“Olis-olislarda yig‘lar Qo‘shrabot”

yoxud jangchi Ochil QODIR o‘g‘li – Sebistonning botir o‘g‘li

 

(xotira-hikoya)

 

1941 yil. Yozning quyosh eng uzoq chiqib turadigan kunlari. Barcha ellar qatori Sebistonliklar ham o‘z halovatini yo‘qotgan. Bilagi kuchga to‘lgan yigit borki, Vatan himoyasiga otlandi. Oqtov etaklarida suruv-suruv qo‘ylarini haydab, qo‘shiq xirgoyi qilib yurgan kamsuqum cho‘pon yigit Ochil ham boshiga ro‘zg‘or tashvishi tushar-tushmas, qo‘ychivonlik tayog‘ini qurolga almashtiradigan bo‘ldi... 

Katta eshelon Mag‘rib sari pishqirib borar, minglab o‘g‘lonlarning yuraklari poyezd g‘ildiraklarining taraq-turug‘iga monand g‘azabnok, betartib urardi. Bu temir karvonning manzili esa – mash’um urush domida qolgan Belorus o‘lkasi edi. 

Oddiy askar Ochil Qodirov qo‘l pulemyotchi-navodchigi bo‘lib, jangovar xizmatini boshladi. 

Tevarakda ezg‘in manzara – o‘lim ko‘lankasi kezib yurgan vayrona shahar... Yonayotgan tank, ko‘kka o‘rlagan achimsiq tutun, yer bilan yakson uylar, yetim qolgan go‘daklar chinqirig‘i Ochilga uyqu bermadi. Ayniqsa, ko‘z oldida yelkadosh do‘stlarining jon taslim qilishlari qalbini larzaga keltirdi. 

U o‘zini qo‘lga oldi va o‘lim nimaligini unutdi. Rost-da, birgina daydi o‘q butun boshli inson hayotiga nuqta qo‘yadi. Bu urush. Bunda inson uchun o‘lishdan osoni yo‘q. O‘lmoq oson ekan deb, hamma halok bo‘laversa, dushmanni kim yengadi. Ochil shuncha olisdan bu o‘lkalarga o‘lish uchun emas, jang qilish, g‘animni yer tishlatish, Vatanni yovdan himoya etish uchun kelgan. Axir o‘limdan qo‘rqishning o‘zi o‘ldim degani-ku. Ochilning joni bor ekan, u jang qilaveradi, yashayveradi... O‘lishga esa ulguradi. Bergan omonatini vaqti-soati kelib, Yaratganning o‘zi qaytarib oladi.

Jangchi yigitning mardona ruhiyatiga ona yurt, qondoshlar, suyukli yor sog‘inchi, kelajakning baxtu kamoli kabi munavvar tuyg‘ular butun urush davomida hamroh bo‘ldi. Undagi metin iroda ham, ehtimolki, shunday otash tuyg‘ular taftida toblangandir... Axir, besh marta og‘ir yaralansa-da, har gal o‘limni dog‘da qoldirib, yana jangga shay turishi shundan dalolat emasmi?!

Markaziy Belorussiya fronti, Boltiqbo‘yi, Moskva hamda Polshada kechgan qirg‘inbarot janglarda ketma-ket jasoratlari tufayli ikkita “Qizil Yulduz”, 3-darajali “Shuhrat”, “Jasorati uchun” kabi orden va medallar Ochil Qodirovning ko‘ksini to‘ldirib bordi.

1944 yil, 3 sentyabr. Gitlerchi fashistlar tobora chekinib borar edi. Qardosh Polsha diyorini dushmandan xalos etish topshirig‘ini olgan qo‘shin safida Ochil ham mardonavor jang qildi. Dushman Narev daryosining narigi sohilida pisib yotar, bu qirg‘oqda bizning jangchilar hujum uchun qulay vaziyat vujudga kelishini poylardi. Shunda Ochilning miyasida “qayiq yasayman”, degan fikr chaqnadi. Uning biroz o‘jarroq fe’lini safdoshlari darrov tushunadigan bo‘lib qolganlari bois, hech kim undan nima qilyapsan, deb so‘ramadi. Ochil o‘zi yasagan qo‘lbola qayiqqa pulemyotini ortib, o‘ta sergak va ildamlik bilan narigi sohilga suzib o‘tdi. O‘sha yerdagi eski tosh saroyga kirib olishga muvaffaq bo‘ldi va qo‘l pulemyoti bilan qulay o‘rnashib oldi. Har qancha ehtiyot bo‘lmasin, Ochilning harakatlarini dushman payqab qolgan ekan. Ularning o‘ziyurar to‘plari Ochil tomonga kela boshladi. Masofa 100-150 qadam chamasi qolganda Ochil qo‘qqisdan o‘t ochib, o‘ziyurar to‘plardagi gitlerchi desantni qira boshladi. Ancha sarosimaga tushib qolgan dushman chekinishga majbur bo‘ldi. Bu qulay fursatdan foydalangan jangchilarimiz ham daryodan suzib o‘ta boshladilar. Kutilmaganda daryoning chap qirg‘og‘ida, Drozdovo qishlog‘i yaqinida gitlerchilarning qo‘shimcha kuchlari paydo bo‘lib qoldi. Ular Ochilning safdoshlarini orqadan o‘qqa tutishdi. 

Ochilning miyasi tez ishlardi. U pulemyotini yana qayiqqa ortib, chap sohil tomon suzib ketdi. Qulayroq joy topib o‘rnashdi hamda o‘ylab o‘tirmasdan gazandalar pistirmasiga qarata beto‘xtov o‘q uza boshladi. To‘satdan bo‘lgan bu hujumdan dushman dovdirab qoldi. 

Urush urush-da... dushmanning daydi o‘qlari, yonginasida portlagan granata parchalari Ochilni chetlab o‘tmadi. Irodasi kuchli emasmi, tanasi mamataloq bo‘lib ketganiga qaramasdan cho‘pon yigit hujum shiddatini so‘ndirmadi. Shu tariqa quroldosh do‘stlarining daryodan betalofat suzib o‘tishlarini ta’minladi, ammo o‘zi ko‘p qon yo‘qotib hushidan ketdi. Ochil harbiy gospitalda o‘ziga kelgachgina, so‘nggi jangdagi zafar nashidasini his etdi. Uning ruhi yana tetiklashdi va bu mudhish urushga nuqta qo‘yilmaguncha jang qilishga ont ichdi. Biroq vrachlar uning olgan jarohatlari anchayin jiddiyligini aytib, urush maydoniga borishga ruxsat berishmadi. G‘alaba onlari yaqin qolganiligi bois qo‘mondonlik Ochilni o‘z yurtiga qaytarib yubordi...

Sebistonda esa bundan ancha oylar oldin yanglish ma’lumot mahsuli – oddiy askar Qodirov Ochilning qahramonlarcha halok bo‘lganligi haqidagi qora xat qondoshlarni qon yig‘latib, aza ochmoqqa buyurib bo‘lgan edi... 

 

* * *

 

Urush nihoyalab qolgan, Sebistonga yigitlar to‘liq qaytishmagan bo‘lsa-da, hartugul, el ko‘nglidan vahima arigan edi. Inson hammasiga ko‘nikar ekan. Endi xavotir va azoblar chekinib, odamlar to‘ylarni ham boshlab yubordilar. Buni qarangki, o‘ldi deya qora xat kelgan Ochil hech kutilmaganda qishloqqa “soppa-sog‘” kirib kelsa bo‘ladimi?! Yig‘lagan kim-u, shodlangan kim... 

Ochil esa, tug‘ilib o‘sgan Sebiston qishlog‘iga, qondoshlar, yaqinlar davrasiga qaytib, ular bilan yuz ko‘rishish nasib etganidan Allohga hamdu sanolar aytdi. Urushda ko‘rgan azob-uqubatlarni unutish uchun u o‘zining cho‘ponlik tayog‘ini qo‘lga oldi va yana davlatning qo‘ylarini boqa boshladi. O‘zlashtirilmagan yerlarga bug‘doy ekdi, ko‘chatlar o‘tqazib, bog‘ yaratdi. Axir, u mehnatsiz yashay olmasdi. 

Go‘dakligidan akasi To‘lak Qodirov qaramog‘ida qolgan Ochil bu oilaning o‘z farzandidek edi. Yangasi, ya’ni To‘lak boboning xotini Adil momo ham unga mehribon bo‘ldi. Aslida Ochilning o‘zi judayam ochiqko‘ngil, kamtarin, sodda, ammo jasur va ayniqsa, mehnatsevar yigit edi. 

Bir kuni Ochil kamtarinlik fazilatini ozgina buzib qo‘ydi. Shuncha voqealarni ko‘rib ham uning soddaligi, tortinchoqligi qolmabdi. Do‘stlari hamqishloqlari tez-tez yig‘ilishib, u yoq-bu yoqdan suhbat qurishardi. Shunday yig‘inlarning birida yosh-yalang Ochildan urushda ko‘rgan-kechirganlaridan so‘zlab berishini so‘rab qoldi. U bir zum xayolga cho‘mdi. Sodda, samimiy, ochiq yigit emasmi, bor gapni ro‘yi-rost so‘zlab, jindek maqtanib ham qo‘ydi:

– Hali ko‘rasizlar, mening qahramonlik unvonim, orden-medallarim keladi. Men qahramon bo‘lganman! Faqat... hujjatlarimni poyezdda o‘g‘irlatib qo‘ydim. Ochilning bu gaplariga ishongandan ishonmaganlar ko‘p bo‘ldi. Uni masxara qilguvchilar ham toplidi.

– Qahramon bo‘lish kelib-kelib senga qoptimi? Axir, qo‘ylarni ham siz-sizlab haydaysan-ku. 

– Miltiq ushlaganmisan o‘zi? Dushmanning, hech bo‘lmasa, o‘ligini ko‘rganmiding?

– Falonchi qo‘lidan ajrabdi, falonchi esa bir oyoqda qaytdi. Sen bo‘lsang, to‘rt muchang sog‘, urush hazil bo‘ptimi senga, a?..

Vo ajab, suyaksiz til deganlari rost ekan. Eh, sodda odamlar... Axir fashist to‘dasi qo‘y-qo‘zilar suruvi emas-ku. Nafaqat miltiq, pulemyot, granata ham ushlagan bu qo‘llar. Ne-ne shahid ketgan quroldoshlarning ochiq qolgan ko‘zlarini yumib qo‘ygan ham shu qo‘llar. Nahot, qirg‘inbarot urushda jangchi albatta tanasining biror a’zosidan ayrilishi shart bo‘lsa. To‘g‘ri, bir qarashda Ochilning to‘rt muchasi sog‘. Garchi besh marta yaralangan bo‘lsa ham kuchli irodasi tufayli uning yuz-ko‘zlari tiniq. 

Aslida uning dili vayron, ichidan zil ketgan. Bir tomondan urush dahshatlari yodiga tushib oromini buzsa, boshqa tomondan yanglish xabar qurboni bo‘lgan muhabbati (bu haqda biroz keyin) uchun o‘kinar, buning ustiga bugungi tinch mehnat quchog‘ida orttirgan terlatma xastaligi uning hayoti bilan jiddiy o‘chakishib turardi. Ochil bu dardlarini hech kimga sezdirmaslikka urindi. Ammo, baribir, to‘rt yil urushda yengilmagan cho‘pon yigit o‘zi uchun arzimas bo‘lgan xastalikka hayotini boy berib qo‘ydi. So‘lim Sebiston o‘zining Ochildek mard o‘g‘lonidan ayrildi.

To‘lak bobo va Adil momo o‘z jigarbandlaridan ajrab, uning dog‘ida kuyib kul bo‘lishdi. Eng qayg‘ulisi – Ochildan zurriyot qolmadi. Urushdan oldin Ochilni bir lobar qizga uylantirishgan edi. (Ma’lum sabablarga ko‘ra u qizning ismi sir tutildi. - Q.S.) Urush ayni avjiga chiqqan kunlarning birida, yuqorida aytganimizdek, taqdirning achchiq hazili deymizmi, Ochildan qora xat keldi. Qishloqda unga aza tutildi. Qishloqning o‘sha zamon udumlari hamda og‘ir sharoit taqozasiga ko‘ra, navjuvon kelin ota uyiga qaytarib yuborildi va u tez orada boshqa turmush qurib ketdi. Ochil urushdan qaytgach, negadir boshqa uylanmadi. To‘g‘rirog‘i, uylanishga ulgurmadi. 

Ochilning gaplari rost bo‘lib chiqdi. U hayotdan ko‘z yumgach, oradan yarim yilcha o‘tib, harbiylarga aloqador, o‘ta tartibli begona odamlar, hukumat vakillari qishloqqa kelib, Qahramonlik unvoni, orden va medallarini Ochilning akasiga topshirib ketishdi. Shu kuni butun qishloq qaytadan motam tutdi...

Ha, Qahramon hamyurtimizning jasorati mislsiz edi. El tinchligi yo‘lida ko‘ksini qalqon aylagan Ochil Qodirovdek mard o‘g‘lonlar hamisha e’tirofga va iftixorga munosib. Ularning jasorati ibrat qo‘shig‘i bo‘lib mangu yangraydi. Ushbu hikoyamga mantiqiy yakun o‘rnida ustozim, Qo‘shrabotning ijodkor o‘g‘loni, marhum shoir Ravshan Fayzning Ochil Qodirovni xotirlab yozgan quyidagi she’rini keltirmoqni joiz bildim:

 

Olis-olislarda yig‘lar Qo‘shrabot,

Eli qo‘ychivonsiz qolarku bu yil.

Xirmonda yaylovni sog‘inadi ot,

To‘shiga botadi eskirgan ayil.

 

Olisda bag‘rini tig‘lar Qo‘shrabot,

Sokin dalalari yana ham jim-jit.

Faqat g‘ingshigancha qaydadir bot-bot,

Cho‘zib uvlab qo‘yar bo‘ribosar it.

 

Daryo to‘lqinlari suronli janggoh,

Ijirg‘anib yutar o‘qlarni daydi.

Kimdir po‘rtanaga to‘sh urar nogoh,

Bu o‘sha cho‘ponga juda o‘xshaydi.

 

Suzib borar ekan hammadan oldin,

Qo‘shiqlar aytadi mardonavor, shod.

U aniq ishonar kun kelar oydin, 

Uning qo‘shig‘ini tinglar Qo‘shrabot.

Olis-olislarda yig‘lar Qo‘shrabot.

 

Quvondiq Siddiq

O‘zA