Muammoni yashirish taraqqiyotga tushov bo‘ladi
Muammoni yashirish taraqqiyotga tushov bo‘ladi
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining ikkinchi sessiyasida ana shunday xulosaga kelindi.
Sessiyani viloyat hokimi, Kengash raisi E.Turdimov olib bordi.
Deputatlar dastlab Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) mintaqaviy vakilligining 2019 yilda amalga oshirgan ishlari to‘g‘risidagi hisobotini eshitishdi.
Ombudsmanga barcha sharoit yaratib beriladi
- 2019 yil davomida Inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy vakillikka kelib tushgan murojaatlarning aksariyat qismi fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari, xususan, pensiyalarning noto‘g‘ri hisoblanayotganligi, kommunal xizmatlar, boshqaruv idoralari xodimlarining o‘z vazifalari ijrosidagi sustkashlikka oid, - dedi Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakilining mintaqaviy vakili Shaxriyor Safarov. – Umuman, 2019 yil davomida 47 ta yozma va 56 ta og‘zaki murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlarning 6 tasi mehnat qonunchiligining buzilishiga tegishli bo‘lsa, 4 tasi ta’lim, 12 tasi ijtimoiy himoya, 10 tasi fuqarolik huquqlari, 13 tasi uy joy, 4 tasi mahalliy hokimiyat organlari qarorlari, 38 tasi turli masalalar bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, yil davomida 47 fuqaro vakillikka telefon va elektron pochta orqali murojaat qilib, o‘zlarining muammolari haqida tegishli maslahatlarni oldi. “Ishonch telefoni” orqali qabul qilingan 18 murojaatga maslahatlar va huquqiy konsultatsiyalar berildi. Kelib tushgan yozma shikoyatlarning barchasi batafsil tahlil qilindi va joylarda ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar davomida Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakilining mintaqaviy vakiliga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan zarur ish sharoitlarini yaratish, texnik va boshqa vositalar bilan ta’minlash bo‘yicha takliflar bildirildi.
“Snos” masalasida hech bir fuqaro norizo qilinmaydi
Viloyatda davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov hisobot berdi.
Ma’ruzachi o‘z so‘zida Samarqand shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi Sammitini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish, Samarqand turistik majmuasini tashkil etish, Imom Al-Buxoriy majmuasi atrofini obodonlashtirish, zamonaviy bino va inshootlar qurish maqsadida jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan ayrim ob’yektlar buzilishga tushayotganligini qayd etdi.
Shuningdek, hududlarni obodonlashtirish, arxitektura qiyofasini o‘zgartirish hamda yaxshilashga qaratilgan davlat dasturlarini amalga oshirish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarning turar va noturar ob’yektlarini davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun 2019 yilda va 2020 yilning yanvar oyida olib qo‘yilgan yer uchastkalari hamda unda joylashgan turar va noturar ob’yektlar bo‘yicha mulkdorlarga kompensatsiya to‘lovlari mulkning bozor qiymati va mulkdorning roziligi asosida amalga oshirilgan.
- O‘tgan yili amaliyotda birinchi marta mulkdorlarga tegishli hovli yoki yer maydonidagi dov-daraxtlarni kesishdan oldin ularni ham narxlab, muayyan miqdorda to‘lovlar amalga oshirildi, - dedi J.O‘roqov. – Shu o‘rinda yana bir ma’lumot, o‘tgan yilda oldingi yillarda davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun buzilgan va tegishli to‘lovlar amalga oshirilmagan mulkdorlarga 7 milliard so‘mga yaqin mablag‘lar to‘lab berildi.
Dabdabali to‘ylar barchani bezor qilmadimi?
Ta’kidlash lozimki, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida nafaqat deputatlar, balki sessiya ishtirokchilari tomonidan ham turli fikrlar bildirildi.
Masala yuzasidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Badriddin Nasriyev axborot berdi.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning 1 yanvaridan 1 fevraliga qadar viloyatda 355 ta to‘y o‘tkazilgan. Shundan 347 tasi restoranlarda, 8 ta xonadonlarda tashkil qilingan. Ammo bu tadbirlarning ayrimlari parlament palatalarining qo‘shma qarorida belgilangan talablar asosida tashkil etilmagan.
Viloyatda jami 600 dan ziyod to‘y va hashamlarni o‘tkazuvchi san’atkorlar, ovoz kuchaytirgich uskunalari bilan xizmat ko‘rsatuvchilar va raqqosalardan 254 tasi yoki 42 foizining litsenziyasi bor, - dedi deputat Z.Berdiyeva. – Kuzatishlarimga ko‘ra, boshqa viloyatlarda to‘yda raqqosalar xizmatidan deyarli foydalanilmaydi. Nazarimda, bizda ham shunday tartibni keng targ‘ib qilish, kayvonilar orqali unga amal qilish choralarini ko‘rishimiz kerak.
- To‘y-ma’rakalarimizdagi eng katta muammo bu dabdaba, kimo‘zarga tashkillashtirish bilan bog‘liq, - dedi Kengash raisi E.Turdimov. – Bu puli bor, o‘ziga to‘q odamga bilinmasligi mumkin, lekin topish-tutishi haminqadar odam uchun bu og‘irlik qiladi. Shuning uchun mas’ul vazifa egalari, shu jumladan, deputatlar o‘zlari namuna bo‘lishi kerak.
Muhokamalarda to‘ylarda shovqin-suronni kamaytirish, avtokarvonlarni jiddiy nazoratga olish, to‘y va maraka marosimlarida oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq yana turli fikrlar bildirildi. Shuningdek, ushbu masalaga befarq bo‘layotgan mansabdorlarga nisbatan keskin choralar ko‘rishga qaror qilindi.
Oliy o‘quv yurtlarimiz qachon xalqaro reytinglarda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi?
Ushbu savol sessiya davomida eng ko‘p vaqt muhokama qilinib, o‘z navbatida turli fikrlarga boy bo‘ldi. Negaki, ushbu masala bo‘yicha har bir oliy o‘quv yurti rektori mavjud salohiyat, sharoit va muammolar haqida bayon qilishdi. O‘z navbatida istiqboldagi rejalar, shu jumladan davlatimiz rahbari tomonidan oliy ta’lim tizimida sifat va salmoqni oshirish borasida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan taqdimot o‘tkazishdi.
Qayd etilganidek, Samarqanddagi oliy o‘quv yurtlari katta ilmiy salohiyatga ega. Ular vaqtida nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni respublikalarga ham malakali kadrlar tayyorlab bergan. Biroq keyingi 30-40 yilda ish yangicha tashkil etilmaganligi va boshqa bir qator omillar sabab universitet va institutlarimiz tayyorlayotgan kadrlar saviyasi pasayib ketdi. Mavjud ilmiy-texnik baza va sharoitlar zamon talablaridan orqada qolgan.
Shu bois rektorlarning oliy ta’lim muassasalarida 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2020 yildagi ustuvor vazifalar to‘g‘risidagi hisobotlari salbiy baholandi. Muhokamalar yakunida oliy o‘quv yurtlarida o‘quv-ilmiy faoliyatni zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha tayyorlangan “yo‘l xaritalari” hali mukammal emasligi ta’kidlandi. «Yo‘l xarita»larini jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda yanada takomillashtirish tavsiya etildi.
Mazkur masala muhokamasi chog‘ida respublika Oliy ta’lim kengashi raisi O‘.Umurzoqov ham o‘z fikrlarini bildirdi.
Deputat kuzatuvchi bo‘lib qolmaydi
Sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashi va doimiy komissiyalarining 2020 yilga mo‘ljallangan ish rejalari tasdiqlandi. Viloyat mahalliy byudjetining 2020 yil 1 yanvar holatiga shakllangan erkin qoldiq mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Shuningdek, deputatlar Samarqand viloyatidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi tomonidan 2019 yil davomida amalga oshirilgan ishlar va qabulxonalarga kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqilishini ham muhokama qilishdi.
- Deputata shunchaki kuzatuvchi bo‘lib qolmasligi kerak, - dedi Kengash raisi E.Turdimov. – Bugungi ko‘rib chiqilgan masalalar, umuman, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rviojlantirish bilan bog‘liq barcha jabhalarda faol ishtirokchi bo‘lishi zarur. U o‘z navbatida unga ishonch bildirgan saylovchilarga, keng jamoatchilik oldida hisob berishi kerak.