Mas’ullarning hisoboti eshitildi

Avval xabar qilganimizdek, bugun xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining yigirma sakkizinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiya ishini Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.

Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosi Senat raisi nazoratida

Sessiyada dastlab, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi G.Alimova Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 sentyabrdagi “2020-2022 yillarda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan hisobot berdi.

Ta’kidlanishicha, qarorga asosan 2020-2022 yillarda shaharda 204 loyiha doirasida 1 trillion 103 milliard 599 million so‘m mablag‘ o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, 2020 yilda sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda 81 loyiha amalga oshirilib, 170 milliard 217 million so‘mlik investitsiyalar jalb etilgan. Muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 11,7 milliard so‘mlik 23 ta loyiha bajarilgan. Shuningdek, ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish, ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha 7,6 milliard so‘m evaziga 6 ta loyiha amalga oshirildi.

– Vazirlar Mahkamasi qarorining barcha bandlari ham birdek bajarilmayotgani sir emas, - dedi G.Alimova. – Misol uchun, “Ipoteka-bank”ka Ingichka qo‘rg‘onchasi hududidagi kichik sanoat zonasiga mavjud tabiiy va xomashyo zaxiralaridan samarali foydalangan holda travertin, gipsokarton, gips bog‘lagichlarini va marmar toshlarni qayta ishlash loyihalarini 2020 yil yakuniga qadar joylashtirish choralarini ko‘rish topshirilgan edi, ammo bu ish hali boshlanmadi. Shu va boshqa bir qator masalalar respublika vazirlik va idoralari bilan bog‘liq bo‘lgani sababli bu haqda Oliy Majlis Senati raisi, Kattaqo‘rg‘onda o‘rganish ishlariga bosh bo‘lgan ishchi guruh rahbari T.Norboyevaga ma’lumot kiritganimiz va qaror ijrosi Senat raisi nazoratida turibdi. 

Ko‘rsatilayotgan yordamni aholi o‘z hayotida sezishi kerak

Sessiyada viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.Jumayevaning davlatimiz rahbarining 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan, viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborovning 2021 yilda yangi ish o‘rinlari yaratish prognoz ko‘rsatkichlarini belgilash bo‘yicha hududlar va yo‘nalishlar kesimida manzilli dasturni tasdiqlash to‘g‘risidagi hisobotlari eshitildi.

– Qaror asosida viloyatimizda 21 nafar vakillardan iborat viloyat xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tarkibi hamda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan, – dedi S.Jumayeva. – Ushbu reja hamda joylarda o‘tkazilgan xatlov natijasida 34 ming 939 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritildi va ularga to‘qqiz toifaga ajratilgan holda amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Bugungi kunga qadar ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj 8537 nafar ayolning bandligi ta’minlandi. 6 nafar uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga Vazirlar Mahkamasining 285-sonli qaroriga asosan boshlang‘ich badal pullari to‘lab berildi, 44 nafar ayol ijara shartnomasi asosida, 6 nafar ayol ijtimoiy uy bilan ta’minlandi.

Bundan tashqari, 1979 nafar xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitildi, 

954 nafariga Xalq banki tomonidan kreditlar ajratildi va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashildi.

Joriy yilning 1 sentyabriga qadar “Ayollar daftari”ga kiritilgan yana 7 ming 408 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlanadi. Xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasidan 181,4 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan uy-joyga muhtoj 120 nafar ayolga boshlang‘ich badal pullari to‘lab beriladi.

2021-2022 o‘quv yilida oliy o‘quv yurtiga kiradigan, ota yoki onasidan biri vafot etgan, shuningdek, turmush o‘rtog‘i vafot etgan xotin-qizlardan 100 nafarining kontrakt to‘lovi viloyat hokimligi, 61 nafariniki oliy o‘quv yurtlari tomonidan to‘lanishi belgilangan.

Viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov yilning birinchi choragida 7630 ta loyihalarda 9045 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilganini ta’kidladi. Hisobot davrida 6975 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirilgan, 2530 nafar aholi jamoat ishlariga jalb qilindi, 3710 kishi kasb-hunarga o‘qitildi,  298 nafar ishsiz va kam ta’minlangan fuqarolarga issiqxona qurib berish, urug‘ va ko‘chatlar sotib olish va sug‘orish vositalarini xarid qilish maqsadida subsidiyalar ajratildi.

Boshqarma boshlig‘i belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha yil oxiriga qadar yana qancha ish o‘rinlari yaratilishi, jamg‘armalar tomonidan beriladigan kreditlar va davlat subsidiyalari haqida ma’lumot berdi.

Deputatlar ikki mas’uldan ham raqamlar emas, ko‘proq amaliy ishlar haqida ma’lumot berishni so‘radi. Ko‘rsatilayotgan yordam, davlat e’tiborini oddiy, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan odamlar o‘z hayoti misolida his qilishiga erishish muhimligini ta’kidladi.

Fuqarolarga qulaylik yaratilganmi?

Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i F.Shayzakovning hisobotini ham eshitdilar.

– Keng jamoatchilikning fikrlaridan kelib chiqib, viloyat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining asosiy faoliyatini fuqarolarga ko‘mak berishga yo‘naltirish hamda korrupsiyaga imkon beradigan omillarni bartaraf etish choralarini ko‘ryapmiz, – deydi F.Shayzakov. – Viloyat hududida doimiy ro‘yxatdan o‘tmagan, vaqtinchalik istiqomat qilib kelayotgan yoki uzoq muddat davomida xizmat safarida bo‘lgan fuqarolarning avtomototransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgilarini berishda aholiga qulaylik yaratilmoqda. Fuqarolarning doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hududidan qat’i nazar milliy haydovchilik guvohnomasini almashtirish ishlari hozirgi kunda viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining Samarqand shahridagi, Kattaqo‘rg‘on, Samarqand, Oqdaryo tumanlaridagi ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘lim va bo‘linmalarida to‘liq amalga oshirilmoqda. Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi binosida ham milliy haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun kompyuter, suratga olish va chop etish moslamalari keltirildi. Viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi huzuridagi ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘lim-bo‘linmalarida haydovchilik guvohnomasini olishga talabgorlardan imtihonlarni olish jarayonining inson omilisiz, oshkorolik va shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaga imkon beradigan omillarni bartaraf etish maqsadida tegishli idoralar tomonidan yaratilgan va davlat standartlaridan o‘tkazilgan elektron imtihon dasturlari orqali sinovlar olinishi yo‘lga qo‘yilgan.

2021 yil 1 apreldan boshlab avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik sub’yektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi berilgan.

Deputatlar tizimda yo‘lga qo‘yilayotgan yangi tartiblar va hamda viloyat hududida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga F.Shayzakovdan javoblar oldilar.

Sessiyada kengash vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.