Nahor oshimi yoki nahor kabobi?

Gazetalarda to‘ylar haqida ko‘p yozildi va yozilmoqda. Bu shunday mavzuki, kerak bo‘lsa, gazetaning har bir sonida, televideniyening kunlik ko‘rsatuvlarida to‘ylar haqida va ularni o‘tkazish odatlari to‘g‘risida aholiga eslatib turish lozim, deb hisoblayman.

“Nahor oshi” Samarqandda udum bo‘lganiga ham o‘ttiz yildan oshdi. To‘yning bu shakli xalqimizga ma’qul keldi. U ertalab – bir-ikki soat ichida o‘tib ketadigan tadbir. Yana spirtli ichimliklar ichilmaydi, ishga boruvchilar ishga bemalol yetib bora oladi. Kamchiqim, ixcham va ma’naviy ahamiyati yuksak. Biz bunday to‘ylarga o‘rganib qolgan edik.

Ammo yaqinda shahrimizdagi bir nufuzli restoranga “Nahor oshi”, deb atalgan to‘yga borib, bir “Yangilik”ning guvohi bo‘ldim. Avval yarim soatcha hammaning jam bo‘lishini kutdik. So‘ngra Qur’on tilovat qilingach, “Nahor oshi” tadbiri boshlandi. Lekin dasturxonga osh emas, “Qozon kabob” deb ataluvchi taom qo‘yildi. Dasturxon usti esa ustma-ust qo‘yilgan likopchalarda taqdim etilgan turli xil go‘sht mahsulotlari, pishiriq, meva-cheva, salqin ichimliklar bilan to‘la edi. Yana yarim soat o‘tgach, bo‘shagan tovoqchalar yig‘ishtirilib, osh tortildi. “Qozon kabob”dan to‘yib qolgan mehmonlar oshni, deyarli yemadi.

O‘z-o‘zidan ma’lumki, osh isrof bo‘ldi. Dasturxondagi noz-ne’matlar ham qolib ketdi. Bunday isrofgarchilik uvol, albatta.

Biz “Nahor oshi”ga taklif etilar ekanmiz, dasturxonimizga ham boshqa taom qo‘yilmasdan osh tortilsa, a’lo ish bo‘lar edi.

Yo‘ldosh Suyunov,

mehnat faxriysi.