Mutolaa: Dallol. Hikoya
Erkinjon Umarov
Bu voqea o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillar o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan, mahalladoshlarimiz voqeani uzoq vaqt yor-birodarlariga va farzandlariga ibrat sifatida aytib yurgandi. U vaqtlar men 7-sinfda o‘qirdim.
Mahallamizda Nozim dallol ismli kishi yashardi. Dallol tumanimizda va qo‘shni tumanlarda bozor bo‘ladigan kunlari mol bozorlarida oldiga yosh qizini olib, dallollik bilan shug‘ullanardi. Uni yaqindan tanimasam-da, bobom u haqida gapirganida ijirg‘anib, xuddi biror-bir jirkanch narsani bosib olgandek gapirar, iloji bo‘lsa, u haqida so‘zlamas, boshqalarga ham dallol ismini tillariga olmaslikni uqtirardi. Rahmatli buvim “Nozimboy eski hunarini tashlamabdi-da”, desa bobom bir so‘kinib olar, “Bir kuni uning bu harom ishi boshini yeydi”, deb qo‘yardi.
Bobomning bu so‘ziga, nega bunday deyishiga qiziqdim. Juma bozor kunlarining birida dadamni qo‘yarda-qo‘ymay mol bozoriga olib bordim. Dadam “U yerda nima qilasan yosh bola bo‘lib?”, deb hayron bo‘ldi. Men esa bozorga yetguncha asl maqsadimni aytmadim.
Ertalabki soat besh yarimlarda bozorga yetib bordik. May oyi bo‘lgani uchun tongdan havo issiq, qilt etgan shabada yo‘q. Ammo bozor allaqachon gavjum: kim yosh qo‘zisini maqtagan, kim sigirining ko‘p sut berishini baqirib maqtaydi. Odamlar va hayvonlarning ko‘pligiga lol bo‘lib qoldim.
“Xo‘sh, Abdurahmon, bu bozorning nimasini ko‘rasan?”, so‘radi dadam. Biroz indamay turgach, asl maqsadimni aytdim:
- Mahallamizdagi Nozim aka bor-u, qizi Shirina bilan bozorga chiqadi, deyishadi, o‘shani bobom doim yomonlaydi. Shuni ko‘rmoqchiman.
Dadam avvaliga hayron bo‘lib qoldi. Yana qaytarchi, degandek menga tikildi. Niyatim qat’iy ekanligini bilgach, sekin va salmoqli so‘zladi:
- Mayli, sen aytgancha ham bo‘la qolsin. Biroq sen dallolning ishini yaxshilab tekshirib olgach, men senga bir nasihat aytaman, o‘ng qulog‘ing bilan ham, chap qulog‘ing bilan ham uqib olgin, xo‘pmi?
Men xo‘p, dedim. Dadam meni bozorning chekkarog‘idagi devor tomonga boshlab ketdi. Sal yurgach “Shu go‘dakka rahm qiling, shu bechoraga rahm qiling, bechoraning shu buzog‘idan boshqa boyligi yo‘q. Shuni sotib, pulini kasal onasiga olib borsa, davosi uchun pul chiqadi”, deyayotgan dallolga yaqinlashdik. Bu o‘zimizning Nozim aka edi. Meni uning baqirishi-yu, shang‘illab dunyoni buzishi emas, yonida ko‘zlarida yosh bilan (ha, aynan yosh bilan) mung‘ayib turgan Shirinaning ahvoli hayratda qoldirgan edi. Chunki dallol haqida yaxshi bilmasam-da, mendan ikki sinf pastda o‘qiydigan Shirinani yaxshi tanir va uning onasi soppa-sog‘ ekanligini, to‘yma-to‘y yurib, davraboshilik qilishini yaxshi bilardim. Bundan tashqari, Shirina yolg‘iz farzand emas, uning 9-sinfda o‘qiydigan akasi hamda ikkita singlisi ham bor edi. Hayratimni yashira olmay, dadamga savol berdim:
- Dada, axir bu odam yolg‘on so‘zlamayaptimi?
Dadam ham nafrat, ham yuzida nim tabassum bilan menga o‘girilib qaradi-da, “Yur nariroqqa”, dedi.
Dallolning shang‘i ovozi yetmaydigan tinchroq joyga borgach, dadam chuqur uf tortdi-da, mening bir umr yodimda turadigan purma’no so‘zlarini aytdi:
- Bolam, bu dallolni bobongning yomon ko‘rishi shundan. Bu kimsa haromdan qo‘rqmaydi. Yolg‘onni suvdek ichib yuborgan. Odamlarni aldab, birovdan arzon-garov olgan mol-qo‘ylarini boshqalarga yolg‘on va hiylalar bilan juda qimmatga sotadi. Eng yomoni, o‘zining bu yaramas illatiga yosh go‘dagini ham tortayotgani. O‘zining gunohlar botqog‘iga botayotgani yetmagandek, pokiza qizini ham yolg‘onu hiylalariga sherik qilayotgani. Shuni unutmaginki, Alloh taoloning nazdida eng katta gunohlardan biri bu yolg‘ondir. Chunki yolg‘on va aldov nafaqat yolg‘on egasining o‘ziga, balki oilasiga, jamiyatga va Vatanga ham katta ziyon, hech evini qilib bo‘lmas muammolar keltirishi mumkin.
“Balki, - dedi dadam bir oz tin olib, - balki, sen nega odamlar Nozim dallolning bu ishlariga ko‘z yumyapti, deb savol bermoqchidirsan. Ahvol sen o‘ylaganchalik emas. Uni yaqin qarindoshlari ham, mahalla-ko‘y ham bu yo‘ldan bir necha marta qaytarmoqchi bo‘lishdi. Biroq u pulning kuchi bilanmi yo o‘ziga o‘xshagan haromtomoq amaldor ulfatlarining yonini olishi bilanmi, xullas, qandaydir qo‘llovlar bilan hech kimning so‘zini olmadi. Kim nasihat qilmoqchi bo‘lsa, yumma taladi. O‘ziga qo‘shilib, ayoli ham odamlarni yomonotliqqa chiqardi. Bora-bora dallolning boyligi ko‘payib borgani sari uning yor-do‘stlari ham kamayib bordi. Oxir-oqibat u yaxshi do‘stlarsiz, xeshu aqrabolarsiz qoldi”.
Dadam jim qoldi. U xuddi menga emas olisdagi tog‘larga so‘zlayotgandek bo‘lardi.
- Abdurahmon, inson hayotidagi har bir yaxshidan ham, yomondan ham ibrat olib yashashi kerak. Dallol faqat sodda odamlarni aldayapti. Ammo sen o‘qigin, yaxshi inson bo‘lgin. Kelajakda qo‘lingdan kelsa, jamiyatdagi illatlarni tozalovchi kasb egasi bo‘lgin.
Dadam menga kulib qaradi-da, boshimni silab, “yur ketdik”, deya bozor eshigi sari yurdi. Biz bozordan chiqib ketar ekanmiz, qulog‘im ostida Nozim dallolning “bola bechoraga rahm qiling”, degan so‘zlari ketmasdi.
Oradan bir necha yillar o‘tdi. Nozim dallol mahalladagi eng boy insonlardan biriga aylandi. Dang‘illama uy soldi. “Neksiya” oldi. Bobom esa uni hamon yomon so‘zlar bilan eslardi.
1997 yilning dekabrida qishlog‘imizga noxush xabar keldi. Narigi mahallada mollarni yuklab kelayotgan og‘ir mashina jarlikka ag‘anab ketibdi. Haydovchi ham, uning oldidagi yo‘lovchi ham, mollar ham aralash-quralash bo‘lib yotgan joyga sinfdoshlarim bilan yugurib bordik. Biz jar tubiga tushganimizda odamlar o‘lgan, chala o‘lgan mollarni, mashinaning sinib, pachoq bo‘lib ketgan uskunalarini, kuzov va buferlarini, bordachoklari-yu, oyna tozalagichlarini torta-torta yig‘ishtirishayotgan ekan.
Nogoh suvchi Salim akaning “Voh!” degan ovozi eshitildi. Hamma u tarafga beixtiyor yugurdi. Odamlarni oralab, oldinga o‘tib qaraganimda ko‘z oldimda mudhish manzara yotardi. Bir katta ho‘kiz qonga belanib yotar, uning yonidagi murda o‘sha dallol Nozim aka edi…
Bobom ham, dadam ham shu voqeadan keyin dallol haqida gapirmaydigan bo‘ldi. O‘lganning ortidan yomon gapirish yaxshi emas. Ammo odamlar uzoq vaqt yor-do‘stlariga, farzandlariga bu voqea va undan chiqqan hissani ibrat tarzida so‘zlab yurdi.
***
Muallif haqida: Erkinjon Umarov (Bo‘stoniy) Andijonda kamol topgan. Hozirda Nuroboddagi 64-maktabga kelib, yoshlarga o‘zbek tili va adabiyoti fanidan saboq beryapti. Ijodkor muallim tashabbusi bilan qishloq ijodkorlarining “Tim salomi” adabiy almanaxi chop etilgan. Yaqinda Namangandagi “Iste’dod ziyo-press” nashriyotida oliy toifali o‘qituvchining "Mehr sohili” kitobi chop etildi.