituvchisi bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanyapti. O‘qituvchilarning ish haqi malaka toifasiga qarab to‘lanyapti.
Bizdagi reyting ko‘rsatkichlari va oliy ta’limga qamrov hali maqtanarli darajada bo‘lmasa-da, yildan yilga xalq ta’limi tizimida o‘zgarishlar kuzatilyapti. Viloyat xalq ta’limi tizimidagi maktablar milliy reyting ko‘rsatkichi har yili yuqorilab borayotgani ham pedagoglarning o‘z ustida ishlashi, dars jarayonida yangi metodlarning qo‘llanilishi va ota-onalarning farzandi kelajagiga befarq emasligidan dalolatdir.
To‘g‘ri, respublika miqyosida milliy reytingda hali yuqori o‘rinlarga chiqqanimiz yo‘q, ammo bu yilgi natijalarimiz yomon emas. Viloyatda yoshlarning bilim olishga qiziqishi, respublika va xorijiy fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotgani fikrimizning isbotidir. Joriy yilda viloyatda 464 nafar maktab bitiruvchisi muddatidan oldin xorijiy va respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. O‘tgan yili ushbu ko‘rsatkich 268 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil 464 nafarga yetdi.
Shuningdek, joriy yilda o‘tkazilgan fan olimpiadalarining (IV) Respublika bosqichida samarqandlik o‘quvchilar yettita sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mazkur yutuqlar hisobiga respublikada uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik. Yillar davomida viloyatimiz bu kabi natijaga erishmagan edi.
Bundan tashqari, joriy yilda viloyatdagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari xalqaro miqyosda o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlarda 10 ta, respublikada o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov, musobaqa, festivallarda 38 ta faxrli o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bugungi kunda viloyatimizdagi umumta’lim maktablarining barchasiga optik tolali aloqa liniyalari tortilib, internet tarmog‘iga ulandi. Shunga ko‘ra, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab barcha maktablar an’anaviy chop etilgan qog‘oz shaklidagi jurnallar o‘rniga “Kundalik” elektron jurnal tizimida ishlaydi.
Ta’kidlash joizki, xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini oshirish borasida hukumatimiz tomonidan islohotlar amalga oshirilishi kutilmoqda. Masalan, kelgusi uch yilda barcha maktablarda darslar zamonaviy metodikalar asosida, Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan va xususiy maktablardagi singari o‘qitiladi. Sababi, ota-onalar farzandini sifatli ta’lim dargohida o‘qitishni istaydi. Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan va xususiy maktablarda o‘quvchilar soni cheklangan, talabgorlarning barchasini qamrab olishning imkoni yo‘q. Shuningdek, maktablarda ta’lim sifatini oshirish uchun yangicha yondashuv talab qilinyapti.
Jahon tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, rivojlangan mamlakatlarda ta’lim sifatini oshirish borasida turlicha yondashuvlarni kuzatamiz. Masalan, Janubiy Koreyada yuqori reytingdagi maktablarning o‘qituvchilariga yaxshi maosh to‘lanar ekan. Shuning uchun ham o‘qituvchilar maktab reytingini ko‘tarishga, o‘quvchilarga yanada sifatli ta’lim berishga harakat qilishardi.
Bir so‘z bilan aytganda, maktab, o‘quvchi va ota-ona birgalikda ishlamasa, ta’lim sifati yaxshilanmasligi bugun o‘z isbotini topdi. Hatto rivojlangan davlatlarda ham ota-ona farzandining bilim olishini reytingi yuqori maktabga ishonib, o‘zi qo‘l qovushtirib turmaydi. Aksincha, har kuni bolasi tayyorlagan uy vazifalarni nazorat qilib boradi. Agar bola darslarni yaxshi o‘zlashtira olmasa, o‘qituvchisi bilan maslahatlashadi, unga dars tayyorlashi uchun yetarlicha vaqt va shart-sharoit yaratib beradi. Bizda ham qachonki, barcha ota-ona xuddi shunday yo‘l tutsa, yaqin kelajakda maktablarda ta’lim sifati oshadi, albatta.