Nogiron, ammo mahsulot tayyorlayotgan kishilarni kim qo‘llaydi, ularga kim ko‘mak beradi?
Tahririyatimizga nogironligi bo‘lgan, ammo uyida turli kiyim-kechak, maishiy mahsulotlar tayyorlayotgan shaxslar shikoyat xati bilan keldi. Tinglab, ularning hasrati bejiz emasligiga amin bo‘ldik.
Gap shundaki, keyingi yillarda yurtimizning barcha hududlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar tayyorlagan mahsulotlarning savdo yarmarkasini tashkil etish maqsadida “Biz birgamiz!” ijtimoiy loyihasi amalga oshirilib kelingan.
2020 yilning mart oyidan boshlangan pandemiya tufayli bu tadbir o‘tkazilmay qoldi. Oqibatda garchi nogiron bo‘lsa-da uyida maishiy va hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlab, jamiyatga ozmi-ko‘pmi foyda keltirishni, qolaversa, shu orqali ro‘zg‘orini uddalashni amalga oshirayotgan kishilarning ahvoli yomonlashdi, tayyorlagan narsalarini sotishning imkoniyati cheklandi.
Buni davlatimiz vaqtida angladi va Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 12 avgustdagi yig‘ilish bayoniga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadlarini pasayib ketishining oldini olish maqsadida “Madad” NNT va O‘zbekiston “Nogironlar” jamiyatiga 160 million so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada ushbu mablag‘ va homiylik hisobidan ularning mahsulotlarini sotish uchun 6 ta hudud - Buxoro, Navoiy, Namangan, Farg‘ona, Xorazm va viloyatimiz markazlarida yengil konstruksiyali savdo do‘konlari qurildi.
Ammo qurilish bilan ish bitmadi. Ya’ni, qolgan beshta viloyatda yengil konstruksiyali savdo o‘rinlari qurilib, ularga joy ajratildi. Ming afsuski, bizda bu paysalga solinyapti. Garchi yengil konstruksiyali do‘kon olib kelingan bo‘lsa-da, ammo shahar hokimligi uni o‘rnatishga joy izlayapti.
- O‘tgan yilni qo‘ying, shu yilning 5 oyi o‘tdi, ammo tayyorlayotgan turli xildagi buyum, mahsulotlarimizni realizatsiya qilishda juda qiynalyapmiz, - deyishdi ular. - Mayli, gavjum bozorlarda bo‘lsin demaymiz, ammo Samarqand shahrida vaqtincha savdo qilish uchun joylar bor-ku. Qolaversa, yengil konstruksiyali savdo shoxobchasi bo‘lgach, uni yig‘ishtirib olish, ko‘chirish mashaqqatli ish emas. Mas’ullar shunday joylarda savdo o‘rni tashkil qilib berishsa, mahsulotlarimizni sotishni yo‘lga qo‘yardik.