Odam savdosiga qarshi kurashish yangicha uslubda tashkil etiladi
Viloyat hokimligida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan o‘quv-seminar tashkil qilindi.
Unda milliy komissiya vakillari, viloyat, tuman va shahar hududiy komissiyalari a’zolari hamda sohaga aloqador korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2019 yil 30 iyuldagi «Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil qilindi va uning tarkibi tasdiqlandi.
Milliy komissiya Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha hamda Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyalardan iborat.
Kichik komissiyalarga tegishliligi bo‘yicha Milliy komissiya raisi o‘rinbosarlari hisoblangan Ichki ishlar vaziri hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarlik qiladi.
Davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda NNTlarning odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish Milliy komissiyaning asosiy vazifalaridan etib belgilangan.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimlari odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy komissiyalarga rahbarlik qiladi, - deydi Ichki ishlar vazirligi vakili Ulug‘bek Ernazarov. – Komissiya o‘rinbosari va kotibi esa ichki ishlar boshqarmasida faoliyat olib boradi. Joylardagi komissiyalar faoliyatini o‘rganganimizda bu ikki idorani bog‘lab turish, ular o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish tizimi yaratilmaganligi kuzatildi.
Yig‘ilish davomida joylardagi hududiy komissiyalar faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Shuningdek, mavjud holat tahlil etilib, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi.
Odam savdosidan jabrlanganlarning keyingi taqdiriga befarq bo‘lmaslik yuzasidan fikrlar bildirildi. Ularni kelgusida muqim ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun davlat dasturlari asosida moliyaviy yordam berish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda hududiy komissiyalar faoliyatida uchrayotgan muammoli masalalar o‘rganilib, ularning takliflari umumlashtirildi.
Yo.GADOYeV.