Mutolaa: Yangicha yashash. Hikoya
Fridesh Karinti.
Do‘stim bilan tushlikdan so‘ng uchrashdim. Bu qahvaxonada u anchadan beri ko‘rinmagan edi, endi esa har doim o‘zi o‘tiradigan stolni egallab olib, bir nuqtaga tikilgancha o‘tirardi, shunday bo‘lsa-da, nazarimda u zerikkan yoki charchagan kishiga o‘xshab ko‘rinmadi.
Yoniga borib o‘tirganimda, u odatiy salomlashishning qadrini biladigan va unga ahamiyat berishni istamaydigan odam ovozida qisqa va qat’iy salomlashib qo‘ydi. Uning qat’iyatli, tiniq va xotirjam nigohi yuzimga qadaldi; u go‘yo qandaydir g‘ayrioddiy nekbinlik, ruhiy osoyishtalik taratayotgandek ko‘zlarimga tik qaradi. Tan olaman, men hatto bir lahzaga sarosimaga tushib qoldim.
- Hm... – ming‘illadim men. - Ishlaring qalay?
- Rahmat, yaxshi, - javob berdi do‘stim baland va tiniq ovozda.
Hayratlandim.
- Juda o‘zgaribsanmi? Xuddi almashtirib qo‘yilgandek.
- Bo‘lishi mumkin, - dedi u baland ovozda, qat’iy va ma’lum bir istehzo yoki achchiqliq bilan.
U ko‘zlarimga shunday samimiy ochiqlik bilan qaradiki, men xijolatdan orqaga o‘girilib, atrofga shubha bilan qaray boshladim:
- ...Har holda ahvoling qalay?..
Endi uning nigohi yanayam o‘tkirlashdi.
- Ahvolim? Yaxshi. Senikidan ancha farqlanadi.
- Jiddiymi? Juda ajoyib-ku. Xo‘sh, nimasi bilan farqlanar ekan?
U bir daqiqa go‘yo meni jiddiy qabul qilishga arzish-arzimasligimni chamalayotgandek ikkilanib turdi. Nihoyat oldinroqqa siljib, mushtini stolga urdi. So‘ng gapira ketdi, ko‘zlari g‘olibona porlardi:
- Bo‘lmasa eshit! Agar uyqusiz tunlardan shishib ketgan miyang mening... senga qanday qilib tushuntirsam ekan... mening xulosa hisobotlarimni tushunib yetishga hali ham qodir bo‘lsa eshit! Quloq sol va fahmlab ol! Senga hayot tarzim haqida qisqacha gapirib beraman... yo‘q, yo‘q, unday emas... Men senga, masalan, shunchaki bir kunlik kun tartibimni aytib beraman. Demak, boshidan boshlaymiz.
Ertalab sakkizda uyg‘onaman. Yotoqdan sakrab turaman. Salqin, tetiklantiruvchi dushdan so‘ng kiyinaman. Men uchun qora qahva endi yo‘q. Yashaydigan ko‘chamning boshida sut mahsulotlari do‘koni bor, u yerda kamtarona nonushta qilaman. Oddiy, ammo to‘yimli, kaloriyali va shu bilan birga tetiklantiruvchi nonushta. To‘qqiz yarim... Eshityapsanmi?
- Ha-ha. Juda qiziq!
- Xo‘sh, to‘qqiz yarim. Ish boshlanadi. Yoza boshlayman. Ha-ha, ertalabdan yozaman. Kalla joyidaligida, tunda dam olgan tasavvur bilan. Bu o‘n birgacha davom etadi. Keyin ish stolini tashlab chiqib, qo‘shni xonaga boraman, u yerda meni sport anjomlari kutadi. Kammas, ko‘pmas naqd bir soat gimnastika bilan shug‘ullanaman, bilasanmi, u tetiklantiradi va tanani mustahkamlaydi. Sog‘lom tanda – sog‘lom aql! Tushunyapsanmi? Bu juda muhim.
- Juda zo‘r!
- Albatta, zo‘r-da. Faqat shundagina yaxshi ishlasa bo‘ladi. Bu senga tungi hushyorlik emas. Endi, buyog‘ini eshit. Tushlik vaqti keldi. Bir yaxshi yengilgina, tetiklantiruvchi, shu bilan birga iliqqina ovqat yeyman, u jismoniy holatga foyda keltiradi va qanday tushuntirsam ekan... ruhni yuklamaydi. Umuman olganda, meni tushunayotgandirsan. Keyin soat to‘rtgacha kitob o‘qish zarur. Men o‘z kutubxonamdagi kitoblarni o‘qishga chin dildan sho‘ng‘ib ketaman: bilasanmi, ijod qilish uchun fikrlarni, masalan, asalari gulchanglarni yig‘ib olgani kabi yig‘ib olaman.
- Gulchanglarni... Kechirasan, bir daqiqa. Men yozib olmoqchiman...
- Bemalol. Shunday qilib to‘rtdan oltigacha, o‘z ustingda chuqur ishlash, oltida yana gimnastika, keyin ikkinchi tushlik. Soat yettida sayr qilish. Sakkizda sog‘lom va tetiklantiruvchi yengil ovqat. Go‘shtsiz. Shundan so‘ng qisqagina havo vannasi, yana mutolaa va soat o‘nda men yotoqqa kiraman. O‘n daqiqadan so‘ng men sokin vijdoni yonog‘i ostidagi yostiqning yumshoqligini to‘liq baholashga imkon beradigan insonning chuqur, sog‘lom va orombaxsh uyqusida uxlagan bo‘laman!
Shu yerda do‘stimning ovozi dabdabali nutq so‘zlayotganday chiqdi. Men unga gipnoz qilib qo‘yilgandek qarardim.
- Yaxshi, qancha bo‘ldi shunday yashay boshlaganingga? – so‘radim hayajondan bo‘g‘ilib qolgan ovozda.
Do‘stim boshini quyi tushirdi. Uning ko‘zlari birdan xiralashib, yuzi ajinlarda to‘plandi. Lablarining chetlari osilib qoldi. Mushtlar yozildi. U mendan ko‘zlarini uzdi.
- Hm.. nima deb aytsam ekan... Men shunday yashashni boshlashim mumkindir... ertadan boshlab.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.