«Manej»ga borayotganlar nega kamaydi?

Ahmadjon Bobojonov,  Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i:

- Shu yilning yanvar oyidan boshlab aholini vaksinatsiya jarayoniga jalb qilish bo‘yicha ishlar boshlangan edi. Ya’ni, avval xavf guruhidagi 65 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi, keyin o‘qituvchi, shifokorlar ro‘yxati tuzildi. Shundan so‘ng vaksinatsiya ishlari boshlandi.

To‘g‘ri, avvaliga aholi hadik va biroz ikkilanish bilan vaksina olishga keldi, ba’zilar hatto rad qildi ham. Ammo targ‘ibot-tashviqot ishlarining amalga oshirilishi natijasida emlash ishlari turli dinamikada bo‘lsa-da olib borildi. Yoz oylariga kelib, kasallik avj ola boshlaganda vaksinaga ehtiyoj yana kuchaydi. O‘zim ikki oy davomida "Kovid-markaz"da faoliyatim davomida amin bo‘ldimki, avvaliga, har kuni yuzlab bemorlar markazga shifo istab murojaat qila boshlagan bo‘lsa, vaksinatsiya ommaviy amalga oshirila boshlagandan so‘ng bemorlar soni kelishi dinamikasi keskin pasaydi. Bugungi kunga kelib, ushbu markazda ambulator davolanishga muhtoj bemorlar hatto 75 foizga kamaydi.

Mutaxassis sifatida, qolaversa, ushbu markazdagi tajribamdan kelib chiqqan holda aytishim mumkinki, vaksina olgan aholi virusga chalinish holati kam uchramoqda. Uchrasa-da, kasallik klinik belgilarsiz, yengil o‘tmoqda.