Masala ko‘p, muammo kam emas, ammo muhimi - natija

Xalq deputatlari viloyat Kengashining yetmish birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Z.Karimov boshqardi.

Deputatlar dastlab Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i M.Nasrullayevning boshqarma 2022 yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yuzasidan hisobotini tingladilar va muhokama qildilar.

Qayd etilishicha, 2022 yilning 6 oyi davomida MIB viloyat boshqarmasi va uning hududiy tarmoqlari tomonidan jami 3,5 trillion so‘mlik 327714 ta ijro hujjatlari yuzasidan majburiy ijro tadbirlari amalga oshirilgan. Natijada 1 trillion 766,5 milliard so‘mlik 121720 ta ijro hujjati yuzasidan yakuniy qarorlar qabul qilinib, ular bo‘yicha amalda undirilgan to‘lov va qarzdorliklar miqdori 1 trillion 32,0 milliard so‘mni tashkil qilgan. 

Shu jumladan, davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq jami 1 trillion 150,0 milliard so‘mlik 217166 ta ijro hujjatlari bo‘yicha majburiy ijro tadbirlari amalga oshirilib, 634,9 milliard so‘mlik 92475 ta ijro hujjatlari yuzasidan yakuniy qarorlar qabul qilgan va amalda undirilgan to‘lov va qarzdorliklar miqdori 391,2 milliard so‘mni tashkil etgan.

- Aliment undirish bilan bog‘liq ijro ishlari nafaqat viloyatimizda, balki respublika miqyosida dolzarb va yechimini kutayotgan masala sanaladi, – dedi M.Nasrullayev. - Joriy yilning 1 iyul holatida aliment to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari 34508 tani, ya’ni boshqarma ish yurituvidagi ijro ishlarining 28,3 foizini tashkil qiladi. Ushbu davrda amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari natijasida aliment to‘lovchi qarzdorlardan jami 59,5 milliard so‘mdan ortiq aliment pullari undiruvchilarga undirib berildi.

Aliment to‘lovlarini to‘lashdan muntazam ravishda bo‘yin tovlab kelgan 521 nafar  qarzdor ma’muriy javobgarlikka va 77 nafari jinoiy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, aliment undirish bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha ishsiz, yordamga muhtoj, og‘ir ahvolga tushib qolgan aliment to‘lovchi qarzdorlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, bandlik va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda aliment to‘lovchi qarzdor otalar ishga joylashtirilib, ularning doimiy bandligini ta’minlab, aliment undiruvlari ularning ish haqlariga qaratib kelinmoqda.

Shu o‘rinda bir taklifim bor: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga o‘zgartirish kiritilib, ishsiz aliment to‘lovchi shaxs tomonidan aliment to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelganligi holati bo‘yicha unga nisbatan ma’muriy jazo tariqasida qo‘llaniladigan 15 sutkalik ma’muriy qamoq muddatini 1 oyga o‘zgartirib, huquqbuzarni haq to‘lanadigan majburiy mehnatga jalb qilib, unga to‘langan ish haqini aliment qarzdorligini qoplash uchun yo‘naltirish zarur. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 122-moddasiga asosan aliment bo‘yicha majburiyatni bajarishdan bo‘yin tovlagan qarzdorlarga nisbatan haq to‘lanadigan majburiy mehnatga jalb qilish jazo chorasini joriy etish kerak, deb hisoblaymiz.

Deputatlar majburiy ijro tadbirlari shaffofligini ta’minlash borasidagi masalalar haqida so‘z yuritib, tizimdagi ayrim kamchiliklarni tanqid qildi. MIB faoliyatida sifat va samaradorlikni oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Sessiya ishida, shuningdek, Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i F.Rajabov viloyatda suv resurslarini boshqarish, suv xo‘jaligi ob’yektlarining texnik holatini yaxshilash, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish holati yuzasidan hisobot berdi.

F.Rajabovning ma’lum qilishicha, hududda yildan yilga suv resurslari kamayib boryapti. 2021 yilda Zarafshon daryosining suv ta’minoti 80-85 foiz atrofida bo‘lishi bashorat qilingan edi, amalda ta’minot o‘rtacha 70 foiz miqdorida bo‘ldi. Buning natijasida viloyatda kuchli suv tanqisligi kuzatildi. 2022 yilda viloyatning sug‘orish mavsumida suvga bo‘lgan me’yoriy talabi 3 232 million metr kubni tashkil qilgani holda, Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan sug‘orish ishlari uchun 2 290,5 million metr kub yoki 941,5 million metr kub kam suv limiti ajratilgan. Xo‘sh, bu tanqislikni qanday yengish mumkin? Albatta, joylarda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish orqali.

- Buning uchun bugungacha viloyat bo‘yicha 77,9 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi, - dedi F.Rajabov. - Prezidentimizning 2022 yil 1 martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, shu yil yana 38,9 ming gektar maydonda suv tejovchi sug‘orish texnologiyasini joriy etish belgilangan. Bu borada bugungi kun holatida tomchilatib sug‘orish bo‘yicha 12 ming 801 gektar maydon uchun zarur mablag‘ ajratilgan. 3 ming 661 gektar maydonda suv tejovchi texnologiya joriy etish uchun subsidiya olishga hujjatlar tayyorlangan, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha 384 gektar yerda zarur ishlar yakunlangan.

Sessiya davomida deputatlar viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i X.Umarovning 2022 yil ikkinchi choragi davomida viloyat jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar, jamoat xavfsizligini ta’minlovchi va unda ishtirok etuvchi sub’yektlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotini tingladi.

Ta’kidlanishicha, Prezidentimizning 2021 yil 29 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida Ichki ishlar vazirligi tuzilmasida Jamoat xavfsizligi departamenti tashkil etilib, hududiy bo‘linmalari tarkibiga jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi va probatsiya xizmatlari kiritilgan. Hujjatda belgilanganidek, viloyatimizda mahalliy byudjet hisobidan Kattaqo‘rg‘on shahrida ushbu shahar hamda Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on va Narpay tumanlariga xizmat ko‘rsatuvchi patrul-post xizmati bo‘linmasi uchun 25 ta shtat birligi joriy etilib, xodimlarga xizmatdan foydalanish maqsadida 12 ta avtotransport vositasi ajratilgan. Viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmasi huzurida 11 ta shtat birligidan iborat otliq bo‘linma tashkil etilgan. Shu paytgacha mavjud bo‘lgan 16 ta vaqtincha saqlash hibsxonalarining 6 tasi qisqartirilib, hududlarda 4 ta tumanlararo konvoy guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

- Biroq yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklarga qaramasdan, hamkorlikda olib borilgan profilaktik tadbirlar lozim darajada tashkil etilmaganligi natijasida jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida bir qator kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yildi, - deydi X.Umarov. - Oqibatda viloyat hududida umumiy jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,7 foizga ko‘paydi. Yilning 6 oyi davomida viloyat hududida sodir etilgan jinoyatlarning 26 tasini oila turmush munosabatlari doirasidagi shaxsning hayoti va sog‘lig‘iga qarshi qaratilgan jinoyatlar tashkil etdi. Achinarlisi, umumiy jinoyatlarning 7,1 foizi xotin-qizlar hissasiga to‘g‘ri kelib, ular tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 81 taga ko‘paygan. Muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ham 23 taga oshgan.

Sessiyada, shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i H.To‘xtayevning viloyatda yoshlar muammolarini hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlar bilan ishlash samaradorligi va natijadorligini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan hisoboti eshitildi. Deputatlar masala ijrosi yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.

Sessiyada deputatlarning viloyatning shahar va tumanlarida mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturining maqsadli parametrlari, viloyat “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish, Samarqand viloyatidagi ichki xo‘jalik yo‘llarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini yanada jonlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzurida kompensatsiya komissiyasini tuzish, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash), davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yishga ruxsat berish, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.