Narpayda qancha odam markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘iga ulangan? Past Darg‘om, Payariq va Oqdaryoda-chi?

Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP deputatlik guruhi va tegishli tashkilot mutaxassislaridan iborat ishchi guruh yuqorida qayd etilgan tumanlarda aholining sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlanishi ahvolini o‘rganib chiqdi.

O‘rganish davomida bu borada amalga oshirilgan muayyan ishlar bilan birga, sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham mavjudligi aniqlandi.

Misol uchun, bugungi kunda Narpay tumani bo‘yicha markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlangan aholi 75 foizni, Past Darg‘om tumanida 68 foizni, Oqdaryo tumanida 15 foizni, Payariq tumanda 45,9 foizni, tashkil qilmoqda.

Ushbu tumanlarda viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasining tuman filiallari hisobida jami 348 ta suv inshootlari mavjud. Bugungi kunda ularning 156 tasi faoliyat yuritib kelmoqda. Xususan, Narpay tumanidagi 15 ta suv inshootlari yer osti suvlari sho‘rlanib ichishga yaroqsiz bo‘lib qolganligi sababli, Oqdaryo, Payariq, Past Darg‘om tumanlaridagi 177 ta suv inshootlari texnik davriy muddati o‘tganligi uchun ishlamayapti.

Aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifati, sanitariya qoidalari, gigiyena normativlariga muvofiqligi o‘rganilganda, Narpay tumanidagi Tortuvli, Olti o‘g‘il, Yangiobod, Dedan, Bolg‘ali, Toshrabot, Galaqassob, Nog‘oraxona, Yangiqo‘rg‘on, Arabxona mahallalaridagi suv inshootlarida xlorator qurilmalari, suv haydash inshootlari, suv zahira minoralari buzilib, qarovsiz holatga kelib qolgani kuzatildi.

Payariq tumani markazi va Chelak shaharchasida 30 dan ziyod ko‘p qavatli uylarning aksariyati 70 yillarda qurilgan. O‘tgan davr mobaynida ularning kanalizatsiya tarmoqlari ishdan chiqqan. Shuningdek, keyingi yillarda tumanda markazlashgan kanalizatsiya tarmoqlari va chiqindi suvlarni tozalash inshooti qurilmagan. Past Darg‘om tumanidagi Juma shaharchasi, Go‘zalkent va Charxin qo‘rg‘onidagi ko‘p qavatli uylarni oqova suvlari markazlashgan kanalizatsiya tarmog‘i yo‘qligi sababli betonlashtirilgan chuqurga quyilmoqda. Narpay tumani Xalqobod mahallasidagi uylarning kanalizatsiya tarmoqlari yaroqsiz holatga kelib qolgani oqibatida chiqindi suvlar 2 ta chuqurga yig‘ilib, maxsus texnikalar yordamida chiqarilmoqda.

Hududlarda joylashgan ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalaridagi holat ham o‘rganildi. Jumladan, Payariq tumanidagi tibbiyot birlashmasida xirurgiya, pediatriya, salomatlik markazi, registratura, umumiy amaliyot shifokori, urologiya xonalari suv bilan ta’minlanmagan. Salomatlik markazida o‘rnatilgan ariston, laboratoriya xonasidagi suv inshooti umuman ishlamaydi.

Oqdaryo tumanida 20 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 36 ta maktab pishma kran (kachalka)dan olinadigan ichimlik suvidan foydalanmoqda.

O‘rganish natijalari xalq deputatlari viloyat Kengashining oltmish to‘rtinchi sessiyasida muhokama qilindi.

Unda umumiy ahvoldan kelib chiqib, pishma kran (kachalka), buloq va quduq suvlaridan foydalanilayotgan hududlarda suvning umumiy qattiqligini doimiy monitoring qilib borish, har bitta aholi xonadonlari egalari bilan yakka tartibda tushuntirish ishlarini olib borish taklifi kiritilib, ma’qullandi.

Bundan tashqari, barcha ta’lim, tibbiyot muassasalarida suv inshootlari va kanalizatsiya bilan ta’minlanganlik holatini monitoring qilish, mavjud muammolar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar, “Yo‘l xaritasi” tuzish va uning ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rish belgilandi.

Albatta, ushbu yo‘nalishda biz deputatlar, shuningdek, deputatlik guruhlari oldida ham muhim vazifalar turibdi. Jumladan, bu borada hukumat va mahalliy dasturlarda belgilangan vazifalarni doimiy jamoatchilik nazoratiga olishimiz talab etiladi.

T.XOLIQOVA,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.