Noyob qobiliyatga ega bolalar
Har birimiz bolaligimizda hech bo‘lmaganda bir marta qandaydir g‘ayritabiiy kuchga ega bo‘lish yoki odamlarning fikrlarini o‘qiy olish qobiliyatiga ega kishi bo‘lishni orzu qilganmiz. Dunyoda haqiqatan ham shunday qobiliyatga ega bolalar borligini bilasizmi?
Tunda ko‘ra olish
Xitoyning janubidagi Daxua shahrida yashaydigan bola biz hali ham odamlar haqida hamma narsani bilmasligimizni isbotlab berdi. Tashqi tomondan, Nong Yusui Xitoydan kelgan oddiy bolaga juda o‘xshaydi. Biroq uni boshqalardan tubdan ajratib turadigani - uning ko‘zlari. Ular juda g‘ayrioddiy neon rangga ega va qorong‘uda mushuk kabi porlaydi. Shu sababli, Nong kechalari juda yaxshi ko‘rishga qodir.
Shifokorlar darhol bolaning ko‘z tuzilishini tekshirishga kirishdi. Rasmiy tibbiy xulosalar hali chiqarilmagan, ammo Nongning ko‘zlarida qorong‘uda ko‘rish imkonini beruvchi hujayralar qatlami - tapetum borligi taxmin qilinmoqda. U mushuklar, itlar, lemurlar va qorong‘uda ko‘radigan boshqa jonzotlarda uchraydi. Shu paytgacha odamlarda hech qachon tapetum kuzatilmagan.
Dipak Djangra
Hindistonda tanasi 11 000 voltga bardosh bera oladigan g‘ayrioddiy o‘smir yashaydi. Dipak o‘zining super kuchini tasodifan, onasi isitish tizimini ta’mirlashni so‘raganida kashf etdi. Yigit tasodifan metall otvyortka bilan yalang‘och simga tegdi va unga hech narsa bo‘lmaganiga ajablandi. Albatta, u sodir bo‘lgan voqeadan hayratda qoldi.
Vaqt o‘tishi bilan Dipak elektr toki u uchun hech qanday xavf tug‘dirmasligini tushundi, u xotirjamgina o‘z tanasi orqali bu hududdagi 500 ta uyni quvvatlantirish uchun yetarli bo‘lgan elektr kuchlanishni o‘tkaza oladi.
Daho qizaloq
Asli Londondan bo‘lgan Eliza Ten Roberts hali bola, lekin u allaqachon intellekt darajasi (IQ) 148 yoki undan yuqori bo‘lganlarni qabul qiladigan jamiyat - Mensa klubining a’zosi. Boshqacha aytganda, Mensa klubiga sayyoradagi eng aqlli boshlar kiradi. Qizaloq o‘zining 156 (IQ) darajasi bilan klub talablarini to‘liq qondiradi. Qiz rivojlanishi bilan uning aql-zakovati oshadi, degan shubhalar bor.
U “dada” so‘zini chaqaloq besh oyligida aytdi. Ikki yoshida Eliza mukammal bilim bilan maqtana olardi. U ikkilanmasdan Rossiya, Indoneziya va 30 dan ortiq davlatlarning poytaxtini bilardi. Shuningdek, u ispan tilida 10 gacha sanardi va turli xil uchburchaklarni tavsiflab berardi. Jismoniy rivojlanishda ham Eliza orqada qolmadi. U sakkiz oyida yurib ketdi va o‘n oyligida to‘liq tezlikda yugurardi.
Mensa klubining Britaniya filiali prezidenti, mikrokompyuterlar ixtirochisi Klayv Sinkler Elizani kichkina daho deb hisoblaydi. Shuningdek, u ajoyib xotiraga ega ekanligini ta’kidlaydi. Sinklerning so‘zlariga ko‘ra, uni katta kelajak kutmoqda.
Ajoyib qizaloqning ota-onasi kimlar ekan? Ular oddiy odamlar. Uning otasi Edvard avtomobil sotuvchisi va dvigatellar bilan yaxshi tanish, onasi Luiza esa hisobchi. Edvard va Luiza Elizani birinchi navbatda bola sifatida ko‘rishadi va ular uni betashvish bolalikdan mahrum qilishni xohlamaydilar.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.