Nurga to‘lsin, bog‘laring, Urgut!
Vatan - ostonadan boshlanadi.
Ostona - bu yorug‘ olamga kelib, birinchi qadaming tekkan zamin.
Odam bolasi uchun jumlai jahonda bundan aziz, bundan mo‘’tabar, bundan muqaddas maskan yo‘q. Urgut men uchun ana shunday qutlug‘, qadrli, bebaho.
Samarqandning kunchiqar betini yarimta oy singari o‘rab turgan Zarafshon tog‘ tizmalari etaklarida tovlanib yotgan bu manzilda eramizdan avalgi yuz ming yilliklarda ham ajdodlarimiz umrguzaronlik qilganlar. Bu tuproqda tosh va bronza davrlariga oid bebaho tarixiy yodgorliklar mavjudligi, Hazrat G‘avsul A’zam, Xo‘ja Zakariyo avliyoi Varrak, Xo‘ja Omon, Xo‘ja Tolibi Sarmast, Xo‘ja Abdol, Shirvoq ota, Xo‘ja Ibrohim Kadut kabi ulug‘ siymolarning maqbara-yu qabrlari borligi, Xo‘ja Ahror Valiy hazratlari ham bir qancha muddat Kamongaron qishlog‘ida yashaganlari yurtdoshlarim qatori mening ko‘ksimni ham faxru iftixorga to‘ldiradi. Mirzo Bobur hazratlarining Urgut - jahonda kamdan-kam uchraydigan go‘zal maskan ekani haqida to‘lqinlanib yozganlarini; XV asrda yurtimizda bo‘lgan arab sayyohi Ibn Hovqalning: «Samarqandning janubida Shovdor tog‘lari joylashgan. Atrofda bu viloyatchalik kishi salomatligi uchun toza havoli maskan, serhosil ekinzor, eng yaxshi mevazor bog‘lar yo‘q. Kishilarining qaddi kelishgan, yuzlari yorug‘...» deganlarini o‘qiganda esa g‘ururdan qush bo‘lib uchgilarim kelib ketadi.
Biroq.... Ming taassuflar bo‘lsinki, shunday mo‘’tabar va muazzam maskan rus imperiyasi, sho‘ro bosqinlari zamonida oyoqosti bo‘ldi, toptaldi, talandi, xo‘rlandi. «Qaddi kelishgan» kishilarining qomati bukildi, «yorug‘ yuz»laridan nur ketdi. Ular amal-taqal qilib kun ko‘rish, bola-chaqa boqish uchun sahardan shomgacha qora terga botib ishladilar, ammo chegalangan eski kosa oqarmadi. Onalarimiz, opa-singillarimiz 40-45 darajali quyosh tig‘i ostida tamaki o‘tab, tamaki chopib, tamaki tizganda, emizikli chaqaloqlari paykal boshidagi uch oyoqli «bolalar bog‘chasi»da «rohat» qilib “orom” oldi, endi-endi atak-chechak qila boshlagan go‘daklari esa chang-tuproqqa belanib, onalari orqasidan ergashib borib, jo‘yaklar orasida uxlab qoldilar. Biz, maktab o‘quvchilari qishda pol-patologsiz, paxsa devorli sinfxonalarda sovuqdan qalt-qalt titrab kitob o‘qidik, dars qildik, shu alpozda maktabni bitirdik. Faqat biznikimas, Urgutdagi maktabu bog‘chalarning hammasi shunday abgor, hatto biznikidan besh battarlari bisyor edi. Ya’niki, tumandagi maktablarning yarmi moslashtirilgan, avariya holatidagi binolarda joylashgan, bog‘cha yoshidagilarning bor-yo‘g‘i 13 foizi bog‘chalarga qamrab olingan edi, xolos.
Ammo bir-biridan ezg‘in va xomush xotiralar qolganiga qaramay, hadeb Urgutimga borgim, bolaligim o‘tgan changu tor ko‘chalarni kezgim kelaveradi.
Shu yil 15 aprel kuni mamlakatimiz rahbarining Urgutga borganini ko‘rib, Urgut va urgutliklar mehnatiga bergan yuksak baholarini eshitib, yaqinginada borib kelganimga qaramay, yana ichimga cho‘g‘ tushdi, sig‘may qoldim Toshkentning sershovqin ko‘chalariga. Omonqo‘ton archazorlarida kezgim, Chorchinor chashmalarida samoviy qushlar singari o‘ynoqlab suzib yurgan sulton baliqlarning raqslarini tomosha qilib, Qoratepa dengizi bo‘ylarida xayollarga g‘arq bo‘lib o‘tirgim, hindular haqida dunyoga mashhur kinofilmlar tasvirga tushirilgan Toshburgut yonida jo‘ralarim bilan gurunglashgim kelib ketaverdi.
Davlatimiz rahbarining Urgutga bo‘lgan e’tibori, mehru muhabbati qanchalar cheksiz va samimiy ekanidan xabarim bor. U kishi viloyat hokimi bo‘lgan yillarda Chorchinor, G‘avsul A’zam ziyoratgohlari va qanchalab aziz qadamjolarni obod qilish ishlariga shaxsan bosh-qosh bo‘lgani va yana, hamisha “Men urgutliklarning ko‘zlarida shiddat ko‘raman, shijoat ko‘raman”, deya iftixor qilganlarini ham yaxshi bilaman. Bu galgi safarlarida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi bunyodkorlari haqida aytgan so‘zlari, xuddiki menga qarab aytilgandek, ruhi ravonimni bahoriy nasimlar singari yayratib, tebratib, to‘lqinlantirib yubordi. Ehtimol, shudir: Vatan – ostonadan boshlanadi, deganlari.
Yoshdirsan, qaridirsan, jahonning u yog‘idan kirib, bu yog‘idan chiqqan alloma-yu zamondirsan, baribir, har gal ko‘z ochib ko‘rgan mo‘’tabar ostonaga qadam qo‘yganda yuraging ko‘ksingga sig‘may hapriqadi, iching hayajondan kapalak qanotlari kabi titraydi. Samarqandga yaqinlashib, Zarafshon ko‘prigidan o‘tayotganda boshlanadi mening vujudimda ana shunday inja titroq. Har giyohu har daraxt allaqanday sirli-sehrli jilvalana boshlaydi. Darg‘omdan oshib, Urgut tuprog‘iga qadam qo‘ygan lahzalarda esa buloq suvlaridek tiniq havolarida kiyik o‘ti, yalpiz, zira hidi gurkirab anqib turgandek yayrab ketadi dunyoyu dunim. Toshkent-Termiz shohko‘chasining ikki tarafida yashnab yotgan navqiron olmazor bog‘lar, uzumzorlarga boqib to‘ymayman. Bu joylar besh-olti yil avval oftobda harsillab yotgan qip-yalang‘och dasht bo‘lganini eslasam quvonchimga quvonch qo‘shiladi. Bir uchi Ohaliq tepaliklariga, bir uchi Chaqilikalon va Qoratepa tog‘lariga tutashib ketgan bog‘-rog‘lar orasidan o‘tgan Katta O‘zbekiston trakti Qoratepa, Omonqo‘ton qishloqlarini kesib o‘tib, Taxtaqoracha dovoni osha Qashqadaryo vohasiga enib ketadi. Urgut tumani markaziga borish uchun Yettiuyliga yetmay, katta yo‘ldan chapga - Kenagas tomonga burilish kerak. Kenagasdan Urgutgacha 18 kilometr. Kenagasdan keyingi qishloq, bizniki. Qishlog‘imiz bilan Urgut orasidagi 16 kilometrlik yo‘lning har qarichi menga besh qo‘lday tanish. 5-6-sinfda o‘qib yurgan paytimdan boshlab to o‘ninchini bitirguncha haftada ikki marta akam bilan goh eshakda, goh eshak aravada shu yo‘ldan qatnab somon sotganmiz.
Chorshanba va yakshanba kunlari somon bozori bo‘lardi Urgutda. Oilamiz yirtig‘iga yamoq bo‘lsin deb 8-sinfda o‘qiydigan akam bilan bozorga qatnardik. Kombayn o‘rog‘iga ilinmay qolgan bug‘doypoya - sovorani yig‘ib, xirmon qilib uyardik-da, eshaklarni bir-biriga motashtirib oftob tig‘ida savora yanchardik. Savora eshaklar tuyoqlari ostida mayda-mayda bo‘lib ketgandan keyin, somonxonani to‘ldirib, qish bo‘yi somon sotardik. Bir qop somon 2,5-3 so‘m edi. Bozor erta tongda boshlanib, kun chiqar-chiqmas tugab ketar, kech qolmaslik uchun yarim oqshom yo‘lga chiqish shart edi. Har xil tasodiflar bo‘lardi yo‘lda. Bir gal qishning ayozli tunida bir gala bo‘rilarga duch kelib qoldik. Bo‘rilar pastki Beshkapadan chiqib, tog‘ tomonga o‘rlab borardi. Ustiga to‘qqiz qanor somon ortilgan aravani jimgina tortib borayotgan eshak qashqirlarni ko‘riboq taqqa to‘xtadi. Shalpang quloqlari karnayday dikkayib ketdi, to‘rt oyog‘ini oldinga tirab, orqaga tisarila boshladi. Xalacho‘p bilan uramiz, so‘kamiz - quloq solmaydi! O‘zimiz ham qo‘rquvdan qalt-qalt titraymiz. Mening tilim tanglayimga yopishib qolganday edi. «O‘ldik!!» deyman ko‘zlarimni chirt yumib ichimda. Bir mahal akam qo‘lidagi o‘roqning orqasi bilan arava charxining temiriga tars-tars urib, ovozining boricha baqirib allaqaysi ashulani aytib yubordi, deng! Ashula, ashuladan ko‘ra, ko‘proq yig‘iga o‘xshab ketardi. Xudo bir asradi - bo‘rilar, qorni to‘q ekan shekilli, biz tomonga qarab-qarab, toqqa o‘rlab ketdi. Aravamiz yo‘l chetidagi chuqurga ag‘nab tushay deganda, eshagimiz tisarilishni to‘xtatdi...
Yana bir safar, bir o‘zim edim, Mergancha qishlog‘iga yetay deganimda iliqqan itlar eshagimni hurkitib yubordi. Ikki qop somonga qo‘shilib yerga ag‘nab tushdim. Eshagim o‘zimga o‘rgangan, qochib ketmadi. Ammo qoplarni ortishga kuchim yetmay, bironta yo‘lovchi kelib qolishini kuta-kuta bozordan qolib ketdim.
Hozirgi manzaralar qayoqda deysiz, u zamonlarda? Uyimiz bilan Mergancha orasidagi salkam 15 kilometrlik masofada bir tup qayrag‘ochdan bo‘lak, uy tugul, chayla ham yo‘q! Jizillovuqlar jizillab yotgan qip-qizil dasht. Yomg‘irda loyga, issiqda changga belanib yotuvchi kimsasiz ko‘chada onda-sonda o‘tib qoladigan telejkali traktor yoki yonboshiga “Moloko” deb yozilgan sut tashuvchi eski mashina, yakkam-dukkam ot-eshakli bozorchilardan boshqani uchratish amrimahol edi kunduz kunlariyam. Bugun esa...
Bugun haqida gap boshlashdan avval yana bir o‘ta jiddiy muammoni aytmasam bo‘lmas... E’tibor bering, 1978 yili Urgut tumanida 140 mingdan ziyodroq aholi istiqomat qilgan. Bu raqam 2005 yilda 350 mingga yetdi. Hozir esa 550 mingdan ortiq. Agar 1970 yilda aholi zichligi bir kvadrat kilometrga o‘rtacha 117 kishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2002 yilga kelib 300 kishiga yetdi. Bu zichlik shu kunlarda qay darajada ekanini endi o‘zingiz hisoblab ko‘ravering. Yer – o‘sha, suv – o‘sha, tuman hududi ham o‘sha-o‘sha – bir qadam kengaygan emas. Yangi oilalarga tomorqalar ajratish, uy-joylar, yo‘llar, korxonalar qurish oqibatida foydalaniladigan, ekin ekiladigan maydonlar kunma-kun ozayib boryapti. Shu ketishda yana 20-30 yildan keyin nima bo‘ladi? 50, 80, 100 yildan keyin-chi? Yana, Xudoga shukur, hamma o‘zbeklar singari, urgutliklar ham bolajon – har yili 15 mingdan 20 ming nafargacha farzandlar dunyoga kelyapti! Urgut buncha aholini qanday qilib bag‘riga sig‘diradi? Ular qanday yashab, qanday ishlab, qanday hayot kechiradi? Eng og‘ir, eng qiyin va javobi mavhum savollar edi yaqin-yaqingacha bunday muammolar.
Bugun-chi? Mana, endi bugun haqida so‘zlash mavridi keldi.
Ochig‘i, bugungi evrilishlarni kechagi kunlar bilan solishtirish... ertak!
Ha, naq ertakning o‘zi! Tasavvur qiling-a? Yaqinginada pastu patak choldevor sifat uyda kun kechirgan kampir endi 12 qavatli haybatli imoratda yashamoqda! Xuddiki, “Mahallada duv-duv gap” filmidagi Mehrixon ayadek osmono‘par bino ayvonidan pastga qarab “Voy tinchimagur odamlar-ey, nimalarni o‘ylab topishmaydi-ya!” deb hayratlanib turganday... Haligina aytuvdim, qishlog‘imizdan Mergancha ovuligacha bitta qayrag‘ochdan bo‘lak chaylayam yo‘q edi, deb. Hozir-chi, hozir bir odim bo‘sh joy topish azob – hammasi egallangan, hammayoqda o‘zgarish, qurilish, gir-tevarak yangi rusumdagi bog‘-rog‘lar. Kaftday tekis asfalt ko‘chaga sig‘may ketayotgan turnaqator mashinalarga, ikki yonda marjonday tizilgan ko‘rkam va shinam uylarga qarab ko‘ngling munavvar tortadi: do‘konlar, oshxonalar, aholiga madaniy-maishiy, avtoulovlarga texnik xizmat ko‘rsatish, benzin va gaz quyish shoxobchalari... Chin shahar, haqiqiy shaharning o‘zi! Ayniqsa, odamning havasini keltiruvchi yangi tipdagi zamonaviy uylarni aytmaysizmi?! Bu imoratlar nafaqat namunaviy loyihalar asosida barpo etilgani-yu ko‘rku salobati, balki yashash uchun qulay va mukammal shart-sharoitlari bilan ham shaharnikidan qolishmaydi. Ikki-uch yil orasida necha yuzlab xuddi shunday uylar barpo etildi.
Mashhur Urgut jahon bozori ham shu ko‘chada. Bozorjoy ham yaqin yillargacha zarang toshloq edi. Faqat Urgut yoki Samarqandda emas, balki respublikamizdagi eng katta bozorlardan biri hisoblanadigan bu ulkan savdo majmuasi qisqa muddatda barpo etildi. Bir necha ming savdo shoxobchalari, turli xil madaniy-maishiy tarmoqlar, bank, telefon, xalqaro pochta bo‘limlari, oshxona-yu choyxonalar to‘plamidan iborat bozor katta shaharlardagi haybatli «gipermarket»lardan qolishmaydi, bozor havosi qishin-yozin mo‘’tadil. Bozor oldi gulzor-bog‘, kiraverishda – katta yo‘ldagilargayam, bozorchilargayam xalaqit bermaydigan keng maydon, maydonda bir necha yuz mashina sig‘adigan avtoulovlar to‘xtash joyi. Bozorning bu yerga «ko‘chib» kelganiga ko‘p bo‘lgan emas. Bozor avval tuman markazida, odamlaru mashinalar chumoliday qaynab yotgan serqatnov yo‘l yoqasida edi. Samarqand – Urgut yo‘nalishidagi avtomashinalar soatlab tiqilinchda turib qolar edi. Eski bozor o‘rnida go‘zal istirohat bog‘i barpo etildi. Kattalar va bolalar uchun turli attraksionlar, osmono‘par favvora, o‘rdaklar suzib yuradigan ko‘l, cho‘milish hovuzlari, stadion, amfiteatr... Oromgoh yonboshida yangidan qurilgan sport maktabi.
– Urgutimizning bugunini avvalgisi bilan taqqoslab bo‘lmaydi, – deydi sinfdosh jo‘ram Quddus Asqarov. – Mana, misol uchun, maorif sohasi. O‘tgan asrning 70-80 yillarida tumandagi 70 ta maktabning bittaginasida tabiiy gaz bo‘lib, qolganlari tappi-tezak yoqardi. Hozir maktablar ham, kolleju akademik litsey ham, bog‘chalar – hammasida kelajagimiz bo‘lgan yosh avlod tarbiyasi, ilm olishi uchun barcha sharoitlar muhayyo.
Yana bir sinfdosh do‘stimiz Tojiboy Obloqulov (joyi jannatdan bo‘lsin)ning armonli so‘zlari hamon qulog‘imdan ketmaydi: sho‘rolar zamonida ikki marta - birinchi safar 10 yil, ikkinchi safar 5 yil - jami 15 yil tumandagi eng yirik kolxozlardan biri - «Pravda»ga raislik qilib, shuncha yil kattakon bo‘lib, o‘g‘limga bitta velosiped olib berolmadim. Mustaqillikdan keyin fermer bo‘lib moshin oldim, uy qurdim, to‘y qildim. Faqat menmas, o‘zbek dehqonining ko‘pi boy bo‘lib qoldi. Bu yutuqlarning tomiri – mamlakatimiz keskin muammolar girdobida qolgan murakkab va og‘ir kunlarda Birinchi Prezidentimizning farmoni bilan yerni odamlarga tomorqa qilib berilishidan boshlandi. Farmon e’lon kilinganda suyunganidan do‘ppisini osmonga otganlar juda ko‘p bo‘ldi. Keyin eshitsak, farmon munosabati bilan O‘zbekiston bo‘yicha 2,5 million oilaga hammasi bo‘lib 700 ming gektar sug‘oriladigan yer tomorqa sifatida xususiy mulk qilib berilgan ekan. Fermerlik harakati bilan yer o‘zining haqiqiy egalari qo‘liga o‘tdi. Dehqonlar yerga allakimning mulki deb emas, ota-bobomdan qolgan va bolalarimga meros qilib qoldiradigan muqaddas boylik deb mehr qo‘yadigan bo‘ldilar. Hosildorlik keskin oshdi. Ammo... Keyin ko‘z tegdimi, nima bo‘ldi – bilmayman. Birdaniga tekshir-tekshir, buyruqbozlik, korrupsiya urchib ketdi. Buning ustiga gaz ham, svet ham qaroqchi talaganday yo‘qoldi. Gangib qoldik. Qo‘limiz ishdan sovudi. Bekorchilar ko‘paydi. Necha minglab yigitlarimiz ish qidirib, begona yurtlarga chiqib ketdilar. Lekin, mana, qilsa bo‘larkan-ku!
Ha, bo‘lar ekan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 12 yanvar kuni “Urgut” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risida farmon qabul qildi. Urgut javohirga limmo-lim sandiq edi-yu, bu hujjat ana shu sandiqning kaliti bo‘ldi go‘yo. Rostini aytganda, buni ko‘pchilik sezmas, anglamas, farmon Urgut tarixida tub burilish yasayajagini hali birov bilar, birov bilmas, bilganlar ham goh ishonib, goh ishonqiramay gumonsirab turar edilar. Illo, ming-minglab aziz farzandlari qo‘shni Qozog‘istondan Turkiya-yu Amerikagacha bo‘lgan davlatlarda, kim-kimlarning eshigida xizmatkorlik qilib yurgan ota-onalarning bir muddat karaxt bo‘lgani, ularga farmondagi beqiyos rejalar bamisoli sarobdek jimjimador ko‘ringani ham bor gap. Ruhi cho‘kib, shashti sinib, ertasiga ishonchi yo‘qolgan kishilarning shunday xayollarga borishi notabiiy emasdi. Ustiga-ustak na gaz bor, na svet. Yo‘llar bo‘lsa bamisoli tuxumkorobka, infratuzilma dabdala. Ana shunday sharoitda ulkan rejalar to‘g‘risida so‘zlash, ba’zilarga tuya hammomni orzu qilganday tuyulardi go‘yo. Ammo ipidan-ignasigacha o‘lchab, hisob-kitob qilinganidan keyin e’lon qilingan farmon sal o‘tmay, yillar davomida yumilib, ko‘milib qolgan chashma-yu buloqlarning ko‘zini ochib yubordi. Mavjud xomashyo va infratuzilmadan samarali foydalanib, qishloq joylarida sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish kabi o‘ta hayotiy muammolarni hal qilish yo‘lidagi yumushlar qizib ketdi. Dastlab, farmonda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish uchun Urgutdan tashqari, Past Darg‘om, Nurobod tumanlari hamda Samarqand shahridan jami 1200 gektardan ziyodroq yer maydoni “Urgut” EIZiga ajratib berildi.
Urgutda yozilmagan, ammo hammaning vujudiga singib ketgan shunday an’ana bor: chin rahbar bo‘lsang, huda-behuda ishimizga aralashib, yo‘limizga to‘g‘anoq bo‘lma, aql o‘rgatib, asabimizga tegma, ishlash uchun sharoit yaratginu, istagancha talab qil, ana shunda ko‘rasan chinakam mo‘’jiza nimaligini. Bu safar aynan shunday bo‘ldi: mehnatkash, tadbirkor qo‘llar qisqa vaqtda 313 million dollarlik 55 ta loyihani muvaffaqiyat bilan amalga oshirdilar. 4 ming 328 ta yangi ish o‘rni tashkil qilindi.
Yaqinda mazkur farmonda belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha yana bir dadil qadam tashlandi. Shu yil 13 mart kuni Vazirlar Mahkamasi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, tumanning O‘ramas mavzesi hududidan 50 gektar, Samarqand shahrining Xishrav mavzesidan 294 gektar maydon “Urgut” EIZga ajratiladi. “Urgut” EIZning Mergancha hamda Sariqtepa mavzelarida joylashgan ishlab chiqarish korxonalarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida tuman hududidan o‘tuvchi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘idan alohida podstansiya quriladi. Bu – yangi inshootlar, yo‘llar paydo bo‘ladi, yangi investitsiya loyihalari kirib keladi, deganidir.
Shu kunlarda “Urgut” EIZda qiymati 402 milliard dollardan ziyod 84 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Tuman hududida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar soni esa 220 xildan ko‘p. 220 turli mahsulot! Eh-he, nimalar yo‘q deysiz ular orasida. Oddiy paypoqdan shohona gilamlargacha, shiferdan yevropacha eshik-romgacha, g‘isht, shlak-beton plitalardan muzlatkichu televizorlargacha, avtomobillarning ehtiyot qismlaridan faranglarnikidan qolishmaydigan atir-upalargacha – hamma-hammasi bor. Yengil sanoat, charm-poyabzal tovarlari, elektr texnikasi buyumlarining xaridorgirligini aytmaysizmi? Urgut brendi ostida tayyorlanayotgan kiyim-kechaklar nafaqat qo‘shni Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston yoki Rossiya davlatlarida, balki Turkiya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Amerika bozorlarini ham obod qilayotir.
Shunaqa. Bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar asta-sekin jahon bozorlarini egallayotir. Yaratish, yangi marralarni egallash ishtiyoqi esa kun sayin kuchayib bormoqda. Mebel va konserva zavodlari qatorida yuzlab katta-kichik sanoat korxonalari, tikuv sexlari, mikrofirmalar borgan sayin kengayib, qanot yozib borayotir. Mergancha massividagi “Kamalak Tekstil” korxonasi gilamdan tashqari, tafting, kovrolin mahsulotlari, sintetik ip va sun’iy chim ishlab chiqarayotir. Ularning yoniga har yili yana qishloq xo‘jalik, poliz va bog‘dorchilik mahsulotlarini qayta ishlovchi, qadoqlovchi ko‘plab korxonalar qo‘shilmoqda. Eng muhimi, barcha korxonalar Belgiya, Shveysariya, Avstriya, Fransiya, Germaniya, Turkiya, Xitoy kabi mamlakatlardan olib kelingan zamonaviy, energiya tejovchi uskuna va jihozlar bilan ta’minlangan. Lo‘nda ifodalaganda, mamlakatimizning barcha xalqlari kabi urgutliklar ham o‘z uyi – Urgutni yanada ko‘rkam, yanada muhtasham qilish yo‘lida astoydil mehnat qilishmoqda.
Vatan ichidagi Vatanim! Bobom, momom, otam, enam, akalarim mangu qo‘nim topgan muqaddas tuproq – Urgutda bugun tarixiy evrilish jarayonlari davom etmoqda.
Katta-yu kichik bilagini shimarib, belini yanayam mahkamroq bog‘lagan. Orzulari osmon qadar yuksalib, bog‘lari nurga to‘ladigan zamonlar kelganini mukammal anglab turishibdi ular. Ular aziz maskanni O‘zbekiston Shveysariyasiga, Las-Vegasiga aylantirish ishtiyoqida.
Rossiyadagi “Sovkombank” bosh tahlilchisi Mixail Vasilev O‘zbekistonni “Markaziy Osiyoning yangi yo‘lbarsi”, debdi. Dunyodagi nufuzli nashrlardan yana biri Forbesda esa taniqli jurnalist Malik Kaylan yozibdiki: “Shavkat Mirziyoyev Prezident bo‘lganidan so‘ng O‘zbekistonda hayratli darajadagi o‘zgarishlarni amalga oshirdi”. Shunday fidoyi karvonboshing bor ekan, Urgutim, sen hademay jahonning go‘zal, odamlari baxtli, farovon yashaydigan makoniga aylanasan. Sening alpona qudratingga hamma ishonadi. Ishonmaydiganlar bo‘lsa, omon bo‘lsinlar ular ham. Omon bo‘lsinlar va sabr bilan kutsinlar, kuzatsinlar, tomosha qilib tursinlar. Nurlanib, jilolanib borayotgan Urgut bog‘larining shavqu latofatiga guvoh bo‘lish ularga ham nasib etadi, albatta. Kabiru kibriyo kunlar ko‘pam uzoq emas.
Zotan, Prezidentning kechagi tashrifidan so‘ng, “Urgut” EIZi ulkan xoldingga aylanadigan bo‘ldi. Xalq bildirilgan yuksak ishonch uchun o‘z yo‘lboshchisini alqayotir. O‘z Prezidentining ishonchini oqlash uchun qalqayotir. Bu qalqinishlar qoshida bo‘ronlar hechdir, to‘zonlar hechdir, dovullar hechdir.
– Yaxshi bilasiz, men umri maktab-maorif ichida o‘tayotgan keksa muallimman, – deydi Quddus o‘rtog‘im. – Bir ziyoli sifatida atrofda, dunyoda bo‘layotgan voqea-hodisalarni baholi qudrat kuzatib kelaman. Sho‘ro zamonida Brejnevidan Gorbachevigacha bo‘lgan rahbarlarni ko‘rdik. Hozir ham davlat boshliqlari faoliyatiga bee’tibor emasman. Va, qiblaga qarab aytamanki, o‘zimizning Prezidentday mehnatkash rahbar olamda bo‘lmasa kerak! Rossiya Prezidenti Putin janoblari ham bizga taassub qilib, endi-endi selektor yig‘ilishlari o‘tkazishni boshladi. Lekin hayron qolasanki, shunday karvonboshining qadriga yetmaydigan, yumushlarimizni mensimay, pach urishga tirishadigan kimsalar bor ekan. Ijtimoiy tarmoqlarda goh-goh ko‘zim tushganda, to‘g‘risi, ichim achiydi, rahmim keladi o‘shalarga.
Rostini aytaymi, Urgutda Uchinchi Renessans boshlanib ketdi. Faqat shiddatli o‘sishlar qurshovida o‘zimiz sezmayapmiz hali buni.
Do‘stimning xulosalarida chin haqiqat mujassamdek tuyuldi menga. Faqat, rostdan ham sershiddat yumushlar to‘fonida o‘zimiz anglamayotgan bo‘lishimiz mumkin.
Ammo bu – Urgut jannatiy manzilga aylanib ketdi, degani emas. Unday emasligini yaxshi bilamiz. Yaxshi bilamiz: tumanda ko‘zlari to‘rt bo‘lib yechimini kutib yotgan muammolar hali-hozircha oz emas. Ularni hal qilmoq uchun qancha kuch, qanchadan-qancha mablag‘ zarurligi ham ayon haqiqat. Ammo, Cho‘lpon aytganidek, “Xalq to‘lqindir...”. To‘lqin esa yo‘lidagi to‘siqlarni pisan qilmaydi, yuvib tashlaydi, oqizib ketadi.
Qisqa safardan qaytayotib, Darg‘om ko‘prigidan o‘tgandan so‘ng, yo‘l chetidagi tepalikka chiqib, olam-jahon taassurotlar og‘ushida bir muddat Urgutimga tikilib o‘tirdim. Va, beixtiyor:
- Nurga to‘lsin, bog‘laring, Urgut! - deya hayqirgim kelib ketdi.
Abdusaid KO‘ChIMOV,
yozuvchi.