Odamlar nega boqimanda bo‘lib qolmoqda?
Oramizda hamma narsani davlat yoki hokimiyat qilib berishi kerak, deb o‘ylaydigan va ularga suyanib yashayotganlar topiladi. Hozir zamon o‘zgaryapti, texnologiyalar rivojlanyapti. Shunga qarab jamiyat ham, odamlarning dunyoqarashi va intilishlari ham o‘zgarishi kerak. To‘g‘ri, hamma ham kosasini ko‘tarib, davlatga ko‘z tikib turgani yo‘q. Kimdir o‘qish yoki oilasini boqish uchun xorijga ketyapti, birov arava surib, ro‘zg‘or tebratyapti...
Ammo jamiyatda befarqlik, ijtimoiy mas’uliyatsizlik, boqimandalik holatlari ko‘p uchramoqda. Misol uchun, uy oldida chiqindi to‘plansa, nega men tozalayman, ko‘chamizni ta’mirlash kerak bo‘lsa, nega biz qilamiz, deymiz. Mas’uliyatdan qochamiz, uni kimgadir yuklashga urinamiz yoki kimdir qilib berishini kutamiz. Men ham shu jamiyatda yashayapman, uning bir bo‘lagiman, uni yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun harakat qilishim kerak, degan fikr bizga begona bo‘lib qolgandek go‘yo. Xo‘sh, ayrim odamlarning boqimanda bo‘lib qolishiga nima sabab bo‘lyapti, uning oldini olish uchun nima qilish kerak? Quyida ekspertlar bu haqda fikr bildirishdi.
Musulmon odam boqimanda bo‘lmaydi
Toshmuhammad Abilov, Ishtixon tumani bosh imom xatibi:
- Tarixda payg‘ambarlarning hammasi biror kasb bilan shug‘ullangan. Jumladan, Muhammad salallohi alayhi vasallam savdogar, Nuh alayhissalom usta, Dovud alayhissalom temirchi, Zakariyo alayhissalom duradgor bo‘lgan. Odamlar ham doim biror kasb bilan shug‘ullanishga buyurilgan.
Kitoblarda yozilishicha, bir yigit masjidga erta-yu kech o‘tirib qolibdi. Payg‘ambarimiz “Bu yigit kim”, deb so‘rabdilar? Yigit masjidda o‘zini ibodatga bag‘ishlaganini aytishibdi. “Buni bola-chaqasi yo‘qmi, ularning rizqini kim beradi”, deb so‘rabdilar. Yigitning bola-chaqasi bor, ularning rizqini yigitning akasi berib turadi, deb javob qaytarishibdi. Shunda Payg‘ambarimiz “Bu yigitdan uning akasi yaxshiroq ekan, musulmon odam boqimanda bo‘lmaydi” degan ekanlar.
Keyingi paytda jamiyatimizda biror ishning boshini tutmagan, boqimandalar ko‘payib bormoqda. Juma kuni masjidga bir yigit muhtojlarga pul berilyapti ekan, saratonga chalinganman, menga ham yordam beringlar, doriga pul kerak deb keldi. To‘g‘risi, baquvvat, ko‘rinishi durust bu yigitning gapi hammani hayron qoldirdi. Surishtirsak, bemor emas, hech bir muhtojlik joyi yo‘q. Ishlagisi kelmaydi, bu uning uchun oson pul topish yo‘li, ya’ni firibgarlikni kasb qilgan ekan.
Oramizda boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron yoki yolg‘izlar bor. Ularga davlat tomonidan tegishli tartibda yordam ko‘rsatilmoqda. Biroq to‘rt muchasi sog‘, o‘ziga to‘q bo‘lsa ham tilanchilikni kasb qilgan, bersang yeyman, ursang o‘laman qabilida davlatdan yordam oladigan boqimandalar ularning haqqiga sherik bo‘lishdan qo‘rqmayapti. Dinimizda bir kunlik oziqasidan ko‘p taomi bo‘lgan inson miskin, faqir hisoblanmaydi, unga sadaqa berish haromdir deyilgan. Davlat tomonidan imkoniyati cheklangan, yetim va muhtojlar uchun tayinlangan yordamni o‘ziga to‘q kishilarning olishi ularning haqqini yeyish bilan teng.
Payg‘ambarimiz aytdilarki, kim tilanchilikdan bitta eshik ochadigan bo‘lsa, Alloh unga faqirlikdan yetmish eshikni ochadi. Shuning uchun oilada farzandlarimizga o‘rnak bo‘lib, halol luqma yedirib, to‘g‘ri tarbiya bersak, musulmon odam biror kasb bilan shug‘ullanib, halol rizq topishi vojibligini o‘rgatsak, diyonatli farzandlar tarbiyalagan bo‘lamiz.
Qo‘ldan berganga qush to‘ymaydi yoxud insonga e’tibor kerak
Mirzo Ixtiyorov, jurnalist:
- Keyingi paytlarda ayrim odamlarning boqimanda bo‘lib borayotganligi haqidagi gaplar tez-tez quloqqa chalinib turibdi. Shunday odamlar ham borki, qo‘lini sovuq suvga tekkizmasdan yoki ostona hatlab ko‘chaga chiqmasdan turib biror ehtiyoji, kami-ko‘sti bo‘lsa barchasini davlat, mahalliy hokimlik qilib berishi kerak deb hisoblaydi. Xo‘sh, bu holat qanday yuzaga keldi?
To‘g‘ri, keyingi paytlarda fuqarolar murojaatlariga bo‘lgan e’tibor tubdan o‘zgardi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Bu jarayonda mutasaddi rahbarlar mahallalarga borib, uyma-uy yurishni, odamlarni qiynayotgan muammoli masalalar bilan qiziqishni boshladi. Haqiqatan ham “qo‘li kalta”, kuni o‘tishi uchun biror ishni boshlay olmayotganlar ham aniqlanyapti. Ularga ozgina yordam ko‘rsatilsa, deylik, ishini boshlab olishi uchun imtiyozli kredit yoki subsidiya ajratilsa, qaysidir faoliyat turini boshlashiga turtki berilsa yetarli. O‘z “aravasini tortib” ketayotganlari ham bor. Bunday kishilarga baliq emas, qarmoqni bersangiz bo‘ldi, aslida.
Ammo, davlat idoralarining xalqqa xizmat qilishi asnosida shunday toifa odamlar shakllandiki, ularni ko‘rib yoqa ushlaysiz, xolos. Doimiy ravishda fuqarolar murojaatlari bilan ishlashimizga, viloyat sektor rahbarlarining sayyor qabullarida ishtirok etishimizga to‘g‘ri keladi. Ana shu qabullarga keladigan ayrim kishilarni tanib ham qolganman. Ularni oddiygina qilib “dejurniy” deb qo‘ya qolamiz.
Ana shunday sayyor qabullarning birida viloyatimiz tumanlaridan birida yashovchi ayol “Tuman hokimi menga yordam bermayapti”, “Ayollar daftari”ga kiritmayapti. Menda uning qasdi bor”, dedi. Sektor rahbari tomonidan holatni xolis o‘rganish va xulosamizni berish tavsiya etildi biz, jurnalistlarga. Oradan bir muddat o‘tib, o‘sha tumanga haqiqiy holatni o‘rganish, ayolning yashash sharoiti bilan tanishish, mahalliy hokimlik tomonidan nega unga yordam ko‘rsatilmayotganligiga aniqlik kiritish maqsadida ijodiy guruh yubordik.
Ma’lum bo‘ldiki, murojaat qiluvchi ayolga bir emas, ikki emas, bir necha marta moddiy yordam ko‘rsatilgan ekan. “Bechora ayol” ikki qavatli namunali loyiha asosida qurilgan yangi binoda yashar, uyining yonida esa u kishiga qarashli bo‘lgan savdo do‘koni ham bor ekan.
Holbuki, bugun qanchadan qancha bemor, yakka-yolg‘iz, davlatning yordamiga haqiqatda ehtiyoji bo‘lgan odamlarimiz bor. Yuqoridagi ayolga o‘xshagan “navbatchi murojaatchi”lar vijdoni uyg‘onib, shu haqda o‘ylab ko‘rsalar, davlat idoralari vakillari esa odamlarni kambag‘allikdan chiqarish, ularga moddiy yordam ko‘rsatish borasidagi ishlarni amalga oshirishda haqiqiy ehtiyojmandlarni to‘g‘ri tanlasalar yaxshi bo‘lardi.
Ayrim hollarda mas’ullarning o‘z qabuliga kelgan yuqoridagi kabi “shartakilik” qilib, odamlarni e’tiborini tortgan holda uyalmasdan “dod-voy” qiladiganlarga e’tibor qaratib, uni tinchitish maqsadida qo‘ygan talablarini muntazam bajarib kelayotganligi ham “ber-ber” deyishdan to‘ymayotgan “boqimanda”lar sonining ortishiga sabab bo‘layotgandir, ehtimol! Qolaversa, “Qo‘ldan berganga qush to‘ymas”, degan naql bor xalqimizda. Shuning uchun, avvalo, odamlarimizni mehnatga o‘rgatsak, “qora qozon”i har kuni qaynab turishi uchun kasbga yo‘naltirsak, davlat uchun ham, jamiyat uchun foydadan xoli bo‘lmaydi.
Yana bir jihat. Yuqoridagi fikrlar orqali murojaat bilan keladiganlarning hammasi ham boqimanda bo‘ladi, davlatdan biror narsa undirish ilinjida yuradi, demoqchi emasmiz. Tanganing ikkinchi tomoni bo‘lganidek, ba’zi hollarda davlat idoralari vakillarining ham fuqarolar murojaatiga e’tiborsiz qarab, ularning murojaatlarini soxta dalolatnomalar tuzgan holda yopib yuborishlari haqida ham eshitib qolamiz. Aslida, kasallik yoki ro‘zg‘ordagi yetishmovchiliklar sabab moddiy ko‘mak yoki imtiyozli davolanish uchun murojaat qiladiganlar ham bor. Ular ming bir istihola bilan, noilojlikdan yordam so‘raydi. Afsuski, mana shunday holatlarda mutasaddilar tomonidan qilingan murojaatning e’tiborsiz qoldirilishi yoki fuqarolarni mujmal va’dalar bilan ortga qaytarilishi ularda davlat idoralariga, mansabdor shaxslarga bo‘lgan ishonchning so‘nishiga olib keladi.
Insonga ko‘p narsa kerak emas, ozgina e’tibor berilsa bas. Hech bo‘lmaganda ularning dardiga sherik bo‘lib, murojaatini tinglash, masalaning yechimi yuzasidan to‘g‘ri tavsiya va yo‘nalish berishning o‘zi ham yetarli bo‘ladi ba’zida.
Boqimandalik xarakter emas, u oilada shakllanadi
Suyun Karimov, professor:
- Odam borki, to‘q, farovon yashashni istaydi. Ammo bunday hayot kechirishning yagona yo‘li halol mehnat ekanligini hamma ham anglab yetavermaydi. Negaki, oilada bolalikdan mehnat qilishga, halol rizq terishga o‘rgatilmaydi. Aksariyat ota-onalar farzandini juda erka, taltaytirib, aytganini muhayyo qilib tarbiyalaydi. Yana shunday toifadagi ota-onalar borki, biror ishning boshini tutmaydi. Kuni davlatdan yordam so‘rash, hokimiyat eshigida sarg‘ayish bilan o‘tadi. Hatto, farzandlarini, ularning tarbiyasini qarindoshiga ishonib, o‘zi xorijga ketayotganlar ham topiladi oramizda. Endi o‘ylab ko‘ring, bunday ota-onalardan farzandlari nimani o‘rganadi, qanday tarbiya oladi, ular kelajakda kim bo‘lib yetishadi-yu, katta hayotga qanday qadam qo‘yadi?
Kasbim o‘qituvchi bo‘lgani uchun yaxshi bilaman. Bola maktabga “suyagi qotgan” holda keladi. Ungacha tarbiyasi, dunyoqarashi oila muhitida shakllanib bo‘lgan bo‘ladi. Maktabda, litseyda, texnikumda, oliy o‘quv yurtida bolaga asosan ta’lim beriladi. Bu dargohlarda beriladigan tarbiya, mahalla ahlidan olinadigan ibrat esa oilada berilgan tarbiyaga qo‘shimcha bo‘lishi mumkin, xolos. Agar boshlang‘ich tarbiya poydevori loydan yasalgan bo‘lsa, uning ustiga qanday qilib pishiq g‘ishtdan sifatli imorat qurish mumkin?
Oilada farzandlarimizga o‘rnak bo‘lib, mehnatsevarlikni, kitob o‘qishni, to‘g‘ri yashashni o‘rgatsak, bola hayotining keyingi bosqichlaridagi tarbiyani hazm qila oladi, uni ta’lim bilan uyg‘unlashtirib, boyitib boradi. Qolaversa, kelajakda dangasa, ishyoqmas, ota-onasining nafaqasiga ko‘z tikib, boqimanda bo‘lib o‘tirmaydi. Ulug‘ adib G‘afur G‘ulomning “Hasan kayfiy” hikoyasida aytilganidek, “aql va mehnat omon bo‘lsa”, sog‘lom fikr tantana qiladi. Sog‘lom fikrlaydigan insondan esa o‘ziga ham, jamiyatga ham faqat manfaat keladi.
“Oltin baliqcha” ertagini bilmagan odam bo‘lmasa kerak. Teshik tog‘orasi butun bo‘lishini umr bo‘yi orzu qilgan kampir omadga yuz tutdiyu, malikaga aylandi. Afsuski, noshukrligi uchun yana teshik tog‘orasi bilan qoldi. Aytmoqchi bo‘lganim, hozirgi tinch, farovon kunlarimizga shukr qilib, boqimandalik kayfiyatidan voz kechib, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz, farzandlarimizni o‘qitib, ilmli, hunarli, xalqimizga foydasi tegadigan insonlar qilib tarbiyalashimiz kerak.
Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Xalqimiz yaxshi yashashini, rivojlangan davlatlar qatoriga chiqishni istaymiz. Lekin hech kim mehnatsiz, mashaqqatsiz natijaga erishmagan, erisholmaydiyam! Prezident kelib yo‘nalish beradi, vazifa qo‘yadi. Ularni kim amalga oshiradi? Odamlar qachon uyg‘onadi? Biz ancha narsada kechikkanmiz. Agar endiyam uyg‘onmasak oldimizga qo‘ygan katta maqsadlarimizga yetolmaymiz. Birov kelib biz uchun hech narsa qilib bermaydi”.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.