Muammolar jamoatchilik ishtirokida hal bo‘ladi

Avval xabar qilganimizdek, bugun, 26 fevral kuni xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya ishini viloyat hokimi, Kengash raisi E.Turdimov olib bordi.

Firibgarlik jinoyatlari soni ortgan

Deputatlar dastlab viloyat IIB boshlig‘i Sh.Rahmonovning 2020 yilda jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash borasidagi ishlar to‘g‘risidagi hisobotini tingladi.

Qayd etilishicha, kuch va vositalardan to‘g‘ri, unumli foydalanilgani natijasida qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish, o‘g‘irlik, talonchilik, bosqinchilik, bezorilik kabi jinoyatlar kamaygan. Biroq barcha sohalar bo‘yicha qayd etilgan jinoyatlar 2019 yilga nisbatan 291 taga yoki 5,8 foizga oshgan. Jumladan, o‘rtacha va yengil tan jarohati yetkazish, firibgarlik jinoyatlari ko‘paygan.

Aksariyat hollarda oddiy fuqarolar, yaxshi niyat bilan yillab sarmoya yiqqan kishilar firibgarlik jinoyatlarida jabrlanmoqda. Birgina xususiy bandlik agentliklaridan 800 nafarga yaqin jismoniy shaxslar turli miqdordagi pulga chuv tushgan.

Sessiyada bu turdagi jinoyatlarning oldini olishda, avvalo, jamoatchilikning xabardorlik darajasini oshirish zarurligi qayd etildi.

Statistik ko‘rsatkichlar yashirilmaydi

Viloyat IIB boshlig‘i Sh.Rahmonovning bildirishicha, mavjud mahallalarning 173 tasida jinoyatchilik barqaror. Shu bois, mazkur mahallalar "sariq" toifaga kiritilgan. 254 tasida esa jinoyatchilik va huquqbuzarlik bilan bog‘liq ko‘rsatkich oshgani uchun "qizil" toifada qolyapti. 673 ta mahalla esa "yashil" toifaga o‘tkazilgan.

Muhokamalar chog‘ida ichki ishlar idoralari faoliyatida asosiy e’tiroz tergov faoliyati bilan bog‘liq bo‘layotgani qayd etildi. O‘z navbatida, Sh.Rahmonov bu gapda jon borligini tan oldi. Viloyat IIB tergov boshqarmasi mutasaddilariga tegishli chora ko‘rilgan.

Deputatlar ayni kunlarda Samarqand shahrida sintetik giyohvandlik moddalari reklamasi keng tarqalib borayotgani, bu holat turli og‘ir oqibatlarga olib kelishini bildirdi. Ushbu yo‘nalishda ichki ishlar idoralari hamda tegishli tashkilotlar, keng jamoatchilik e’tibor qaratishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi. Yo‘llarda tezlikni cheklovchi qurilmalarni amaldagi tartib asosida o‘rnatish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tashkil qilinadigan bo‘ldi.

Gaz hisoblash uskunasi bepul o‘rnatiladi

Sessiya ishida “Samarqandhududgaz” gaz ta’minoti filiali direktori O.Isoqulov viloyatda tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi.

Qayd etilishicha, 2020 yilning may oyidan aholi xonadonlariga elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatilmoqda. O‘tgan yili 79 ming 450 ta gaz hisoblagich o‘rnatish rejalashtirilgan. Biroq pandemiya sabab gaz hisoblagichning ehtiyot qismlarini Italiyadan olib kelishda muammolar bo‘lgan. Shu sababli viloyatga 16 ming 689 ta gaz hisoblagich ajratilgan.

Joriy yilda bu boradagi ishlarni jadallashtirish hisobiga 1 iyulga qadar barcha aholi xonadonlariga to‘liq zamonaviy gaz hisoblash uskunalari o‘rnatiladi. Gaz hisoblagich hamda uning himoya qutisi, regulyator (bosim rostlagich)ni o‘rnatish “Hududgazta’minot” AJ tomonidan bepul amalga oshirilmoqda. 20 dan ortiq qurilish-montaj firmalari, 170 dan ziyod brigadalar jalb qilingan mazkur yumushni belgilangan vaqtda yakunlash maqsadida “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali qoshida butlovchi qismlar tayyorlab berish sexi tashkil qilingan.

“Aqlli” gaz hisoblagichlarning o‘rnatilish sifati filial tomonidan doimiy nazoratga olingan. Muammolar yuzaga kelganda kamchiliklar to‘g‘rilab beriladi.

Tamagirliklarning oldini olish maqsadida 66-239-78-12 telefon raqamiga, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilish imkoniyati yaratilgan.

Bozorda sog‘lom raqobatni rivojlantirish yetarli emas

Deputatlar monopoliyaga qarshi kurashish viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i A.Bekqulovning 2021 yilda amalga oshirilishi belgilangan ustuvor vazifalar to‘g‘risidagi hisobotini tinglab shunday xulosaga kelishdi.

Qayd qilinganidek, boshqarma tomonidan tashqi reklama vositalarining joylashtirilishi, qonun talablariga mos bo‘lishi yuzasidan deyarli hech bir ish amalga oshirilmagan. Deputatlar vakolati bo‘lishiga qaramasdan, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar salmog‘i kam ekanligiga qattiq e’tiroz bildirdi. Xususan, tabiiy gaz va elektr ta’minoti korxonalari va iste’molchi o‘rtasidagi shartnomada jismoniy yoki yuridik shaxslar uchun yetarli huquqlar belgilanmagan.

Shuningdek, iqtisodiyot sub’yektlari o‘rtasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish borasida ishlar bugungi kun talabiga javob bermaydi. Sessiyada tizim faoliyatini jonlantirish borasida zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

Byudjetdan tashqari jamg‘armadan kimga, qancha ajratilyapti?

Sessiya yakunida viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Ya’ni, 2021 yil 1 yanvar holatiga shakllangan erkin qoldiq mablag‘larini qaysi maqsadlarga ajratish zarurligi muhokama qilindi.

Xususan, viloyat hokimligi huzuridagi vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketgan va murakkab moliyaviy ahvolga tushgan fuqarolarga moddiy yordam berish jamg‘armasiga 100 million so‘m o‘tkazib beriladigan bo‘ldi. Shuningdek, Urgut tumanidagi harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash uchun 3,7 milliard so‘m, Narpay tumani Salovat mahallasidagi 1020 o‘rinli 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabini mukammal ta’mirlashdan vujudga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun 1,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi tasdiqlandi.

Viloyat mahalliy byudjetidan ajratilayotgan har bir so‘m mablag‘ bo‘yicha viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i tushuntirish berdi.

Deputatlar sessiyada muhokama qilingan masalalar yuzasidan qaror qabul qildi.