Novchandirning muammolariga qachon yechim topiladi?
Tahririyatimizga Past Darg‘om tumani Novchandir mahallasidan shikoyat xati keldi.
“Ko‘p yildan buyon mahallamiz markazi yo‘q, - deyiladi mahallaning o‘ndan ortiq fuqarolari nomidan A.Qurbonov, R.Ro‘ziyev, B.Islomov yo‘llagan shikoyatda. – Mahallaga kiradigan asosiy yo‘limiz yozda chang, qishda loy bo‘ladi. Quduq qazib, 3-4 metrdan olinadigan suvni ichyapmiz. Bor infeksiya yerning shu qatlamida joylashgan, lekin boshqa imkonimiz yo‘qligi uchun iste’mol qilishga majburmiz. Mahallada birorta tadbirkorlik, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, hattoki, sartaroshxona yo‘q. Mahallamiz eski binoda faoliyat yuritadi, lekin 20 sotixcha ochiq maydon bor. Shu yerni tadbirkorlarga berib, mahalla binosi, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etsa bo‘ladi-ku.
Mahallamizda 360 xo‘jalik bor va 1970 yilda o‘rnatilgan bitta transformatordan foydalanamiz. Eski simyog‘ochlar sinib ketyapti. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi mas’uliga aytdik, ammo natija yo‘q”.
Murojaatni o‘rganish uchun Novchandir mahallasida bo‘ldik.
- Haqiqatdan ham toza ichimlik suvi, yo‘llarni ta’mirlash, eski simyog‘ochlarni yangilash bo‘yicha muammolar bor, - deydi «Novchandir» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nasrulla Sharipov. – Bundan 50 yillar oldin o‘rnatilgan eski simyog‘ochlar eskirib, aholi xonadonlari ustiga qulab tushgan holatlar ham bo‘ldi. Toza ichimlik suvi yo‘qligidan yerning birinchi qatlamidagi suvni iste’mol qilamiz. Bir necha marotaba suv tarkibini tekshirishganda iste’molga yaroqsiz, deb topishgan, lekin boshqa manba yo‘q.
Tuman elektr tarmoqlari korxonasi Juma bo‘limi ustasi Shokir Eshmonov mahallada elektr ta’minotida ahvolning yomonligi hisobga olinib, simyog‘ochlarni almashtirish va qo‘shimcha transformator o‘rnatish joriy yil ikkinchi chorak uchun belgilangan dasturga kiritilganligini aytmoqda.
- Novchandir mahallasida 8 kilometr 700 metr ichki yo‘l mavjud va 2021 yilda hashar yo‘li bilan 1 kilometr yo‘lga tosh to‘shalgan, 1 kilometr yo‘l mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan asfaltlangan, - deydi tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Begzod Jo‘rayev. – Joriy yilgi dasturga taklif berilgan va mablag‘ ajratilsa, 2,5 kilometr yo‘l shag‘allashtiriladi. Mahallaning qolgan ichki yo‘llariga ham bosqichma-bosqich shag‘al to‘kiladi.
“Samarqand suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati Past Darg‘om tuman filiali boshlig‘i B.Xudoynazarovning ma’lumotiga ko‘ra, mahallada 2285 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 950 nafar aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan va 1335 nafar aholi ichimlik suvini tashib kelib, iste’mol qiladi.
Aholining suv ta’minotini yaxshilash uchun 2 dona yangi suv inshooti va 6,2 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini tortish talab etiladi.
Boshqa loyihalar kechikayotganini tushunish mumkindir, ammo aholi iste’molga yaroqsiz suv ichib, turli yuqumli kasalliklarga chalinsa, buning jabri kimga bo‘ladi? Tuman mas’ullari shu mahalla kabi suv ta’minoti eng og‘ir hududlarni birinchi navbatda dasturga qo‘ymaydimi? Yuqorida mas’ullarning fikrlari ham “dasturga kiritamiz, taklif beramiz”dan nariga o‘tmadi. Amaliy ishdan esa darak yo‘q.
Mazkur murojaatni o‘rganish davomida mas’ullar muammolarga yechim topishni bildirgandi. Oradan bir oydan ortiq vaqt o‘tdi. Mahalla raisi N.Sharipovning aytishicha, shu vaqtda tuman elektr tarmoqlari korxonasi mahallaga 10 dona beton ustun keltiribdi, xolos. Viloyat hokimining tashabbusi bilan sektor rahbarlari boshchiligida barcha ichki yo‘llarga tosh yotqizilyapti. Ushbu mahalla to‘rtinchi sektorga biriktirilgan, lekin mahalla bunday tashabbusdan chetda qolganga o‘xshaydi. Shu bois mahalla raisi aholi bilan kelishib, 15 maygacha ichki yo‘llarga hashar yo‘li bilan 40 mashina tosh to‘ktiribdi.
O‘.Xudoyberdiyev,
B.Mustanov (foto).