Maktablarda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik qanday?

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i olis hududlardagi maktablarni ko‘zdan kechirdi.

Bugun, 3 iyun kuni viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov Nurobod tumanidagi 10, 18, 23, 41 hamda 2-umumta’lim maktablarida bo‘lib, ta’lim-tarbiya jarayonlarini samarali tashkil etish bo‘yicha yaratilayotgan imkoniyatlar, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, muassasalarda amalga oshirilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirdi.

O‘tgan o‘quv yilida viloyatdagi barcha maktab direktorlariga o‘qituvchilar o‘rtasida “Ustozlar bellashuvi”ni tashkil etish va ularning o‘z faniga doir bilimlarini oshirib borishga doir topshiriqlar berilgandi. O‘rganish jarayonida tumandagi deyarli barcha maktablarda ushbu vazifa nomigagina o‘tkazilganligi namoyon bo‘ldi.

Sazag‘on qishlog‘ida joylashgan 10-umumta’lim maktabida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda jadal olib borilmoqda. Maktabda 977 nafar o‘quvchiga 86 nafar malakali pedagoglar bilim berib kelmoqda. Tumandagi 2016 yilda qurilib, foydalanishga topshirilgan 23-umumta’lim maktabiga kirib borishda bir qarashda obod va ko‘rkam maskandek tasavvur uyg‘otadi. Sinfxonalar yangi o‘quv yiliga shay holatda saqlanmoqda.

Biroq maktabning orqa tomoniga o‘tsangiz mutlaqo boshqa olamga tushib qolgandek bo‘lasiz. Maktab stadionini begona o‘tlar bosib ketgan, bir necha yillardan buyon qurilish chiqindilarining uyumi hosil bo‘lgan. Hojatxonaning suvoq qilingan devori ko‘chib tushgan.

Qariyb 2 ga. yer maydoniga ega bo‘lgan maktab hovlisidan unumli foydalanilmayapti. Bir so‘z bilan aytganda, yaratilgan keng imkoniyatdan deyarli foydalanilgani yo‘q. 23-maktab direktori Eson Hasanov, direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Obid Xoliyorovlar kelajak avlod uchun davlat tomonidan yaratilgan keng imkoniyatni qadrlab, muqaddas maskanni muhtasham maskanga aylantirish o‘rniga xotirjamlikka berilgan.

Anjirli qishlog‘ida joylashgan, Qahramon Suyarov direktorlik qilayotgan 18-umumta’lim maktabida ham kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Biroq muassasaning binosi eski, moslashtirilgan bino bo‘lishiga qaramasdan, o‘quv xonalarini yangi o‘quv yiliga, kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan.

23- va 18-maktablarini bir-biriga qiyoslaganda rahbar didi, fidoyi va jonkuyarligi yoki o‘zibo‘larchilik kayfiyatida ish olib borayotgani yaqqol namoyon bo‘ladi.

Xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tayanch maktablardan biri sifatida belgilangan tumandagi 2-umumta’lim maktabida muassasa binosi, sinfxona va laboratoriyalarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash ishlari deyarli yakuniga yetkazilgan. Bo‘sh turgan yer maydonlariga issiqxona qurilgan, mevali daraxtlar o‘tqazilgan.

— Issiqxonada o‘tqazilgan 15 tup limon daraxtidan bir hosildan joriy yil 2 million so‘m daromad oldik, — deydi 2-umumta’lim maktabi direktori Hamdam Irisov. — Ushbu mablag‘ hisobidan ba’zi sinfxonalardagi yoritish tizimini qayta ta’mirlash, pol qismini bo‘yash ishlariga safarbar etdik.

Tumandagi 41-umumta’lim maktabida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qariyb 3 milliard so‘mlik kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. S.Usmonov maktabdagi qurilish jarayonlari bilan tanishib, o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun munosib sharoitlar yaratish, maktabning zamonaviy qiyofaga ega bo‘lishi bo‘yicha o‘zining tavsiyalarini berdi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.