Milliy tabiat bog‘lari va ovchilik xo‘jaliklari rahbarlari “Zarafshon” milliy tabiat bog‘iga keldi
Respublika davlat o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi Milliy tabiat bog‘lari va ovchilik xo‘jaliklari boshqarmasi tomonidan “Zarafshon” milliy tabiat bog‘ida respublika ko‘rgazmali seminari o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, xususan, o‘rmon fondi yerlarida dorivor mahsulotlar yetishtirish, ovchilik, ekoturizm yo‘nalishlarida olinayotgan daromadlarni ko‘paytirish, bu borada “Zarafshon” milliy tabiat bog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz hududlaridagi milliy tabiat bog‘lari va ovchilik xo‘jaliklari rahbarlari qatnashdi.
Ishtirokchilarga dastlab mazkur bog‘da ekoturizmni rivojlantirish, tabiatning noyob o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, ko‘paytirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
– Bog‘ning umumiy maydoni 2426,4 gektarni tashkil qilib, uning 1772 gektari qo‘riq bo‘limi hisoblanadi, – deydi “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i direktori Olim Hamroqulov. – Dam olish hududi 352 gektarni tashkil qiladi. Bu hududda uchta turistik yo‘nalish tashkil qilingan. Birinchi yo‘nalishda Zarafshon tillarang qirg‘ovuli va qushlarni kuzatish mumkin. Ikkinchi yo‘nalishda esa Buxoro xonguli bug‘ulari bilan tanishish ko‘zda tutilgan. Hozirda uchinchi yo‘nalish bog‘ning betakror o‘simlik dunyosi, tabiiy landshafti bilan bog‘liq.
Bog‘da sut emizuvchilarning 24 turi, qushlarning 207 turi, baliqlarning 18 turi, sudralib yuruvchilarning 10 turi, hashoratlarning 88 turi mavjud. O‘simliklarning 300 turi uchraydi. Ularning 80 turi dorivor, 20 turi dekorativ, 23 turi sanoat uchun mo‘ljallangan. Bog‘dagi mavjud Zarafshon qirg‘ovuli, O‘rta Osiyo qunduzi va Buxoro xonguli bug‘usi “Qizil kitobi”ga hamda xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2020 yilda bog‘ hududida dam olish markazi tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan. Buning uchun 20 gektar maydon 26 nafar tadbirkorlarga ijaraga berilgan. Hozirda bu joylarda tasdiqlangan loyihalar asosida tadbirkorlar tomonidan qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Mahalliy va xorijlik sayyohlar kelib, bog‘ning betakror manzaralaridan bahramand bo‘lishlari, hordiq chiqarishlari uchun imkoniyat yaratilmoqda.
Bog‘ning sayyohlik imkoniyatlarini oshirish maqsadida hududda hayvonot bog‘i ham tashkil etilmoqda.
– Hozircha hayvonot bog‘imizda lama, ko‘p shoxli Hindiston echkisi, oqqush, tovus, qirg‘ovul, bo‘ri, tulki, sher, jayra kabi 48 turdagi qush va hayvonlar bor, – deydi “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Baxtiyor Rajabov. – Qurilish ishlari davom etayotgani sababli ayni paytda ayrim hayvonlar maxsus qafaslarda saqlanmoqda. Yaqin orada 2 gektar maydonda ularning har biri uchun maxsus joylar tashkil qilinadi. Buxoro xonguli va boshqa noyob hayvonlar, qushlar, o‘simliklarni tabiiy sharoitda kuzatish va tomosha qilish uchun imkoniyat yaratiladi. Bugun ham hayvonot bog‘imizga keluvchilar ko‘payib bormoqda. Bog‘ to‘liq ishga tushgach, hayvonlar sonini 70 turdan oshirishni rejalashtirganmiz.
Seminarda Milliy tabiat bog‘lari va ovchilik xo‘jaliklari boshqarmasi boshlig‘i O.Toshev va boshqa mas’ullar O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan har bir vazifani o‘z vaqtida, sifatli bajarish va shu orqali soha rentabelligini oshirish, xo‘jaliklardagi o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalarga to‘xtaldi. Har bir bog‘ va ovchilik xo‘jaliklarida turistik yo‘nalishdagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, dorivor o‘simliklarni parvarishlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq va tavsiyalar berildi.
– “Zarafshon” milliy bog‘ida dam olish maskanlari va hayvonot bog‘i tashkil etilayotgani yaxshi tajriba ekan, – deydi Buxoro viloyati “Qorako‘l” davlat o‘rmon-ov xo‘jaligi rahbari Rustam Oltiyev. – Hamkasblarimiz va tadbirkorlar bilan gaplashib, bu ishni o‘zimizda ham yo‘lga qo‘yishni ko‘nglimizga tugdik. Bizda noyob jayronlar kuzatish va to‘qay o‘rmonzorlarda sayr qilish bo‘yicha turistik yo‘nalish tashkil etish mumkin. Seminar shu jihatdan foydali bo‘ldi.
Tadbirda milliy bog‘ va ovchilik xo‘jaliklarida yong‘in va turli favqulodda holatlar, shuningdek, qonunbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov.
P/S. Kuni kecha “Zarafshon” milliy tabiat bog‘ida “Qizil kitob”ga kiritilgan Buxoro xonguli bug‘usining otib o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Samarqand viloyati prokuraturasi mazkur holat yuzasidan Jomboy tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi “j” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borish uchun Jomboy tumani IIB tergov bo‘limiga yuborilganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, kecha O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi ham o‘z munosabatini bildirgandi.
Ushbu masala bo‘yicha bog‘ rahbari O.Hamroqulovdan izoh so‘raganimizda u mazkur holat tegishli organlar tomonidan o‘rganilayotgani, shuningdek, maxsus ishchi guruh tashkil etilib, vaziyat tahlil qilinayotgani, yakunlar bo‘yicha albatta, ma’lumot berilishini aytdi.