Mikroqarz rasmiylashtirib berish bahonasida plastik kartalardan pul yechib olgan “uddaburon” qo‘lga olindi
2020 yil 19 dekabr kuni Jomboy tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro Samarqand viloyati IIBga ariza bilan murojaat qilib, 14 oktyabr kuni turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan telefon apparatidan telegram messenjeriga kirib, mikroqarz rasmiylashtirib berish to‘g‘risida “Mikroqarz Admin” nomli akkauntdan kelgan xabarga javoban mikroqarz rasmiylashtirib olmoqchi bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘iga tegishli pasport hamda Milliy bank plastik kartasini telegram orqali jo‘natib, telefoniga “OSON” ilovasi orqali kelgan maxfiy kodni ushbu profil foydalanuvchisiga yuborgandan so‘ng plastik kartadagi jami 4.622.000 so‘m pullari noma’lum shaxs tomonidan yechilganganligini ma’lum qilgan.
Samarqand viloyati IIB tezkor-qidiruv hamkorligi bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-texnik tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani, Dam mahallasida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan B.Q. sodir qilganligi aniqlangan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu shaxs Toshkent shahrining Chilonzor tumani hududida qo‘lga olindi. Undan 3 dona qo‘l telefoni apparati, Aloqa bank nomiga rasmiylashtirilgan plastik karta daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilib olindi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.