Naqd valyutalarni bojxona chegarasi orqali olib kirish va olib chiqib ketish qoidalari tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 avgustdagi qarori bilan 2018 yil 30 yanvardagi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, “Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi naqd valyutasi va naqd chet el valyutasini O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib kirish va olib chiqib ketish qoidalari” tasdiqlandi.
Mazkur Qoidalarga ko‘ra quyidagilar belgilandi:
Jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan 70 000 000 (yetmish million) so‘m ekvivalentidan ortiq miqdordagi O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasi va (yoki) naqd chet el valyutasi (keyingi o‘rinlarda — naqd valyuta mablag‘lari) yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va bojxona organi xodimiga taqdim etish yo‘li bilan bojxona nazoratidan o‘tkaziladi.
Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida olib kirilayotgan yoki olib chiqib ketilayotgan mablag‘larning jami summasi ko‘rsatiladi.
Jismoniy shaxsning xohishiga ko‘ra, ekvivalenti 70 000 000 (yetmish million) so‘mga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd valyuta mablag‘lari ham deklaratsiya qilinishi mumkin.
Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga bojxona nazorati qoidalariga rioya qilgan holda, naqd valyuta mablag‘larini olib kirish cheklanmagan miqdorda amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan ekvivalenti 100 000 000 (yuz million) so‘mga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd valyuta mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga bojxona nazorati qoidalariga rioya etilgan holda cheklovlarsiz olib chiqiladi.
Belgilangan summadan ortiq miqdordagi naqd valyuta mablag‘larining O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Quyidagi holatlarda jismoniy shaxslar tomonidan ekvivalenti 100 000 000 (yuz million) so‘mdan ortiq miqdordagi naqd valyuta mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketishga yo‘l qo‘yiladi:
- rezidentlar tomonidan — xorijiy davlatlarga xizmat safariga ketayotgan Hukumat delegatsiyasi a’zolari uchun Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida;
- norezidentlar tomonidan — O‘zbekiston Respublikasiga kirish chog‘ida rasmiylashtirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida deklaratsiya qilingan mablag‘lar doirasida, shuningdek, respublikada belgilangan tartibda tashkil qilingan xalqaro musobaqalar (tanlovlar, olimpiadalar) sovrindorlari yoki qatnashchilari tomonidan mablag‘larning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida.
Bunda norezident jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga kirish chog‘ida to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan naqd valyuta mablag‘laridan respublika hududida qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq foydalanilgan qoldiq miqdori doirasidagi naqd valyuta mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqishga yo‘l qo‘yiladi.
Ekvivalenti 100 000 000 (yuz million) so‘mdan ortiq bo‘lgan naqd valyuta mablag‘larini olib chiqib ketish uchun asos bo‘lgan hujjatni boshqa shaxslarga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jismoniy shaxslar tomonidan naqd valyuta mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketish uchun asos bo‘ladigan hujjatlardan bir marotaba foydalanishga yo‘l qo‘yiladi va ushbu hujjatlar kelgusida naqd valyuta mablag‘larini takroran olib chiqib ketish uchun asos hisoblanmaydi.
Jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tayotganlarida naqd valyuta mablag‘larining haqqoniy va to‘g‘ri deklaratsiyalanganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Jismoniy shaxs bojxona organlari xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
Mazkur Qoidalar diplomatik daxlsizlikka ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.