Mehnat bozori barpo etish ortida “yashirin niyatlar” emas, “ibtidoiy mardikor bozori”ni yo‘qotish, odamlarning mehnat qilish huquqlarini kafolatlash maqsadi bor

Joriy yilning 8 sentyabr kuni Kun.uz saytida “Samarqandda ulkan mardikor bozori barpo etish istagi ortida qanday niyatlar yashirin?” sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Mazkur maqola yuzasidan Samarqand shahar hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Samarqand shahridagi Sadriddin Ayniy ko‘chasida bugungi kunda aholi orasida “mardikor bozori” deb yuritilsa-da, aslida yo‘lning transport vositalari va piyodalar uchun mo‘ljallangan qismida har kuni 3000-3500 kishi chiqib, o‘zlariga vaqtinchalik ish izlaydi. Bir yoki bir necha kunga ishga yollovchilar ham shu yerga kelib, og‘zaki kelishuv asosida yollanma ishchilarni olib ketishadi.

Mazkur holat, ya’ni serqatnov yo‘lda tartibsiz harakatlanish avvalo, bu yerda to‘planadigan kishilar hayoti uchun xavfli. Qolaversa, transport vositalari va piyodalarning erkin harakatlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu sababli ushbu “mardikor bozori” ancha vaqtdan buyon ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lib, ommaviy axborot vositalarida ham, keng jamoatchilik tomonidan ham muhokama etilmoqda. Bu haqda shahar va viloyat hokimligiga hudud aholisi, vaqtinchalik mehnatga chiquvchi fuqarolar tomonidan bir necha marta murojaat qilingan.

Ana shu murojaatlardan kelib chiqib hamda kunlik yollanma mehnatga chiquvchi fuqarolarga qulaylik yaratish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Samarqand shahrida mehnat bozori tashkil etishga qaror qilindi.

Ushbu masala bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi hamda fuqarolar bilan, xususan, “mardikor bozori”ga chiqadigan kishilar bilan maslahatlashildi.

Mehnat bozori uchun ayni paytda yollanma mehnat uchun kishilar to‘planadigan joyga yaqin bo‘lgan hudud (Sadriddin Ayniy ko‘chasi 2-uy manzilda joylashgan Samarqand viloyati “Agrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati binosi va unga tutash hududlar) tanlandi.

Shundan so‘ng, mehnat bozori loyihasi tayyorlanib, 2019 yil 28 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonida Samarqand shahri Sadriddin Ayniy ko‘chasi 2-uy manzilda joylashgan Samarqand viloyati “Agrokimyohimoya” hududiy aksiyadorlik jamiyatiga tegishli bo‘lgan bino va inshootlarni yer maydoni bilan birga Samarqand shahar hokimligi balansiga o‘tkazish va mazkur hududda mehnat bozori tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha taklifi ma’qullandi.

Ushbu loyihada “Agrokimyohimoya” hududiy aksiyadorlik jamiyatiga tegishli bino va inshootlar yer maydoni (6400 kv.m) bilan birga unga tutash hududdagi 2 ta turar joy va 6 ta noturar joyning o‘rni (3056 kv.m) ham kiritilgan.

(Uzoq yillardan beri hech kim yashamaydi)

Shunga ko‘ra, 2019 yil 8 iyulda Samarqand shahar hokimi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asoslanib, “Samarqand shahar Sadriddin Ayniy ko‘chasi 2-manzilga tutash hududda joylashgan turar va noturar joy ob’yektlarini buzishga ruxsat berish to‘g‘risida” qaror qabul qilgan.

Ushbu qaror qabul qilingach, bitta turar va bitta noturar joy egalari belgilangan tartibda kompensatsiya to‘lovlarini olib, o‘z ixtiyori bilan yer maydonini bo‘shatib berishga rozi bo‘lgan.

Lekin shu paytgacha hech kimning uy-joyi yoki tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli binolar majburan buzilmagan. Maqolada aks etgan suratlar “Agrokimyohimoya” hududiy aksiyadorlik jamiyatining binolari bo‘lib, mulkiy mansubligi nuqtai nazaridan Kun.uz da keltirilgan tadbirkorlik sub’yektlariga yoki fuqarolarga taalluqli emas.

Bu rasmlarni joylashtirish noto‘g‘ri talqin etilishiga va jamoatchilikda salbiy taassurot qolishiga olib kelmoqda. Bu albatta, jurnalist etikasiga to‘g‘ri kelmasa kerak, deb o‘ylaymiz.

Shu sababli “shahar hokimligi Bosh vazir nomidan foydalanib, tadbirkorlarning yurib turgan ishini parokanda qilmoqda va noo‘rin xarajat (kompensatsiya) sabab mahalliy byudjetga zarar keltirmoqda”, degan vajlar haqiqatdan yiroq va hech qanday asosga ega emas. Mehnat bozori qurish orqali minglab insonlarga qulaylik yaratish va buning uchun ayrim uy-joy egalari va tadbirkorlik sub’yektlariga yetkazilgan zarar hisobiga kompensatsiya to‘lash nega endi noo‘rin xarajat hisoblanar ekan?

Agar hozirgi “mardikor bozori”dagi holat bilan yangidan tashkil etiladigan mehnat bozorida yaratiladigan shart-sharoit va imkoniyatlar hisobga olinsa, hokimlikning nima sababdan ushbu loyihani amalga oshirayotgani oydinlashadi. Bugungi kunda hokimlik loyihani davlat-xususiy sherikchilik asosida amalga oshirish bo‘yicha fuqarolarga taklif bergan. Hozir ham ushbu taklif bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor.

Birinchi navbatda 6 ta ob’yekt (1 ta turar va 5 ta noturar joy) egalariga kompensatsiya to‘lovlari bilan birga yangi quriladigan mehnat bozori loyihasida belgilangan ob’yektlar bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini davom ettirish taklif etilgan. Jumladan, “Nur” xususiy korxonasi egalariga ham bu taklif bildirilgan. Ammo ular rozi bo‘lmagach, Samarqand shahar hokimligi tomonidan 6 ta ob’yekt yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo arizasi kiritilgan. Ayni paytda bu ishlar sud tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Mehnat bozori uchun shuncha katta joy shart edimi, degan savolga javoban shuni ma’lum qilamizki, mehnat bozori loyihasida yollanma ishchilar uchun kutish joyigina nazarda tutilmagan. Bu yerda ularni kasb-hunarga o‘qitish markazi, vatqincha qolishi uchun yotoqxona, arzon narxda xizmat ko‘rsatuvchi oshxona, maishiy xizmat nuqtalari, xo‘jalik mollari sotiladigan do‘kon va boshqa ob’yektlar nazarda tutilgan. Shuningdek, transport vositalarining erkin kirib-chiqishi uchun sharoit yaratiladi, vaqtinchalik to‘xtab turish joylari tashkil etiladi.

Maqolada qayd etilganidek, shu paytgacha Samarqand shahridagi mardikor bozori bir necha joyga ko‘chirilgan. To‘g‘ri. Lekin ko‘chirilgan joylarda fuqarolar uchun yetarli darajada shart-sharoit yaratilmagani sababli ular ko‘chaga chiqib ish, ish beruvchini kutishga majbur bo‘lgan. Avtomobil to‘xtashi bilan bir necha kishi unga yopirilib borgan. Ayni paytda ham vaziyat shunday.

Avvalgi holatlardan xulosa qilgan holda, yangidan tayyorlangan mehnat bozori loyihasida bu jihatlar hisobga olingan va keyinchalik bu yerdan boshqa maqsadda foydalanish yoki “kimgadir berib yuborish” maqsadi ko‘zlanmagan.

Hokimlik hech kimni norozi qilish yoki tinchini buzishni, tadbirkorning yo‘liga g‘ov bo‘lishni istamaydi. Bugun Prezidentimiz boshchiligida yuritilayotgan siyosatning asosini davlat organlarining xalqimizga xizmat qilishi, odamlarning davlatdan roziligiga erishish tashkil etadi. Samarqandda ham ana shu mezon asosida ish olib borilmoqda.

Kun.uz sayti muxbirlari faqat bir tomonning fikrini eshitib, “Samarqandga ibtidoiy “mardikor bozori” nega kerak?” deb jar solish, buning ortida qanday niyatlar borligi haqida savol qo‘yishdan avval hokimlik fikri bilan qiziqqanda, loyiha bilan tanishganida aslida, bu harakatlar ayni paytdagi ibtidoiy “mardikor bozori”ni yo‘qotish, odamlar xavfsizligini ta’minlash va mehnat qilish haq-huquqlarini kafolatlash uchun ekanligi ayon bo‘lardi-ku?!

Muhimi, ushbu hududda yashovchi aholi bilan hurmatli jurnalistlarimiz uchrashdimi, ularning fikrlari bilan qiziqdimi? Nega ular ushbu tartibsiz “mardikor bozori”dan bezovta bo‘lib kelmoqda?

Bugun internet saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda “snos” degan gap bilan shov-shuv ko‘tarish, odamlarning e’tiborini jalb qilish tobora kuchayib borayotgan bir paytda respublikamizdagi eng katta auditoriyaga ega saytlardan birining masalaga bir tomonlama yondashuvini jurnalistik etikaga zid holat, deb hisoblaymiz.