Mutolaa: Qayerlarda eding, Bahor?

- Qayerlarda yuribsan?

Bunga javoban beparvo kulgi eshitildi.

- Sendan so‘rayapman, qayerda eding? Bu aqlga sig‘maydi, biz uni kechalari uxlamasdan, xavotirlanib kutib o‘tirsagu, u hatto qayerda kim bilan yurishini aytmasa...

 

Bahor boshidagi momaqaymoq gulchambarini tuzatdi va yana kulib yubordi.

- Aytgancha, hozir mart oyining oxiri! Bo‘sag‘ada aprel tayyor turishi kerak. U qayerda ekan?

Tabiat qo‘lini stol tagiga qo‘yib yuborib, bolakay aprelni qulog‘idan tortib chiqardi.

- Men kimga sen bahorning iliq oyisan, mart opangning yonida bo‘lib tur, deb aytganman? Qayerdan keldi bu qor? Buni kim sizlarga o‘rtatgan axir? - tabiat bahorga yuzlandi.

- Meni qo‘yib yuboring, ona! – Axir hali vaqtim bor- ku. Aprel qochishga  uringandi, lekin tabiat uning qulog‘ini yanada qattiqroq buradi.

- Sizlardan so‘rayapman, qorni qayerdan oldingiz?

- Ana undan! – Aprel oppoq mo‘ynali paltoga o‘ralgan Qishga  ishora qildi va sirg‘anib chiqib yana stol ostiga o‘tirib oldi. U yerdan u tabiatga ko‘rsatmasdan boshqalarga qarab tilini chiqardi.

- Sen hozir qayerda bo‘lishing kerak? – Tabiat jahl bilan qishga qaradi. – Qaysi yarim sharda?

- U yerga borishni istamayman! – Qish g‘urur bilan oqimtir boshini ko‘tardi. – U yerda hozir yomg‘irli mavsum, qor yo‘q, noxush havo bo‘lib yotibdi...

- Istamaymish! Hamma ko‘chatlarimni muzlatib qo‘ymoqchimisan? Bilaman, bu senga juda yoqadi. Tezda  lash-lushlaringni yig‘-da, Janubiy yarim sharga yo‘l ol! Yarim soatdan keyin bu yerda ruhing ham qolmasin. Agar o‘jarlik qilaman desang, butun yer sharini qamrab oladigan issiqlikni yoqishim mumkin. Loylarda abad pilchillab yurasan.

Iloji qolmagan Qish xafa bo‘ldi, lekin tayyorlanish uchun itoatkorona xonadan chiqib ketdi.

- Xo‘sh, sen-chi? – Ona Bahorga barmog‘ini bigiz qildi. – Bir hafta ichida hamma narsani gullatib qo‘yasan. Ko‘proq yashillik qo‘sh. Yomg‘irlaringni kamaytir! Men hali kartoshka ekishim kerak.

Bahor yana  kulib yubordi va eshik ortidan yashirincha boshini chiqarib qarab turgan mayga ko‘z qisib qo‘ydi. Buni payqagan aprel unga hali shoshmasligiga ishora qilib, mushtini ko‘rsatib, orqaga qaytishga majbur qildi.

- Sen ahmoqsan, - dedi aprelning orqasiga emaklab kelgan kichkinagina yoz. - Shunga ham aqling yetmaydimi? Qizlarga gul berish kerak. Bahorga gul ber, bo‘lmasa u seni chetlab mayga o‘tib ketadi.

Aprel bir zum o‘ylandi, barmoqlarini egib, nimalarnidir sanadi va orqasidagi katta qopni chiqarib oldi. Qopni ochib, undagi kichkina iliq quyosh, bir guldasta boychechaklar, bir uyum shirador barglar va gullayotgan nilufarni chiqara boshladi.

Bahor jilmayib, ishva bilan sochlarini tuzatdi...

Uzoqdagi meteorologlar qoshlarin chimirib, boshlarini qashib havoning keskin isiy boshlaganini tushuntira olmay turardi.

Bahor sari sizlarni Bahora boshladi.