Metodistdan o‘qituvchi va ota-onalarga tavsiya: O‘quvchi yoki farzandingizni o‘zingiz test sinovlaridan o‘tkazing

Bu yil abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqi berildi. Bunday imkoniyat hech qachon bo‘lgan emas.

Bir farzandni 15-16 yoshga to‘lguncha tarbiyalashda ota-ona qancha mashaqqatni boshidan o‘tkazadi. Maktab yoshiga yetgan 6-7 yoshli o‘quvchining xat-savodini chiqarib, 11-sinfni tugatgunicha ustozlarning qancha mehnati yoki davlatimiz tomonidan milliardlab mablag‘ sarflanadi.

Bitiruvchi o‘quvchi bilan suhbatlashsangiz, uning orzu-niyatlarini eshitsangiz, quvonchga to‘lasiz va kelajakka umid qila boshlaysiz.

Farzandlarimizning orzu-niyatlarini amalga oshirish uchun vaqtimizni ayamagan holda ularga berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishlari uchun quyidagi tavsiyalarni bildiramiz:

Birinchi tavsiya: farzandingizning o‘zi tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha imtihon topshiradigan 2 ta fandan shu bugunoq test sinovlaridan o‘tkazing. Sababi, bu yilgi abituriyentlar Davlat test markazi tomonidan joriy etilgan “e-Sinov”, “Test Imtihon”, “DTM test sinovlari”, “Prep.uz” tizimlaridan bepul foydalanib, bilimlarini tekshirib olishlari mumkin.

Ikkinchi tavsiya: farzandingiz yoki o‘quvchingiz tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ikkita fandan to‘plagan ball natijalari, imtihon kunlariga qolgan vaqtni hisobga olgan holda tanlagan yo‘nalishi ketma-ketligida qaysi OTMlariga hujjat topshirsa, o‘qishga kirish imkoniyati yuqoriroq bo‘ladi. Uning aniq imkoniyatlarini inobatga olib, tahlil qilish kerak.

Buning uchun Davlat test markazining rasmiy saytlarida oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha 2017-2018 hamda 2018-2019 o‘quv yili kirish ballari bilan tanishing. Farzandingiz yoki o‘quvchingiz test natijalariga ko‘ra, olgan ballari va OTMlariga o‘tish ballari bilan taqqoslang, tahlil qiling. Tahlil natijalariga ko‘ra, 5 ta ta’lim muassasasining kirish ballarini ketma-ketlikda yuqoridan pastga qarab ro‘yxatini tuzing. Qaror qabul qilishdan oldin farzandingiz yoki o‘quvchingiz tomonidan berilgan savollar va tushunmovchiliklarga aniqlik kiriting.

Uchinchi tavsiya: hujjat topshirishda farzandingiz yoki o‘quvchingiz tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 5 ta OTMlarining kirish ballari eng yuqori bo‘lganidan boshlab, tuzgan ro‘yxatingiz asosida yuqoridan pastga qarab OTMlarini tanlang.

N.ODILOV,

Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi metodik xizmat bo‘limi boshlig‘i.