Odamlar ko‘proq koronavirusga qarshi noto‘g‘ri davolanganidan vafot etyapti
Bu haqda Samarqand viloyat "Matbuot uyi"da Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Abdurahmon Qayumov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davron Jumaniyozov hamda Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor Jasur Rizayev ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytildi.
Shuningdek, matbuot anjumanida bugun viloyatimizdagi koronavirus bilan kasallangan bemorlar ahvoli, aholining virusga qarshi o‘zbilarmonlik bilan davolanish holatlari chiqarayotgan asoratlar, ambulator sharoitda bemorlarni davolashning yangi yo‘riqnomasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
- Koronavirus infeksiyasi tibbiyotda yangi kasallik bo‘lganligi uchun, xalqimiz orasida tushunmovchilik, vahima paydo bo‘lyapti, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Abdurahmon Qayumov. – Bugun aholi orasida “Menda infeksiya alomatlari bo‘lsa nima qilaman?”, “Qayerga murojaat qilaman?”, degan sarosima bor. Bu borada aholiga keng tushuncha berish, kasallikning ilk alomatlarida qanday chora ko‘rish, uy sharoitida kasallikni davolash bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasi asosida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yangi yo‘riqnoma tasdiqlandi. Unda qadamma-qadam kasallik alomatlarini o‘zida sezgan kishi dastlab qanday choralar ko‘rish kerakligi batafsil tushuntirib berilgan.
Bugun aholi orasida vahimaga berilish, uning ortida noto‘g‘ri davolanish holatlari afsuski uchrab turibdi. Afsuski, o‘lim ko‘rsatkichlari ham aynan o‘zboshimchalik bilan davolanayotgan bemorlar orasida ko‘paygani statistik tahlillarda ma’lum bo‘lmoqda.
- 4 oylik tajribadan kelib chiqib, olimlarimiz yangi davolash usulini, yo‘riqnomani taqdim qildi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davron Jumaniyozov. - Olingan tahlillar, muolajalar, kasallik keltirib chiqargan asoratlar o‘rganilib, mazkur yo‘riqnoma sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlandi. Yangi davolash usuli barcha klinikalarga tarqatildi. Matbuot anjumanidan maqsadimiz yangi davolash usulini xalqimizga yetkazish. Yo‘riqnomada ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan gidroksixloroxin dori vositasi qo‘llanilishi belgilangan. Xo‘sh, nega? Chunki bu virusga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladigan preparatning o‘zi yo‘q. Gidroksixloroxin azitromitsin bilan birga yaxshi samara berdi. Shuningdek, vitamin D, S, sink va ko‘proq suv va azitromitsin dori vositasi kasallikning yengil shakllarida tavsiya qilinadi.
Bugun O‘zbekiston bo‘yicha 100 mingta alohida aptechkalar tarqatilyapti. 4 mingtasi Samarqandga yetib keldi. Ularni poliklinikalarga tarqatdik. Viloyatimizdagi 5 shifoxonada davolanayotgan bemorlarning 143 nafari koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan, qolganlar noto‘g‘ri davolanish oqibatida kelib chiqqan asoratlar asosida davolanyapti.
Matbuot anjumanida mutaxassislar jurnalistlar savollariga batafsil javob qaytardi.
Nasiba Jonto‘rayeva.