Muammosi yo‘q yoshlar nega kam?
Yaqinda saytimiz orqali mushtariylarimizga “Yoshlarni nima qiynayapti?” degan so‘rov bilan murojaat qilgandik.
So‘rovda (25 dekabr soat 17:00 holatiga) 3291 nafar fuqaro ishtirok etib, ularning 1335 nafari “Internet tezligining pastligi va tariflarning qimmatligi”, 869 nafari “Ta’lim muassasalaridagi auditoriya va xonalarning sovuqligi”, 500 nafari “Talabalar turarjoyi masalasi”, degan javoblarni belgilagan. Ishtirokchilarning 331 nafari “Jamoat transporti bilan bog‘liq muammolar”, 256 nafari esa “Muammo yo‘q” degan javobni tanlagan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, so‘rov ishtirokchilarining ko‘pchiligini, ya’ni 41 foizini internet tezligining pastligi va tariflarning qimmatligi qiynayapti. Bu muammo ayniqsa, pandemiya davrida yaqqol ko‘zga tashlandi. Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalgach, barcha ta’lim muassasalaridagi dars jarayonlari internet tarmog‘i orqali, onlayn tarzda tashkil etildi. Keyingi paytda karantin talablari yumshatilib, aksariyat talaba va o‘quvchilar an’anaviy darslarda ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, onlayn tarzda ta’lim olayotgan yoshlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Bugungi kunda nafaqat talaba-yoshlar uchun, balki kattalar uchun ham internet tezligi yuqori va tariflarning arzon bo‘lishi muhim.
Bu yil viloyatimizda birinchi qor noyabr oyining o‘rtasida yog‘di. Qish fasli erta va har yilgidan-da sovuq keldi. Bu ayrim ta’lim muassasalarining kuz-qish mavsumiga to‘liq tayyor emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Buni so‘rov natijalariga qarab, ya’ni ishtirokchilarning 26 foizi ta’lim muassasalaridagi auditoriya va xonalarning sovuqligi uchun ranjiganidan ham bilsa bo‘ladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan yoshlarni qiynab kelayotgan muammolardan yana biri turarjoy masalasi. So‘rovda aynan shu javobda to‘xtalganlar ham kam emas. Ular qatnashchilarning 15 foizini tashkil etgan.
So‘rov ishtirokchilarining 10 foizi “Jamoat transporti bilan bog‘liq muammolar” degan javobni tanlagani bu borada ham muammolar talaygina ekanligidan dalolat beradi. Avtobuslarning vaqtida qatnamasligi, yo‘lkira va qaytim masalasi, yo‘l haqini o‘zboshimchalik bilan belgilab oladigan, noqonuniy xizmat ko‘rsatuvchi taksilar va xalqni qiynab kelayotgan shu kabi muammolarga yechim topish kerakligini hammamiz yaxshi bilamiz.
Achinarlisi, bu so‘rovda qatnashganlarning eng kam, ya’ni bor-yo‘g‘i 8 foizi “Muammo yo‘q” degan javobda to‘xtalgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, ishtirokchilarning 92 foizini qaysidir muammo qiynayapti. Bu nimadan dalolat beradi? Albatta, mas’ullarning mas’uliyatsizligidan. O‘ylaymizki, mutasaddilar yoshlarimizni qiynab kelayotgan muammolarni chuqurroq o‘rganib, bartaraf etish choralarini ko‘radi.
To‘lqin Siddiqov.