Millionlar o‘yini endi mafkuralar o‘yini(mi?)
Uch-to‘rt kishi yig‘ilsa, futbolning muhokamasi boshlanadi. Hujumda yaxshi o‘ynamadik, himoyamiz bo‘sh, hakam nohaq edi... Milliy terma jamoaning o‘yinlari-ku, mayli, ammo ba’zan Yevropa jamoalariga muxlislik ortidan ham yoqalashishgacha boradigan ashaddiy muxlislar qancha.
Millionlar o‘yiniga qiziqishim sabab Yevropa futbolini kuzataman. Yaqinda Fransiya chempionati doirasida “Pari Sen-Jermen” va “Monpele” jamoalari o‘rtasidagi bahsni tomosha qildim. Qizig‘i, har ikki jamoa noodatiy tarzda maydonga kamalak rangdagi kiyimda chiqdi. «Pari Sen-Jermen» jamoasining yetakchi himoyachilaridan biri senegallik futbolchi Idris Guye negadir muhim bo‘lgan ushbu o‘yinda maydonga tushmadi. O‘sha kuni u hatto zaxira o‘rindig‘ida ham yo‘q edi.
Keyinchalik ushbu bahs haqidagi xabarlarda aytilishicha, har ikki jamoa futbolchilari o‘yinga gomofobiya (LGBTdan nafratlanuvchilar)ga qarshi kurash kuni munosabati bilan kamalak rangdagi maxsus futbolkalarda maydonga chiqqan ekan. Senegallik musulmon yarim himoyachi esa bunday targ‘ibot libosida maydonga tushishni istamagan. Qizig‘i, bahs atrofidagi muhokamalardan so‘ng uning bu harakati uchun fransuz jamoatchiligi senegallik futbolchini jazolashni taklif qildi.
Afsuski, o‘zini demokratik jamiyatning mayog‘i hisoblovchi ayrim mamlakatlarda bugun shunday paradokslar yuzaga chiqyapti. Hatto biz beozor deb bilgan sport o‘yinlari qaysidir tomonning g‘araz siyosatiga, mafkurasiga xizmat qila boshladi.
Futbolda tomoshabin yoshi chegaralanmagan. Uni televizorda ham, tribunadan ham har qanday yoshdagi kishi tomosha qilishi mumkin. Ammo shu beozor ko‘ringan o‘yinga bugun g‘arazli “o‘yin”lar tiqishtirilyapti. Ko‘pincha jamoa yetakchisining qo‘lidagi sardorlik bog‘ichi, maydon burchagidagi bayroqlar, reklama va e’lonlar o‘rnidagi targ‘ibotlar kishi e’tiborini tortadi.
Albatta, kimgadir oddiy holatdek ko‘rinishi mumkin. Ammo bu bir xil rangdagi elementlar shunchalik ko‘pki, hammasi yig‘ilsa, butun bir mafkuraviy g‘oya ko‘z oldingizda gavdalanadi.
Bularning bari bugun jamiyatimizga tahdid solayotgan jirkanch mafkuraviy xurujlardan birini aks ettiradi. Ming afsuski, bu xuruj sog‘lom aqlga emas, buzuq qalbga tayanadi. Yaqin-yaqingacha bu mavzuni targ‘ib qilishda yoshlar uchun orzudagi kishi bo‘lgan mashhur aktyorlar, qo‘shiqchilardan foydalanishar edi. Bugun futbol barcha jabhalarda ommaviylikka erishdi. Endi futbolchilar yoshlarning “kumir”i. Futbol yulduzlari maydonda, hayotda qanday harakat qilayotgan bo‘lsa, ular ham shuni takrorlashadi. Shu sabab kamalak rangli mafkurachilar ham targ‘ibotni endi futbol maydonlariga ko‘chirdi.
Aytishingiz mumkin, bu illatlar bizdan uzoqda – G‘arbda-ku. Ha. Ammo atrofingizga yaxshilab nazar soling, kamalak rangdagi belgilar ko‘payib borayotgandek tuyulmayaptimi sizga ham? Ayniqsa, bolalar bilan bog‘liq o‘rinlarda. Hechqursa, bolajonlar uchun tashkil qilingan “Aqlvoy” telekanalini bir qur kuzating. Undagi belgilar, namoyish etilayotgan ayrim multfilmlar qahramonlari qanday kiyimlar kiyadi, nimalar haqida gapiradi?
Sulaymon Mardiyev.