Odamlar turmushi o‘zgarib, hududlar qiyofasi yaxshilanadi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘ttiz beshinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani viloyat hokimi, Kengash raisi E.Turdimov boshqardi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari A.Shukurovning davlatimiz rahbarining joriy yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisoboti eshitildi.

Qishloqlar qachon obod bo‘ladi?

Dasturga asosan 212 kilometr ichimlik suv tarmoqlari hamda 34 ta suv inshootlari qurilishi rejalashtirilgan. Olib borilgan monitoring natijalariga ko‘ra, amalda 49,3 kilometr (23 foiz) tarmoq qurilib, 1 ta (3 foiz) suv inshooti o‘rnatilgan. Shuningdek, Urgut tumani Vatkan-Qo‘zibek, Payariq tumani Bahrin qishlog‘ida tarmoq tortish ishlari boshlanmagan.

Bundan tashqari, dasturdagi 90 ta ob’yektda 91 milliard so‘mlik 292,8 kilometr uzunlikdagi tarmoq va 37 ta inshootni qurish va rekonstruksiya qilish hanuz boshlanmagan.

Viloyatda dasturga asosan bugungi kunga qadar 70,9 kilometr (62 foiz) asfalt va 196,8 kilometr (73 foiz) qum-shag‘al yotqizilgan. Shuningdek, Nurobod tumani Nurbuloq qishlog‘ida 4 kilometr, Sh.Yulduzi qishlog‘ida 4,8 kilometr (160 foiz) va Ishtixon tumani Ravot qishlog‘ida 4,5 kilometr, Toytuyoq qishlog‘ida 3 kilometr (100 foiz) amalga oshirilgan.

Ijtimoiy sohada 51 ta (86 foiz) ob’yektda ishlar boshlangan, 11 milliard so‘m (12 foiz) moliyalashtirilgan va 5,2 milliard so‘mlik (6 foiz) qurilish-montaj ishlari bajarilgan. Biroq 8 ta ob’yekt bo‘yicha (4 ta maktab va 4 ta maktabgacha ta’lim) tender savdolari yakunlanmagan.

Viloyatda 9 ming 161,3 kilometr gaz tarmog‘i bo‘lib, shundan 1 067,8 kilometri yuqori bosimli, 2 ming 335 kilometr o‘rta bosimli va 5 758,5 kilometr past bosimli. Mavjud tarmoqdan 10,6 kilometr qismi ta’mirtalab. Shu bois dastur asosida 13,8 kilometr (184 foiz) tarmoq, 27 ta (93 foiz) gaz taqsimlash punkti (GRP) va aholiga 2 ming 740 ta (100 foiz) gaz balloni tarqatildi.

Ammo dastur doirasida Past Darg‘om tumani To‘rttom qishlog‘ida 5 ta gaz taqsimlash punkti (GRP) o‘rnatilmagan.

Umuman, 2021 yilda viloyatning 717 ta qishloq va 198 ta mahallaning arxitektura qiyofasini yangilash va hududlarini obodonlashtirishga 1 805 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Jumladan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 28 ta qishloq va 4 ta mahalla arxitektura qiyofasi yangilanib, hududlari obodonlashtiriladi.

Elektr ta’minoti yaxshilanadi(mi?)

Sessiya ishida “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati direktori G‘.Mamatqulovning viloyat aholisini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida olib borayotgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanishicha, viloyat iste’molchilariga Navoiy, Sirdaryo va Talimarjon issiqlik elektr stansiyalaridan 139 ta 35-110 kV podstansiya, 27 ming 695,6 kilometr 0,4-110 kV elektr uzatish tarmoqlari hamda 11 ming 315 kilometr 10/0,4-6/0,4 kV transformator punktlari orqali elektr energiyasi yetkazilmoqda.

 “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” AJ tasarrufida bo‘lgan 25 ming 304,7 kilometr elektr tarmog‘i va 11 ming 315 ta transformator punkti bor. Bugungi kunda 6 ming 106 kilometr (24 foiz) 0,4-6-10 kV kuchlanishli elektr tarmog‘i va 3 ming 851 ta (34 foiz) transformator punkti jismonan eskirgan.

- Aholini elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, uzluksizligi va yuqori sifatini ta’minlash masalasi kun tartibidagi dolzarb masalalardan ekanligi hech kimga sir emas, - dedi G‘.Mamatqulov. – Shu bois mavjud holatdan kelib chiqib, tizimda ahvolni o‘nglash bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, viloyatda 200 mingdan ortiq yaroqsiz holga kelgan yog‘och ustunlarni 2030 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida bosqichma-bosqich almashtirish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqildi.

Birgina yil yakuniga qadar 987,1 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 218 ta transformator punktini o‘rnatish bo‘yicha kunlik, oylik va choraklik grafiklar ishlab chiqilgan.

Hech bir masala shunchaki o‘tkazilmadi

Sessiya davomida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Zakirov Prezidentimizning “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisobot berdi.

Qayd etish lozimki, ijtimoiy tarmoqlar orqali jonli uzatilgan sessiya ishida hech bir masala nomiga ko‘rib chiqilmadi. Deputatlarga o‘z hududi, saylovchilari manfaatlaridan kelib chiqib ketma-ket savollar berib, aniq asoslantirilgan javob oldi.

Deputatlar viloyat hokimligi boshqaruv apparatining tashkiliy tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi masalani ham ko‘rib chiqdi. Shuningdek, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish ham ham atroflicha muhokama qilindi.