Nurobodning Mehr qishlog‘iga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi

Bugun 29 noyabr kuni Zarnews.uz sayti hamda telegram kanalida “Nurobodning Mehr qishlog‘i aholisi transport idoralarining mehriga muhtoj” nomli maqola e’lon qilingandi.

Nurobod tumani hokimligi vakillari hamda viloyat transport boshqarmasi tuman bo‘limi vakillari tomonidan mazkur murojaat atroflicha o‘rganib chiqildi.

Mehr qishlog‘i bilan tuman markazigacha bo‘lgan masofa 27 kilometrni, Samarqand shahrigacha esa 102 kilometrni tashkil etadi. Bugungi kunda “O‘rtabo‘z-Nurobod-Samarqand” hamda “Olg‘a-Nurobod-Samarqand” yo‘nalishidagi jamoat transportlari qatnovi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Chorvador MFY hududidagi Mehr qishlog‘i aholisi uchun jamoat transportlari qatnovi yo‘lga qo‘yilmaganligi aniqlandi.

Qishloq aholisining jamoat transportiga bo‘lgan talab va ehtiyojidan kelib chiqib, joriy yilning 2 dekabr kunidan boshlab, “Mehr-Nurobod-Samarqand” yo‘nalishida “OqsoyTrans” MChJga qarashli avtobuslar qatnovi sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilamiz.

Nurobod tumani hokimligi axborot xizmati.