Nega Afg‘oniston armiyasi bunchalik tez yakson etildi?

«Tolibon» kuchlariga qaraganda ko‘proq sonli va yaxshi texnikalarga ega bo‘lishiga qaramay, Afg‘oniston kuchlari sharmandalarcha yengildi. Xo‘sh, nega?

Keling, bu savol atrofida o‘z mulohazalarimizni o‘rtoqlashaylik.

Eng asosiysi, AQShning harbiy ko‘magisiz hukumat nazoratini ushlab turishga qodir emas edi. Iyul oyida Oq uyda jurnalist Jo Baydendan «Tolibon» Afg‘onistonni egallashi muqarrarmi?» deb so‘rashdi. Bayden esa uch yuz ming kishilik yaxshi qurollangan afg‘on kuchlari borligiga ishora qilib bunday ehtimolni rad etdi. Oradan bir oy ham o‘tmadi. Afg‘on armiyasi butunlay quladi. Mamlakatning ko‘p qismida armiya «Tolibon»ga yetarli qarshilik ko‘rsatolmadi, ko‘pincha jang qilmay taslim bo‘ldi. Oxiriga kelib viloyat markazlari kutilmagan tezlik bilan qo‘lga olindi. Nihoyat 15 avgust kuni Qobul ham egallandi.

Nega afg‘on harbiylari “tolibon”larni to‘xtatish uchun qattiqroq jang qila olmadilar? Nega AQShning 83 milliard dollarlik afg‘on harbiylarini o‘qitish va armiyani texnologiya va qurollar bilan ta’minlashga qaratilgan loyihasi besamar ketdi?

Jangda ruhiy tayyorgarlik jismoniy tayyorgarlikka taqqoslaganda 10 ga 1 edi

Boshqacha qilib aytganda, so‘nggi yigirma yil mobaynida havo kuchlari, razvedka, logistika, rejalashtirish va boshqa muhim harbiy sohalarda AQSh madadiga tayanib qolgan afg‘on armiyasiga AQSh kuchlarining qisqa muddat ichida mamlakatni tark etishi ma’lum bo‘lgach, armiya ruhiyatini yo‘qotib bo‘lgan edi. Afg‘on maxsus kuchlari ofitserining “The Washington Post”ga ma’lum qilishicha, ko‘plab afg‘onlar Donald Tramp ma’muriyatining 2020 yil fevralda qo‘shinlarni olib chiqib ketish haqidagi qarorini «yakun» sifatida qabul qilishgan. Baydenning 2021 yil sentyabrgacha qo‘shinlarni to‘liq olib chiqib ketish qarori esa amalda Afg‘oniston armiyasini halokatga yetakladi. Mamlakatda «Tolibon»dek kuch turgan bir paytda armiyaning 20 yillik tayanchidan ajralishi halokatli yakunni anglatardi. Shunday ekan, Baydenning iyul oyida hozirgi yuz bergan yakunni kutmaganiga ishonish qiyin.

Shuni ta’kidlash lozimki, Baydenning 11 sentyabrga qadar qo‘shinlarni olib chiqib ketishi nafaqat AQSh kuchlari, balki umumiy yigirma besh mingdan ortiq ittifoqchi qo‘shinlar va hamkor kuchlarni ham mamlakatni tark etishini anglatardi. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda afg‘on harbiylari mamlakat bo‘ylab tarqalgan postlarga oziq-ovqat va o‘q-dorilar singari hayotiy zarur materiallarni ham yetkazib bera olmagan.

AQSh yigirma yil mobaynida afg‘on harbiylariga nimani o‘rgatdi?

AQSh doim afg‘on harbiylarini o‘qitishini, doimiy mashg‘ulotlar olib borishini ta’kidlab keldi. Ammo bu borada ham ko‘plab kamchiliklar kuzatilgan. Masalan, AQSh faqat askarlarni o‘qitishga e’tibor qaratdi, mahalliy politsiyani esa e’tibordan chetda qoldirdi. Bu esa mahalliy xavfsizlik darajasiga putur yetkazdi. Bundan tashqari, AQSh asosan taktik piyoda askarlik mahoratini o‘rgatishga e’tibor qaratib, boshqa zarur sohalar hisoblangan harbiy boshqaruv, qo‘mondonlik, logistika, rejalashtirish kabilarni o‘qitishga yetarli e’tibor qaratmagan (balki atayin e’tibor qaratmagan).

Shuningdek, AQShning o‘qitish harakatlariga unga bog‘liq bo‘lmagan faktorlar, jumladan, dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridan biri hisoblangan Afg‘onistonda ta’limning yetishmasligi va korrupsiyaning keng tarqalganligi to‘sqinlik qildi. Yaqinda “The New York Times”ga intervyu bergan Qandahor politsiyachilaridan biri «Biz korrupsiyaga botganmiz» deya ta’kidlagan edi.

Ya’ni, maoshlar va ajratiladigan resurslarni o‘zlashtirish niyatida mahalliy harbiy rasmiylar afg‘on xavfsizlik kuchlarining umumiy sonini doim oshirib ko‘rsatishgan. “The Washington Post”ning «Afg‘on hujjatlari» loyihasi shuni ko‘rsatdiki, rasmiy ravishda Afg‘onistonda 352 ming xavfsizlik kuchlari borligi ko‘rsatilsa-da, aslida raqamlar 254 mingni tashkil qilgan. Mahalliy qo‘mondonlar nafaqat «arvoh askarlar»ni yaratishgan, balki xizmat qilayotgan askarlarning maoshini ham kamaytirib, kerakli materialar (oziq-ovqat, qurol-yarog‘)ni yetkazib bera olmagan.

AQSh Afg‘oniston xavfsizligini ta’minlashda faqat o‘zi ishlata oladigan va nazorat qiladigan harbiy texnologiyalardan foydalandi (havo kuchlari va afg‘onlar o‘zlari saqlay olmaydigan texnikalar). Afg‘on kuchlarining o‘zlari esa bunday texnikalarni ishlata olmas edi. Ko‘pchilik aynan shuning uchun ham AQShni tanqid qilmoqda. Ushbu tanqid asosli, ammo AQSh yondashuvida ham mantiq bor edi: 38 millionli xalq va bepoyon hududlarni havo xavfsizlik kuchlarisiz nazorat qilish juda qiyin edi. AQSh va ittifoqchi qo‘shinlar chiqib ketgach, afg‘on armiyasi bunday vositalardan foydalana olmadi va armiya parchalanib ketdi.

Afg‘on qo‘shinlarini qattiqroq jang qilmaganlikda ayblash oson, ammo so‘nggi yigirma yillikda 60 mingdan ziyod afg‘on xavfsizlik kuchlari halok bo‘lgan. Bu esa AQShning Afg‘onistonda halok bo‘lgan askarlaridan 27 barobar ko‘p. Shuningdek, 3 mingga yaqin AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonda qolgan paytda ham, afg‘on harbiylari mamlakat shaharlarini nazorat qilishardi.

Shunday qilib, aynan AQShning chiqib ketishi afg‘on kuchlarining kamchiliklarini shafqatsizlarcha ochib berdi va armiyaning qulashiga olib keldi. AQSh afg‘on kuchlarining holatini, korrupsiya bilan bog‘liq vaziyatlar, kamchiliklarni barchadan yaxshi bilardi. Shundan kelib chiqib, Baydenga ham, boshqa AQSh rasmiylariga hozirgi holatlar kutilmagan emas. Afg‘on armiyasini bundan-da kuchliroq holda tashlab ketish AQShning qo‘lidan kelar edi. 

“Council on Foreign Relations” manbasi asosida  Toshkent davlat sharqshunoslik instituti 4-bosqich talabasi Shoxruh Yunusov tayyorladi.