Masala ko‘p, vazifalar undan kam emas
9 dekabr kuni Samarqand viloyati hokimligida xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov olib bordi.
Kun tartibiga asosan dastlab viloyatdagi sud organlarining 2020 yil 9 oyidagi faoliyati odil sudlovni amalga oshirish borasidagi ishlari yuzasidan axborotlari tinglandi.
Sud raislari qo‘shimcha axborot kiritadi
Muhokamalar davomida sud raislariga aniq taklif va tavsiyalar bildirildi. Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi O.Hayitovdan tergov organlaridan taqdim etilayotgan materiallarni sifati bo‘yicha tahliliy axborot berish so‘raldi.
- Bu nega kerak, - dedi Kengash raisi E.Turdimov. – Bir jinoyat ishi qo‘zg‘atilsa-yu holatga batafsil aniqlik kiritilmasa, tergovchi qachon mas’uliyatni his qiladi? Shuning uchun tahliliy axborotda qaysi idora tomonidan taqdim etilayotgan tergov materiallari kamchilik ko‘p aniqlanayotgani va bunga aniq familiyalar misoli kerak.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi B.Norovga mulkiy munosabatlarda nizoli holat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan mansabdorlar to‘g‘risida axborot kiritish tavsiya qilindi. Ma’muriy va iqtisodiy sud raislari hududlar kesimida qaysi organ faoliyatida kamchiliklar aniqlanayotgani to‘g‘risida ma’lumot taqdim etadigan bo‘ldi.
Korrupsion holat ochiqlandi
Viloyat prokurori R.Masharipov amalga oshirilgan ishlardan ko‘ra ko‘proq qaysi sohalarda qanday turdagi korrupsiya holatlari aniqlanayotganiga to‘xtaldi.
Qayd etilishicha, so‘nggi ikki yilda viloyatimizda 246 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaviy jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan. Bunday jinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori 25,3 milliard so‘mdan oshadi.
Mazkur jinoyatlar sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda, jinoyatlarning 19 tasi bank, 17 tasi oliy ta’lim, 15 tasi xalq ta’limi, 33 tasi sog‘liqni saqlash, 20 tasi maktabgacha ta’lim, 4 tasi soliq, 21 tasi ichki ishlar, 8 tasi majburiy ijro byurosi, 3 tasi sud sohasi hamda 58 tasi boshqa korxona, tashkilot xodimlari tomonidan sodir etilgan.
- Keltirilgan raqam va misollar barchamizni sergak torttirishi kerak, - dedi R.Masharipov. - Avvalo, birinchi rahbarlarda tizimda adolat o‘rnatishga, tanish-bilishchilik va suiiste’molchilikka chek qo‘yishga xohish bo‘lsa, qat’iyatlik ko‘rsata olsa, korrupsiya ildizini bartaraf etish mumkin.
R.Masharipovning qayd etishicha, prokuratura tizimida ishga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan 4 nafar xodimning masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Qoidabuzarliklarni tadbirkor qayd qiladi
Sessiyada viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahmonovning ham hisoboti tinglandi.
Hisobotda qayd etilishicha, kriminogen vaziyat ortib ketmasligi uchun kuch va vositalardan to‘g‘ri va unumli foydalanish yuzasidan barcha choralar ko‘rilmoqda. Deputat Aziz Ahrorov viloyatda mavjud chorraha va yo‘l kesishmalarida video qayd etish uskunalaridan nima uchun foydalanilmayotgani bilan qiziqdi.
- Bugungi kunda 4 mingdan ortiq video uskunalar o‘rnatilgan, - dedi Sh.Rahmonov. – Ularning 2 mingdan ortig‘i viloyat IIB dagi situatsion markazga ulangan. Aytmoqchi bo‘lganim, har bir jarayon yoki ish ma’lum vaqt talab qiladi. Siz aytgan masalada davlat-xususiy sheriklik shartlarida dastlabki harakatlar boshlangan. Ayni paytda bir nafar tadbirkor yo‘llardagi avtomobillarni belgilanmagan joyda qoldirganlik holatlarini video uskuna bilan qayd qilmoqda. Bu tajriba kelgusida chorraha va yo‘lning boshqa qismlariga ham joriy qilinadi.
Band bo‘lmagan fuqarolar kasbga o‘qitiladi
Sessiya ishida axborot bergan viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov shu masalaga alohida to‘xtaldi.
Axborotda qayd etilishicha, joriy yilda 4 ming 280 nafar ishsiz fuqaroni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish belgilangan bo‘lib, 30 noyabr holatiga 4 ming 34 nafar fuqaro ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitilgan. Yil yakuniga qadar yana 827 nafar ishsizlar kasbga o‘qitiladi.
2021 yil yanvar oyidan Mudofaa vazirligi tasarrufida bo‘lgan “Temurbeklar maktabi” da qurilish sohasidagi 16 turdagi kasblar bo‘yicha bir yilda 18-30 yoshgacha bo‘lgan 1 800 nafar ishsiz fuqaroni o‘qitish rejalashtirilmoqda.
Deputat Narziqul Xoliqov joylardagi bir martalik ishchilar yig‘iladigan joylarda fuqarolarga sharoit yaratish borasidagi ishlar bilan qiziqdi. Ta’kidlanishicha, mazkur yo‘nalishda Toyloq tumanida yil yakunigacha zamonaviy maskan ish boshlaydi. Bu yerda kunlik yollanib ishlaydiganlar uchun oshxona, yotoqxona va boshqa qulayliklar yaratiladi. Kelgusi yil mart oyigacha Samarqand shahrida ham shunday maskan barpo etiladi.
Transport xizmati zamonaviylashtiriladi
Bu haqda viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Shukurovning viloyatda avtomobil yo‘llaridan foydalanish va ta’mirlash, aholiga transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risidagi hisobotida qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, viloyatdagi 12 ming kilometr ichki yo‘llarning katta qismi ta’mirtalab. Joriy yilda yo‘llarni ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari uchun 400 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Kelgusi yilda bu ko‘rsatkich 1 trillion so‘mdan oshishi kutilmoqda.
Albatta, yo‘llarni ta’mirlash barobarida aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmati sifatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
- Samarqandda avtobus bilan ta’minlanganlik respublikada eng yaxshi ko‘rsatkichga ega, - dedi viloyat hokimi E.Turdimov. – Lekin bu bor-yo‘g‘i 31 foizni tashkil qiladi. Shu bois, biz rivojlangan davlatlar ekspertlarining xulosa va tavsiyalari asosida transport xizmati ko‘rsatishni zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘ryapmiz.
Bu borada o‘tkazilgan tender tanlovlarida Rossiya Federatsiyasining ko‘zga ko‘ringan firmasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Ular yordamida butun marshrutlardan tortib, ish tizimigacha yangicha tashkil etiladi.
Shu o‘rinda yana bir ma’lumot, xususiy taksi xizmati ko‘rsatish uchun litsenziya berish tizimini joriy qilish bo‘yicha davlat rahbariga taklif berdik. Bu orqali 40 mingdan ziyod aholi o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlaydi.
Onalar va bolalar salomatligi muhofazasida o‘zgarish bo‘ladimi?
Sessiyada shuningdek, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozovning viloyatda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom bola tug‘ilishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.
Qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda onalar o‘limi 14,0 promellini tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 10,4 promelliga kamaygan. Shunga qaramasdan, Bulung‘ur tumanida 1, Past Darg‘om tumanida 2, Narpay tumanida 1, Toyloq tumanida 1 ta o‘lim qayd etilgan.
Deputatlarning savollariga javob berarkan, D.Jumaniyozov Samarqand shahrida 11 ta poliklinika faoliyat olib borayotganini qayd etdi. Bu tabiiyki, mavjud aholi soniga nisbatan kam. Shu bois, 2021 yilda 5 ta yangi poliklinika qurilishi rejalashtirilmoqda.
Deputat N.Nurmatovaning taklifi bilan maktablarda zamonaviy qo‘l yuvish vositalarini o‘rnatish choralari ko‘riladigan bo‘ldi. Buning uchun Payariq tumanida bitta maktab tanlab olinib, ushbu vositani qayerga o‘rnatish, buning uchun ketadigan sarf-xarajatlar eksperiment tariqasida o‘rganiladi. Shu asosda viloyat bo‘yicha talab etiladigan mablag‘ miqdori va boshqa ishlar yuzasidan aniq asoslangan taklif kiritiladi.
Shuningdek, maktablarning yuqori sinf o‘quvchilarini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish choralari ko‘riladi.
Suv narxi oshdi
Sessiyada viloyatda ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari tariflarini tasdiqlash to‘g‘risida masala ham ko‘rib chiqildi.
Kiritilgan taklifga ko‘ra, 1 metr kub ichimlik suvi tarifi aholi uchun 1850 so‘m, byudjet va ulgurji iste’molchilar uchun 3500 so‘m etib tasdiqlandi.
Oqova suvning 1 metr kubi uchun aholi 1300 so‘m, byudjet va ulgurji iste’molchilar 2800 so‘m to‘lov qilishi belgilandi.
Qayd etish lozimki, ushbu tarif narxlari qaror rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Fermerlar ko‘p tarmoqli bo‘ladi
Sessiyada viloyatda 2021 yilda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va rivojlantirish dasturi to‘g‘risida Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi viloyat bo‘limi raisi A.Norqo‘ziyevning taqdimoti o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, 2021 yilda viloyatimizda ko‘p tarmoqli dastur doirasida 1 ming 325 ta fermer xo‘jaligi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘p tarmoqli faoliyatni boshlaydi va 1 ming 359 ta loyiha amalga oshiriladi.
Jumladan, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tomonidan 2 ming 338 gektar maydonda intensiv bog‘, 2 ming 783 gektar maydonda yangi tokzor va 38,9 gektar maydonda issiqxonalar barpo etilishi, 15 ta meva-sabzavot, sut va go‘sht mahsulotlarini, 4 ta non va non mahsulotlari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, 28 ta fermer xo‘jaliklarida sovutkichli omborxonalar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga 132 fermer xo‘jaligida qoramolchilik va parrandachilik, 79 fermer xo‘jaligida baliqchilik va asalarichilik, 57 fermer xo‘jaligida qo‘ychilik va echkichilik, 207 fermer xo‘jaligida qulupnaychilik hamda 373 fermer xo‘jaligida servis xizmatlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirilishi mo‘ljallangan.
Sessiya ishida shuningdek, viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari J.O‘roqovning kambag‘al oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti hamda viloyat mahalliy byudjetining 2020 yil kutilayotgan ijrosi, xalq deputatlari viloyat Kengashi muhokamasida bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda, mahalliy byudjet daromadlari va xarajatlarining batafsil loyihalarini ishlab chiqish to‘g‘risida axboroti ko‘rib chiqildi.
Viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi S.Jumayevaning viloyatda oilaviy ajralishlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan hisoboti eshitildi.
U shuningdek, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” yuritilishi va ushbu daftarlarga kiritilgan fuqarolarning muammolarini hal etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tdi.
Bundan tashqari, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan Kengashning qarorlari qabul qilindi.