Mavsum boshlangan bo‘lsa-da, nega xonadonlar isitilmayapti?

Viloyatimizda joriy yilning 26 oktyabridan boshlab isitish mavsumi boshlandi. Ammo oradan shuncha kun o‘tganiga qaramay, ijtimoiy soha ob’yektlari va ko‘p qavatli uy-joylar hamon isitilmayapti. Xo‘sh, nega haligacha isitish qozonxonalari ishlamayapti? Maktab va bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilari sovuqda dirdirab o‘tiradimi? Shifoxonalardagi bemorlar-chi? Ularni sovuqdan qanday asraymiz? Elektr energiyasi va tabiiy gazdan uzilish holatlari bo‘lmaydimi?

Elektr energiyadan uzilish bo‘lmaydi

«Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati ko‘p qavatli uy-joylarda istiqomat qiluvchi aholi xonadonlarida elektr tokida uzilish bo‘lmasligini va’da berishyapti. Shuningdek, mavsum arafasida Samarqand shahridagi 14 ta qozonxonaning isitish tizimlari va uskunalarini doimiy elektr energiyasi bilan ta’minlab turish uchun 14 ta transformator mukammal ta’mirdan chiqarilgan. Eskirgan, ishdan chiqqan kabel elektr uzatish tarmoqlari yangisiga almashtirilgan.

- Joriy mavsumda aholi xonadonlaridagi elektr chiroqlari o‘chib qolmasligi uchun zarur tayyorgarlik ishlarini ko‘rdik, - deydi «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Bahodir Rahmatov. – Samarqand shahrida esa 3 ta, qolgan tumanlarda 1 tadan kecha-kunduz ishlaydigan, muntazam elektr energiyasi bilan ta’minlashni nazorat qiladigan 22 ta dispetcherlik xizmati va 22 ta avariyalarni tezkor bartaraf etish brigadalari tashkil etilgan. Ular maxsus texnika va jihozlar hamda malakali mutaxassislar bilan ta’minlandi.

Tabiiy gazdan-chi?

- Mavsumda aholi xonadonlarini, isitish qozonxonalarini tabiiy gaz, tanqislik sezilgan hududlarda suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlash borasida muammo bo‘lmasligiga harakat qilyapmiz, - deydi «Hududgaz Samarqand» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh muhandisi Olim Isaqulov. – Barcha shahar va tumanlar hokimliklarida maxsus shtablar tashkil etilib, dispetcherlik xizmati va avariyalarni bartaraf etish brigadalarimiz bilan muntazam aloqa yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, hududlarning kattaligini hisobga olib, Go‘zalkent va Chelak shaharchalarida qo‘shimcha 1 tadan avariyalarni tezkor bartaraf etish brigadasi tashkil etildi. Shu paytgacha gaz tanqisligi seziladigan hududda yashovchi aholiga 31 mingdan ziyod ballonli gaz tarqatgan bo‘lsak, bir oy ichida yana qo‘shimcha 28.744 ta ballonli gaz tarqatishni rejalashtirganmiz.

22 qozonxonaning 8 tasi ishlamaydi

Bugungi kunda Samarqand shahridagi 22 ta qozonxonaning issiqlik tarmoqlariga 789 ta ko‘p qavatli uy-joy va 76 ta ijtimoiy soha ob’yektlari ulangan. Ammo joriy yilgi kuz-qish mavsumiga 14 ta qozonxona tayyor holatda. Ular orqali 54 ta ko‘p qavatli uy-joylardagi 1860 ta xonadon hamda 36 ta ta’lim va tibbiyot muassasalarini issiqlik energiyasi bilan ta’minlash mo‘ljallangan. Qolgan 8 ta qozonxonadagi isitish qozonlari va uskunalari, isitish tarmoqlarining deyarli 90 foizi yaroqsiz ahvolga kelib qolganligi sababli faoliyati to‘xtatilgan.

- Prezidentimizning 2019 yil 30 iyuldagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohani 2019-2020 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda viloyat hokimining joriy yil 25 oktyabrdagi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida, imkoniyat darajasida tayyorgarlik ko‘rdik, - deydi viloyat «Issiqlik manbai» davlat unitar korxonasi boshlig‘i Yoqub Qurbonov. – Ayni paytda Finlyandiyaning “FCG Design and Engineering Ltd" kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma asosida Samarqand shahridagi RK-2 qozonxonasida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari davom etmoqda. Mazkur loyiha asosida ilk bosqichda 158 ta ko‘p qavatli uylarga issiqlik energiyasini yetkazib berish uchun 1 ta zamonaviy qozon va 12,5 kilometr issiqlik tarmog‘ini xarid qilish uchun zarur hujjatlarni tayyorlayapmiz. 2020 yildan boshlab Samarqand shahridagi 2 ta, jumladan, “RK-I” qozonxonasi ham mahalliy byudjet hisobidan modernizatsiya qilinib 93 ta ko‘p qavatli uy-joy hamda 8 ta ijtimoiy soha ob’yektlari issiq suv va issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi.

Hozirda Beruniy ko‘chasidagi qozonxonada ishga tushirilgan 3 ta zamonaviy qozon va ta’mirdan chiqarilgan 8,5 kilometr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari yordamida shu hududdagi 30 ta ko‘p qavatli uylarda joylashgan 1839 ta xonadon issiq suv bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, Markaziy qozonxona va Ibn Sino ko‘chasidagi qozonxonalarga yangi lokal qozonlar o‘rnatilib sinovdan o‘tkazildi, tez orada 10 ta ko‘p qavatli uylardagi 318 ta xonadon issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi.

Samarqand shahri Lohutiy ko‘chasidagi qozonxonalarning binolari va tom qismida qurilish va ta’mirlash ishlari yakunlangach, 5 ta ko‘p qavatli uy-joyga issiq suv va issiqlik energiyasi yetkazib beriladi. Shuningdek, Geofizika hududidagi qozonxonaga zamonaviy qozon va issiqlik almashtirish uskunalari, Samarqand xalqaro aeroporti hududidagi 19 ta ko‘p qavatli uy-joyni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash uchun qozonxonaga 3 ta zamonaviy qozon va issiqlik almashtirish uskunalari o‘rnatildi. Ayni paytda Bo‘stonsaroy ko‘chasidagi 34-A, O‘zbekiston ko‘chasidagi RK-3 qozonxonalari aholi turar-joylari hamda ijtimoiy soha ob’yektlarini issiq suv bilan ta’minlashga tayyorlab qo‘yilgan.

«Qarzimiz sabab hokim farmoyishini vaqtida bajarolmadik»

Bu ma’lumotlar bilan tanishar ekanmiz, aholi bu yilgi kuz-qish mavsumining betalafot o‘tishiga ishonging keladi. Ammo viloyat hokimining farmoyishi e’lon qilingandan so‘ng ham qozonxonalar ishga tushmasligini nima bilan izohlash mumkin?

- Ayrim qozonxonalarimiz sinovdan o‘tkazilayotganligi sababli viloyat hokimi farmoyishini o‘z vaqtida bajara olmadik, - deydi Yo.Qurbonov. – Shuningdek, ob-havoning iliq kelganligi uchun xonadonlarni isitishda tabiiy gaz, elektr energiyasi va toza suvni bekorga sarflab, ortiqcha xarajatga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham mavsumni ikki-uch kunga kechiktirishimizga to‘g‘ri keldi. Bunga asosiy sabab korxonamizning kommunal xizmatlardan jami 23 milliard so‘mdan ortiq qarzi borligida. Birgina, tabiiy gaz va ichimlik suvining har biridan 10 milliard so‘mdan qarzdormiz.

«Isitish batareyangizni almashtiramiz»

Yaqingacha Buyuk Ipak yo‘li, Beruniy, Gagarin ko‘chalarida, shuningdek, Sug‘diyona, Sartepa, Kimyogarlar shaharchasi kabi hududlardagi ko‘p qavatli uylar markazlashgan qozonxonalar orqali isitilgan. Ammo tizimdagi o‘zboshimchalik va e’tiborsizlik sababli aksariyat ko‘p qavatli uylardagi issiq suv tizimi va isitish uskunalari o‘rniga yangisini o‘rnatish bahonasida yechib olib ketilgan. Ayrimlarida erta bahorda boshlangan almashtirish ishlari hanuz yakuniga yetgani yo‘q. Bunda uy egalari shirkatlarni, ular esa o‘z navbatida isitish korxonalarini ayblaydi.  

- Uyimizda 2006 yildan beri isitish tizimi ishlamaydi, - deydi Yulduz mahallasidagi 80-ko‘p qavatli uyda yashovchi Nafisa Xayrullayeva. – Joriy yil isitish mavsumigacha issiq suv tizimi tortishga va’da berishgan edi. Ammo haligacha, bu ish amalga oshmadi. Bu safar ham odatdagidek xonadonimizni qo‘lbola elektr pechlarida va tabiiy gaz yordamida isitishga hozirlik ko‘raversak ham bo‘ladi, shekilli. 

Sartepada mavsum qachon boshlanadi?

- Isitish mavsumi boshlanganini eshitib xafa bo‘lishni ham, xursand bo‘lishni ham bilmay qoldik, - deydi Sartepa massivi 85-ko‘p qavatli uyda yashovchi Shahnoza Xoliqova. - Chunki ko‘p yillardan beri uyimizni isitish muammo. Kun sovishi bilan kelib turgan tabiiy gaz ham pasayib qoladi. Elektr energiyasi esa sal shamolga dosh berolmay o‘chadi. Shu yili shirkat tomonidan isitish tizimi batareyalari kesib olib ketildi. O‘rniga yangisini qo‘yib beramiz deb va’da berishgan edi. Ammo haligacha, undan darak yo‘q. Hovlida yashasa, ko‘mir yoki o‘tin yoqib, uylarni isitsa bo‘lar, ammo «dom»da yashaganlarga qiyin.

Darhaqiqat, sovuq kunlarda ko‘p qavatli uy-joylarni ko‘mir yoki o‘tin bilan isitib bo‘lmasligi kunday ayon. Xo‘sh, bu holatda aholi nima qilishi kerak? Yana oshxonadagi tabiiy gazni kechayu kunduz «porillatib» yoqib qo‘yishga yoki o‘ta xavfli bo‘lgan «burjuyka» pechlarini o‘tin bilan isitishga o‘tadi, shekilli. Hech bo‘lmasa, shusiz ham katta kuch bilan zo‘riqib ishlayotgan elektr transformatorlariga ortiqcha yuk tushib, kuyib qolgunicha, qo‘lbola elektr pechlarini ishga solishdan boshqa ilojlari qolmaydi.

Dilmurod TO‘XTAYeV,

«Zarafshon» muxbiri.