Qishga tayyorgarlik: kamchiliklar ko‘p, sifat past

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 23 sentyabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’yektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2022/2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Energetika vazirligi tomonidan tashkil etilgan hududiy ishchi guruh Samarqanddagi ijtimoiy soha ob’yektlarining qishga tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Garchi kuz-qish mavsumiga yoz oylaridan kirishilish zarurligi haqida Prezident qarori va kerakli ko‘rsatmalar bo‘lsa-da, joylarda mavsumga tayyorgarlik ishlariga panja orasidan qarash holatlari uchramoqda. Masalan, ishchi guruh a’zolari viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qarashli 38 ta muassasada o‘rganishlar o‘tkazdi. Afsuski, bu muassasalardagi 14 ta lokal qozonxona, 46 ta qozonlarning texnik holati qoniqarsiz ekanligi, 36 ta qozon va 37 ta gaz yondirgich nostandart ekanligi, 5 holatda isitish tizimi hamda 72 holatda gaz quvurlari va qurilmalarida texnik kamchiliklar mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

Masalan, Samarqand shahridagi 5-sonli oilaviy poliklinikada isitish qozonlari qurilish me’yorlari va talablariga zid ravishda yerto‘laga o‘rnatilgan. Aniqlanishicha, ob’yektning quruvchisi 6 dona “VERO” rusumli ikki konturli zamonaviy qozonni ob’yektning yerto‘lasiga o‘rnatgan.

21 ta maktabda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ham shunga o‘xshash holatlar kuzatildi. Xususan, 15 ta maktabda energiya resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilmagan, mavjudlari esa sifatsiz bajarilgan. O‘rganilgan muassasalardagi 27 ta lokal qozonxona va 29 ta qozonlarning texnik holati qoniqarsiz, 29 ta qozon va 29 ta gaz yondirgichlar nostandart, 25 holatda gaz quvurlari va qurilmalarida texnik kamchiliklar bor.

Misol uchun, Samarqand shahri Lohutiy ko‘chasida joylashgan 19-umumta’lim maktabining mavsumga tayyorgarlik holati o‘rganilganda, muassasani isitish uchun 5 dona “AKFA” rusumli isitish qozonlari o‘rnatilgani, shundan 3 donasi qurilish me’yoriy qoidalari talablariga amal qilmagan holda maktab binosining yerto‘la qismida o‘rnatilgani aniqlandi. Shuningdek, bu yerda tabiiy gaz quvurlarining texnik holati qoniqarsiz, tabiiy gaz sarfi hisobini yuritish uchun o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunasi davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmagan. Sug‘diyona massivida joylashgan 63-umumta’lim maktabining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati ham ko‘ngildagidek emas. Muassasani isitish uchun 9 dona isitish qozonlari o‘rnatilgan, ammo uning 5 tasi foydalanishga yaroqsiz.

Bu kabi kamchiliklarni maktabgacha ta’lim tizimida ham ko‘rish mumkin. 44 ta muassasada o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 32 ta bog‘chada energiya resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilmaganligi va sifatsiz bajarilganligi aniqlangan.

O‘rganilgan 16 ta lokal qozonxona va 31 ta qozonning texnik holati qoniqarsiz, 16 ta qozon va 31 ta gaz yondirgich nostandart, 59 holatda gaz quvurlari va qurilmalarida texnik kamchiliklar mavjud. Misol uchun, Samarqand shahri Beruniy ko‘chasida joylashgan 80-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotini isitish uchun 4 dona yasama nostandart isitish qozonlari o‘rnatilganiga guvoh bo‘ldik. Tabiiy gaz quvurlarining ham texnik holatlari qoniqarsiz.

O‘rganishlar davomida kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha muassasalarga kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha zarur profilaktik yordam ko‘rsatildi. Ammo kasalxona, maktab, bog‘chada isitish uskunalarini mavsumga shay qilishda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yish kechirilmas holat. Chunki bemorlar va yoshlarni sovuqda qoldirish yoki xavfsizligiga e’tiborsizlik qilish oxir-oqibat javobgarlikka olib keladi. Buni tarmoq xodimlari ham, shu ijtimoiy ob’yektning rahbari ham bilishi shart.

Ikrom Maxsumov,

“O‘zneftgazinspeksiya” Samarqand hududiy bo‘limi boshlig‘i.