«O‘g‘limga kitob oldim…» Buning uchun ota-onada mutolaa, asar o‘qish ko‘nikmasi bo‘lishi lozim
Biz tajribali pedagoglar bilan maslahatlashib, «Maktabgacha ta’lim muassasasi kutubxonasi» masala yechimiga yordam beradi, degan xulosaga keldik. Moddiy va pedagogik tajribasi yaxshi bo‘lgan 4, 5, 6, 22, 27, 28, 30, 32-MTMlarda shunday kutubxona ochyapmiz.
Bu kutubxonada ota-onalar uchun ham kitoblar bo‘ladi. Nafaqat tarbiya qilish bilan bog‘liq darsliklar, balki badiiy asarlar ham qo‘yiladi. Vaqt topib, ota-onalar bilan ba’zi asarlarni muhokama qilamiz. Toki ular o‘z farzandlariga kitobning mazmun-mohiyatini aytib berishni o‘rganishsin. Shu asnoda ularda farzandi uchun kitob tanlay bilish ko‘nikmasi paydo bo‘ladi.
Darvoqe, biz o‘zaro muloqotda ota-onalarga farzandiga kitob olishida do‘konga o‘g‘il-qizlarini birga olib borishlarini tavsiya etamiz. Bog‘chalarda esa «Farzandimga kitob sovg‘a qilaman» shiori ostida kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etishni rejalashtiryapmiz.
Baxtigul ASROROVA,
Oqdaryo tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasi.