Masala pishiq tayyorlansa, savolga o‘rin qolmaydi
Bugun o‘tkazilgan xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma yettinchi sessiyasi asosiy xulosasi shunday bo‘ldi.
Sessiya ishini viloyat hokimi, Kengashi raisi E.Turdimov boshqardi.
Yetim bolalarni deputatlar ham otaliqqa olmoqchi
Sessiya kun tartibiga ko‘ra, dastlab viloyatda ota-onalar qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, “Mehribonlik” uylarida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari X.Ochilovning hisoboti eshitildi.
Hokim o‘rinbosarining aytishicha, viloyatda vasiylik va homiylik organlari hisobida 18 yoshgacha bo‘lgan 5148 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hisobga olingan. Ularning 2912 nafariga vasiylik, 998 nafariga homiylik tayinlangan. 1209 nafari farzandlikka, 29 nafari oilaga tarbiyalash patronatga berilgan.
Bugungi kunda 99 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarni uy-joy bilan ta’minlash masalasi mavjud. Ularning 59 nafari (Samarqand shahrida 45, Jomboyda 4, Payariqda 3, Bulung‘ur va Urgutda 2 nafar, Narpay, Past Darg‘om, Toyloqda 1 nafardan) amaldagi tartibda uy-joyga muhtoj sifatida tuman (shahar) hokimliklarida navbatga olingan, qolgan 40 nafarining hujjatlari rasmiylashtirilmoqda.
X.Ochilov yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator takliflarni ham bildirdi. Jumladan, ularga kasb-hunar o‘rgatish maqsadida 1-sonli Mehribonlik uyida mahalliy byudjet zaxira mablag‘lari hisobidan elektromontaj va santexnika yo‘nalishida o‘quv ustaxona qurish va jihozlash, uy-joy bilan ta’minlash, Mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarning doimiy bandligini ta’minlash, Mehribonlik uyini “Bolalar shaharchasi”ga aylantirish va tarbiyalanuvchilarni oila bo‘lib istiqomat qilishlari uchun sharoit yaratish, yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni tarbiyalash uchun oilalar (patronat)ga berish bo‘yicha takliflar qo‘llab-quvvatlandi.
Deputat G.Qo‘chqorova ota-onasiz, yetim qizlardan birini o‘z qaramog‘iga olib, kasb-hunar o‘rgatish, uy-joy bilan ta’minlash tashabbusini bildirdi. Yana bir deputat H.O‘roqov ham bir nafar tarbiyalanuvchi uchun uy-joy qurib berishini bildirdi.
Hisobotlar ma’qullandi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i S.Mahmarahimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan hisobot berdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu farmon asosida viloyatda 68 ta davlat aktivlari xususiylashtirilishi belgilangan bo‘lib, hozirgacha 52 tasi auksion savdolariga chiqarilib, 31 tasi 69 milliard so‘mga sotilgan.
Alohida yondashuv asosida xususiylashtirilishi belgilangan 14 ta aktivlar, ya’ni 10 ta gazeta va nashriyot korxonalar, 2 ta axborot texnologiyalari va kompyuter xizmatlari ko‘rsatish markazlari, 2 tibbiyot muassasasi (Kattaqo‘rg‘on shahar va Toyloq tuman stomatologiya poliklinikasi) bo‘yicha korxonalar faoliyat turini saqlab qolish sharti bilan, birinchi navbatda mehnat jamoasiga sotib olishni taklif etish yuzasidan tegishli takliflar davlat aktivlarini boshqarish agentligiga taqdim etilgan.
Viloyatdagi 58 ta bozor va savdo komplekslarini yuqoridagi farmonga asosan boshqaruv tizimini takomillashtirish va ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish belgilangan va hozirda ularning mulkiy, huquqiy va moliyaviy muammolari o‘rganilmoqda.
O‘tgan sessiyada davlatimiz rahbarining 2021 yil 24 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziqulov, Kadastr agentligining viloyat boshqarmasi rahbari F.Xudoyqulov hamda viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari F.Axmedjanovlarning hisoboti puxta tayyorlanmagani uchun qabul qilinmagan va keyingi sessiyalarda qayta eshitishga qaror qilingandi.
Bu gal mutasaddilar Urgut tumani Vag‘ashti mahalla fuqarolar yig‘ini misolida farmon ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan xatlov natijalari haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, xatlov natijasida mahallada 527 ta ko‘chmas mulk ob’yektida 36 gektar yer maydoni ortiqcha egallanganligi, 141 ta uy-joyda mulk qiymati 4009,9 million so‘mga kam belgilanganligi aniqlangan. Shundan, 10 gektar yer maydoni va 1 milliard 805 million so‘mlik mulkdan iborat qo‘shimcha 37 ta turar joy ob’yektlari aniqlandi. Mazkur ob’yektlarga oxirgi 5 yil uchun 1801,1 million so‘m soliq qo‘shimcha hisoblandi.
Masalalar doimiy komissiyalarda ko‘rib chiqilgan
Sessiya muhokamasiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonining ijrosi haqidagi, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktori O.Isoqulovning 2021 yil 26 fevraldagi “Viloyatda tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi hisobotlari belgilangan tartibda dastlab tegishli doimiy komissiyalarida ko‘rib chiqilib, muhokama etilgani ta’kidlandi. Shu bois deputatlar bu haqda mas’ullarning hisobotini eshitmasdan, o‘z taklif va mulohazalarini bildirgan holda qaror qabul qildilar.
Viloyat hududlarida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” asosida amalga oshirilayotgan ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilmagan sektorlar rahbarlarining hisobotlari to‘g‘risidagi masala yuzasidan aniq to‘xtamga kelinmagani, bu borada hali o‘rganish ishlari borilishi lozimligi tufayli bu masala keyingi sessiyalarda muhokama etilishi belgilandi.
Sessiyada Kengash vakolatiga taalluqli bir qator masalalar yuzasidan ham tegishli qarorlar qabul qilindi.