Mutolaa: Uch savol (hikoya)

 Lev Tolstoy

Bir kuni podshoh “Odam har doim, har qaysi ishni, qay mahal boshlash vaqtini biladigan bo‘lsa, nima bo‘lardi?”, deb o‘ylanib qoldi. Qaniydi inson kim bilan ishlash, kim bilan ishlamaslik, eng muhimi, ishlarning qay biri o‘ta zarur ekanini va u hech qachon muvaffaqiyatsizlikka uchramasligini bilsa...

Shu o‘ylar bilan shoh o‘z saltanatidagilarga har bir ishni boshlash uchun to‘g‘ri vaqtni tanlab, qaysi odamlar eng kerakliligini bilib beradigan va xatoga yo‘l qo‘ymaslikni o‘rgatadigan kishiga katta mukofot berishi to‘g‘risida e’lon qildi. Shoh huzuriga ilmli kishilar kela boshladi, ular uning savollariga turlicha javob bera boshlashdi.

Birinchi savolga “Har bir ish foydali bo‘lishi uchun oldindan kun, oy, yil jadvalini tuzib, belgilab qo‘yilgan rejaga qat’iy rioya qilish kerak”, -  deb javob berishdi. - Shundagina  har bir ish o‘z vaqtida amalga oshadi, – dedi ular. Boshqalari yumushlar bajarilishini oldindan hal qilib bo‘lmasligi, vaqtni bekorga o‘tkazmasdan har doim sodir bo‘layotgan narsalarga e’tiborli bo‘lish, keyin esa talab qilinadigan ishlarni bajarish kerak, deb aytishdi. Uchinchilari nima sodir bo‘layotganiga qanchalik e’tiborli bo‘lmasin, bir kishi har doim ham qay vaqtda, nima qilish kerakligi to‘g‘risida xulosa bera olmasligi, biroq sehrgarlardan so‘rab, ularning aytganiga quloq tutib, maslahatiga asoslanib, ish bajarish kerakligini aytishdi.

To‘rtinchilari “shunday ishlar bo‘ladiki, ular to‘g‘risida maslahatlashib ham o‘tirishga vaqt bo‘lmay qolishi” haqida gapirib qoldi. Bu ishlarni boshlash vaqti kelgan-kelmaganligini oldindan hal qilish va ular nima bilan tugashini faqat kohinlar bilishini, shuning uchun har bir yumushning haqiqiy vaqtini bilib olishni ulardan so‘rash kerakligi haqida mulohaza qilishdi.

Ikkinchi savolga ham turlicha javob berishdi. Ulardan biri podshoga eng kerak bo‘lgan odamlar uning yordamchilari – hukmdorlar ekani, boshqasi podshohning eng zarur odamlari – ruhoniylar bo‘lgani, yana biri shohning eng kerakli odamlari bu – shifokorlar ekanligi, to‘rtinchisi esa shohga odamlardan ko‘ra urushlar zarur, deb aytdi.

Uchinchi “Ishlarning qay biri juda muhim?” savoliga ham har xil javob bo‘ldi: Kimdir dunyoda eng muhim narsa ilm-fan ishi desa, yana biri eng muhimi urush san’ati der, boshqalari ibodat qilishni eng muhim ish, deb aytardi. Javoblar har xil bo‘ldi, yakdillik bo‘lmaganidan so‘ng podshoh ularning hech biriga qo‘shilmadi va mukofot hech kimga berilmadi.

Savollariga jo‘yali javob topish uchun u bu haqda donoligi bilan shuhrat qozongan zohiddan so‘rashga qaror qildi. Zohid o‘rmonda yashardi, u hech qayerga chiqmasdi va faqat oddiygina odamlarni qabul qilardi. Shunday qilib podshoh otdan tushib, o‘z qurolbardorlarini o‘rmondagi zohid yashaydigan uydan uzoqroq joyda qoldirdi, u oddiy kiyimlar kiyib yolg‘iz uning uyiga bordi. Shoh unga yaqinlashganda, zohid kulbasi oldida yer chopib o‘tirgan ekan. U podshohni ko‘rib salom berdi va chopishda davom etdi. Chol ozg‘in va zaif edi, u belkurakni yerga tiqib, mayda kesak bo‘laklarini ag‘darganicha og‘ir nafas olardi.

Podshoh unga yaqinlashdi va:

- Dono zohid, men sizning oldingizga bir ilinj bilan keldim. Meni qiynayotgan uchta savolga javob berishingizni so‘rayman: “Keyin afsuslanmaslik uchun qaysi vaqtni eslab qolishim va o‘tkazib yubormasligim kerak?”, “Qaysi odamlar eng kerakli, qaysisi bilan ko‘proq muloqotda bo‘lib, kim bilan kamroq munosabat qilishim kerak? Va, eng muhim narsa nima va qaysi yumush juda muhim bo‘lganligi uchun boshqalaridan oldin bajarilishi kerak?

Zohid shoh aytganlarini quloq solib tingladi, biroq javob bermadi, u qo‘liga tupurdi-da, yana yer qazishda davom etdi.

- Siz charchadingiz, - dedi shoh, - belkurakni menga bering, o‘zim chopib tashlayman.

- Rahmat, dedi zohid va belkurakni shohga uzatib, yerga o‘tirib oldi.

Podshoh ikki qator yer chopib, to‘xtab, yana savolini takrorladi. Zohid javob bermadi, u o‘rnidan turib qo‘lini belkurakka uzatdi:

- Endi sen dam ol, menga ber, - dedi.

Shoh belkurakni bermay, qazishda davom etdi. Oradan bir-ikki soat  o‘tdi; quyosh bota boshladi, podshoh belkurakni yerga sanchdi va:

- Donishmand, sizning oldingizga savollarimga javob topish uchun kelgan edim. Agar javob bera olmasangiz, shunday deb ayting, men ketay, - dedi.

- Qara, bu yerga kimdir yugurib kelyapti, - dedi zohid. – Bu kim bo‘ldi ekan?

O‘girilib qaragan shoh o‘rmondan yugurib kelayotgan bir soqolli odamni ko‘rdi. Bu odam qo‘llari bilan qornini ushlab kelardi, qo‘llari ostidan qon oqayotgan edi. Soqolli odam podshoh oldiga yugurib kelib, yerga yiqildi, u ko‘zlarini tepaga qaratib, qimirlamasdan yotib oldi, faqat kuchsiz ingrardi. Podshoh zohid bilan birga uning kiyimlarini ochib tashladi, qornida katta jarohat bor ekan. Shoh qo‘lidan kelganicha uni yuvib, ro‘moli va zohid bergan sochiq bilan bog‘lab qo‘ydi. Lekin qon ketishi to‘xtamadi va podshoh bir necha marta iliq qonga botgan bog‘ichni yechib, yarani yana yuvib, bog‘lab qo‘yardi. Qon oqishi to‘xtagach, yarador o‘ziga kelib, undan suv berishni so‘radi. Shoh suv olib kelib, yaradorga ichirdi. Bu orada quyosh botib, havo salqin bo‘lib qoldi. Podshoh zohid bilan birga yaradorni kulbaga olib borib, uni yotqizib qo‘yishdi. Yarador ko‘zlarini yumib, jim bo‘lib qoldi. Shoh yurib, ishlab shunchalik charchagan ediki, ostonada cho‘kkalab uxlab qoldi, u shunchalik qattiq uyquga ketibdiki, yozning qisqa tuni o‘tib, tong otganini sezmay qoldi. Saharda uyg‘onib, ancha vaqtgacha qayerdaligini va yotoqdagi unga chaqnab turgan ko‘zlari bilan tikilib turgan g‘alati soqolli odam kimligini tushunolmadi.

- Meni kechiring, - dedi soqolli odam bor kuchini yig‘ib, shohning uyg‘onib, unga qarab turganini ko‘rib.

- Seni tanimayman, nega mendan kechirim so‘rayapsan? – dedi shoh.

- Siz meni tanimaysiz to‘g‘ri, lekin men sizni taniyman. Men o‘sha, ukamni qatl qilib, molimni musodara qilganingiz uchun sizdan qasos olishga qasam ichgan dushmaningizman. Zohid huzuriga yolg‘iz borishingizni bilib olib, qaytishingizda sizni o‘ldirishga qaror qildim. Butun kun o‘tib hali ham qaytmaganingizdan so‘ng qayerdaligingizni aniqlash uchun pistirmadan chiqdim va qurolbardorlaringizga duch keldim. Ular meni tanidi, menga tashlanib, yarador qilishdi. Ulardan qochib chiqib, bu yerga keldim. Agar yaramni bog‘lamaganingizda qon ketib, o‘lishim aniq edi. Men sizni o‘ldirmoqchi edim, siz esa meni hayotimni saqlab qoldingiz. Tirik qolsam va agar siz yo‘q demasangiz, sizga eng sodiq qul bo‘lib xizmat qilaman, o‘g‘illarimga ham shuni buyuraman. Meni kechiring.

Podshoh dushmani bilan osonlikcha murosaga kelganidan juda xursand bo‘ldi, uni nafaqat kechirdi, balki mol-mulkini unga qaytarib berishga va qo‘shimcha ravishda uning uyiga xizmatkorlar va shifokorlarini yuborishga va’da berdi. Yarador bilan xayrlashib, shoh ayvonga chiqdi va zohidni izlay boshladi. Zohid hovlida edi va kechagina qazilgan qatorlar yonida tiz cho‘kkancha, urug‘ ekayotgan edi. Unga yaqinlashi va dedi:

- Donishmand, mening savollarimga javob berishingizni oxirgi marta iltimos qilib so‘rayman.

- Savollaringga javob olding, - dedi ozg‘in boldirlariga o‘tirib olgan zohid, ro‘parasida turgan podshohga pastdan tepaga qarab.

- Qanaqasiga javob oldim? – dedi shoh.

- Bo‘lmasa, eshit. Agar kecha mening ojizligimga rahming kelmay, mana bu qatorlarni chopib bermasdan, kelgan yo‘lingdan bir o‘zing qaytib ketganingda, mana bu pahlavon yigit senga hujum qilgan bo‘lardi. Shunda yonimda qolmaganing uchun afsuslangan bo‘larding. Bundan chiqdi, sen yer chopgan vaqt biror bir ish boshlash uchun eng zarur vaqt ekan, men esa sen uchun o‘sha vaqtda juda kerakli odam bo‘ldim, va eng muhimi, menga yaxshilik qilishing bo‘ldi. Bu yigit yugurib kelganida, eng kerakli vaqtda unga qarashding, chunki agar uning yarasini bog‘lamaganingda, u sen bilan yarashmasdan halok bo‘lgan bo‘lardi. Shu tariqa u sen uchun eng muhim odam bo‘lib qoldi, o‘z navbatida sening qilgan ishing u uchun juda muhim edi. Shuni yodingda chiqarma, eng muhim vaqt bitta: bu – ayni dam, u shunisi bilan muhimki, faqat shu vaqtning o‘zida biz o‘zimiz ustimizdan hukmronlikka egamiz; va hozir kim bilan ro‘para kelgan bo‘lsang, aynan u sening eng kerakli odaming, chunki u ham boshqa odam bilan muomala qilishi yoki qilmasligini hech kim bila olmaydi va eng muhimi – unga foydali bo‘lganing, chunki inson faqat yaxshilik qilish uchun hayotga yuborilgan. 

B.Muhammadiyeva tarjimasi.